Jamiyat | 17:04 / 21.07.2022
49428
4 daqiqa o‘qiladi

YPX xodimlari qiynog‘idan vafot etgan kattaqo‘rg‘onlik marhum soliqchining yaqinlari kaltaklandi

Sud majlisi boshlanish arafasida soliqchining o‘limida ayblangan ichki ishlar xodimlarining qarindoshlari bilan marhumning qarindoshlari o‘rtasida janjal chiqqan. Ikki kishi tan jarohati olib, kasalxonaga yotqizilgan.

PzPBQrkHsDkdm-HK8YduvSk6h50_g90y.jpg (1562×908)

Kattaqo‘rg‘on tumani Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Aziz Ahmedov 2021 yil 10 iyun kuni yo‘l harakati xavfsizligi xodimlarining zo‘ravonligi tufayli vafot etgandi.

2022 yil 18 iyul kuni Navoiy viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida jinoyat ishi qayta ko‘rib chiqilishi kerak edi. Ammo sud boshlanishidan oldin tomonlar o‘rtasida janjal yuzaga kelgan. Buning oqibatida Aziz Ahmedovning opasi va ukasi tan jarohati olgan.

Marhum soliqchining ukasi Asliddin Ahmedovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, janjal o‘rindiq sababli kelib chiqqan.

2022 yilning 18 iyul kuni Navoiy viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida marhum akam Aziz Ahmedov bilan bog‘liq jinoyat ishi qayta ko‘rib chiqilishi kerak edi. Biz sud zaliga kirganimizda sudlanuvchilar va ularning qarindoshlari o‘tirishgan ekan. Shunda joy masalasida muammo chiqib, sudlanuvchi Shahboz Rahimberdiyev amakim Isomiddin Jamolov bilan tortishayotganini ko‘rib qoldim. Ularga yaqinlashganimda Shahboz Rahimberdiyevning otasi yuzimga musht tushirdi. Shu tariqa janjal chiqdi, sudlanuvchilar va ularning yaqin qarindoshlari birgalashib menga tashlanishdi. Meni qutqarish uchun vaziyatga aralashgan opam Shohida Ahmedova sudlanuvchi Mehriddin Qo‘chqorovning musht tushirishi oqibatida hushidan ketdi”, — deydi Asliddin Ahmedov.

Tan jarohati olgan Shohida Ahmedova Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Navoiy viloyat filialiga yotqizilgan. Hozirda u mazkur shifoxonada davolanmoqda.

Bemorga bosh miya yopiq jarohati va bosh miya chayqalishi dastlabki tashxisi qo‘yilgan.

Navoiy viloyati sudiga ko‘ra, sud zalidan yozib olingan videoyozuv huquqiy baho berilishi uchun IIBga taqdim qilingan. IIB esa hozircha holat yuzasidan rasmiy ma’lumot bildirmadi.   

Marhum soliqchi Aziz Ahmedovning o‘limi yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tuman sudida ko‘rib chiqilgandi. Sudning 2021 yil 3 dekabrdagi hukmiga ko‘ra, sudlanuvchilar M.Qo‘chqorov va Sh.Rahimberdiyev Jinoyat kodeksining 102-moddasi (ehtiyotsizlik orqasidan odam o‘ldirish) 1-qismi va 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Ular 2 yil ichki ishlar organlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, har biriga 2 yil-u 10 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.  

Ayblanuvchi va jabrlanuvchi tomon sud hukmidan norozi bo‘lgan va apellyatsiya bergan. Ishni qayta ko‘rib chiqqan Samarqand viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati hukmni o‘zgarishsiz qoldirgan.

Kassatsiya shikoyatidan keyin Oliy sud hukmni bekor qilib, ishni qayta ko‘rish uchun Navoiy viloyati sudiga yuborgan. 

Mavzuga oid