O‘zbekiston | 07:53 / 15.07.2022
4959
2 daqiqa o‘qiladi

Xo‘jakenttepa arxeologiya yodgorligi hududida «dacha» qurilayotgani aniqlandi

Foto: Madaniy meros agentligi

Bo‘stonliq tumani Xo‘jakenttepa shahristoni arxeologiya yodgorligi hududida noqonuniy qurilish ishlari olib borilayotgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda video tarqaldi. Madaniy meros agentligi ushbu murojaat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

Bo‘stonliq tumani «Xo‘jakent» MFYda joylashgan Xo‘jakenttepa shahristoni arxeologiya yodgorligi IX—XII asrlarga oid bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktyabrdagi 846-sonli qarori bilan milliy ro‘yxatdan joy olgan.

Shuningdek mazkur obekt moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obekti sifatida davlat kadastriga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan.

2022 yilning 1 aprel sanasida Toshkent viloyati Madaniy meros boshqarmasi vakillari tomonidan mazkur arxeologiya yodgorligi hududida tegishli ruxsatnomasiz qurilish ishlari amalga oshirilayotgani va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 martdagi 265-sonli qarorning 5-ilovasi talablari buzilgani aniqlangan.

Holat yuzasidan boshqarma mutaxassislari tomonidan shu kunning o‘zida dalolatnoma rasmiylashtirilib, tadbirkorga qurilish ishlarini to‘xtatish haqida ko‘rsatma va ogohlantirish xatlari berilgan.

Bildirilishicha, to‘plangan hujjatlar viloyat prokuraturasiga taqdim etilgan. Bugungi kunda Bo‘stonliq tumani prokuraturasi tomonidan tergovoldi harakatlari amalga oshirilmoqda.