Jamiyat | 20:29 / 22.07.2022
35209
4 daqiqa o‘qiladi

Ippodrom – Shimoliy vokzal – TTZ. Toshkentga tramvayni qaytarish bo‘yicha ilk rejalar aytildi

Toshkentda tramvayni tiklashga oid ikki yo‘nalishda takliflar tayyorlangan. Birinchisi, TTZ mavzesidan Shimoliy vokzalgacha, ikkinchisi Ippodrom bozoridan Shimoliy vokzalgacha. Tramvaylar ortiqcha shovqinsiz harakatlanadigan bo‘lishi va’da qilinmoqda.

Foto: Kun.uz

Toshkent shahrida zamonaviy ovozsiz tramvayni ishga tushirish loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini avgust oyida ishlab chiqish rejalashtirilgan. Bu haqda xalq deputatlari poytaxt kengashining 15 iyul kungi sessiyasida shahar transport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jo‘rayev ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Gazeta.uz

Ma’lum qilinishicha, tramvay relslari “choksiz” yotqizilishi hisobiga vagonlar shovqinsiz harakatlanishiga erishiladi. Loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishga xorijlik mutaxassislar jalb etilgan.

Anvar Jo‘rayevning so‘zlariga ko‘ra, prezidentga ikki yo‘nalishda takliflar tayyorlanmoqda. Birinchisi, TTZ mavzesidan Shimoliy vokzalgacha (loyiha ikki bosqichda amalga oshiriladi). Ikkinchi yo‘nalish esa Chilonzor kiyim-kechak savdo majmuasi (xalq tilida Ippodrom)dan Shimoliy vokzalgacha bo‘lishi mumkin.

“Nega biz bu ikki nuqtani tanladik? Ushbu ikki punkt orqali Toshkent viloyatidan shaharga yirik yo‘lovchilar oqimi kirib keladi. Transport oqimining kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun biz bu yerda metro yo‘nalishlari takrorlanmaydigan tramvay yo‘nalishlarini belgilayapmiz”, – degan Anvar Jo‘rayev.

Avvalroq Kun.uz manbasi Toshkentda tramvay qurilishi 2023 yildan boshlanishi kutilayotganini ma’lum qilgandi.

Manba shaharda tramvay harakatini tashkil etish bo‘yicha dastlabki ishlar boshlangani, xorijga chiqib ketgan sobiq tramvaychilarni qaytarish va xorijdan mutaxassislar jalb qilish ishlari ketayotganini aytgandi. Xususan, Turkiya va Chexiyadan mutaxassislar chaqirilayotgani xabar qilingan.

  • Toshkent tramvayi 103 yillik faoliyatidan so‘ng, 2016 yilda faollar qarshiligiga qaramay butkul tugatilgan, shahar rasmiylari bu transport turini samarasiz deb hisoblagandi.
  • 2022 yil boshida prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentga tramvayni qaytarish rejasi borligini e’lon qildi. Davlat rahbari bu borada ko‘plab xat va murojaatlar kelayotganini aytdi. “Yetti o‘lchab bir kesamiz, qaysi marshrutlarda yo‘lga qo‘yishni qayta-qayta o‘rganamiz”, dedi prezident.
  • Bu yangilik ijtimoiy tarmoqlarda iliq kutib olindi: ekologik toza, sig‘imi katta va tirbandlikka tushib qolmaydigan mazkur jamoat transporti turi dunyoning ko‘plab megapolislarida alohida qadrlanadi.
  • 2022 yil bahorida shahar markazidagi Navoiy shohko‘chasi rekonstruksiya qilindi, loyihaga tramvay yo‘li kiritilmadi. Shahar transport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jo‘rayev tramvay bo‘yicha alohida dastur qabul qilinishini aytdi.
  • Iyun oyi boshida prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent yerusti halqa metrosining ikkinchi bosqichi qurilishini borib ko‘rdi, taqdimot davomida tramvay yo‘li qurilishini tezlashtirish bo‘yicha topshiriq berdi.
  • Gruziya poytaxti Tbilisi shahrining meri Kaxa Kaladze 19 iyul kuni Toshkentga safari davomida shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bilan birgalikda Shota Rustaveli haykalini borib ko‘rdi. Gruzin tomoni xabariga ko‘ra, bu yerdagi muloqotda Ortiqxo‘jayev Shota Rustaveli ko‘chasi bo‘ylab tramvay qatnovini tiklash reja qilinganini aytgan.

Mavzuga oid