Jahon | 14:11 / 19.07.2022
13051
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya ukrainalik jurnalist Dmitriy Gordonni qidiruvga berdi

Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlar bazasida Dmitriy Gordon qidiruvga berilgani to‘g‘risida tegishli kartochka paydo bo‘ldi. Avvalroq RTQ ukrainalik jurnalistga qarshi uchta modda bo‘yicha ish qo‘zg‘atgan edi.

Foto: Kapital

Rossiya Federatsiyasi rasmiylari bu mamlakatda Rossiya armiyasi haqida feyklar tarqatganlikda ayblangan ukrainalik jurnalist Dmitriy Gordonni qidiruvga berdi. Gordonning kartochkasi 19 iyul, seshanba kuni Rossiya Ichki ishlar vazirligi qidiruvdagi shaxslar bazasida paydo bo‘ldi.

Kartochkada qidiruv jinoyat ishi doirasida olib borilayotgani ko‘rsatilgan, biroq u qaysi modda bilan qo‘zg‘atilgani tushuntirilmagan.

Ukrainada urush boshlanganidan bir necha hafta o‘tgach, Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi Dmitriy Gordonga qarshi uchta modda bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. U urush boshlashga ommaviy chaqiriq, millat bo‘yicha nafrat uyg‘otish va Rossiya qurolli kuchlari haqida feyklar tarqatishda ayblanmoqda. «Gordon Ukraina telekanali efirida Rossiya Federatsiyasiga qurolli hujum uyushtirishga va unga qarshi yadro qurolidan foydalangan holda agressiv urush boshlashga chaqirgan», — deyiladi RTQ xabarida. Rossiya rasmiylariga ko‘ra, Gordon yuqoridagi barcha harakatlarni amalga oshirgan chiqishining yozuvi YouTube’da joylashtirilgan.

Mavzuga oid