O‘zbekiston | 16:12 / 22.07.2022
7199
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 530 mingdan ortiq o‘quvchi 1-sinfga qabul qilindi

2022-2023 o‘quv yili uchun 1-sinfga qabul jarayonlari davom etmoqda. 

Xalq ta’lim vazirligi xabariga ko‘ra, yangi o‘quv yilida respublika umumiy o‘rta ta’lim maktablari 1-sinfiga 700 mingdan ortiq bolalarni qabul qilish rejalashtirilgan. Bugungi kunga qadar 530 ming nafardan ortiq o‘quvchi 1-sinfga qabul qilindi.

Ota-onalarga qulaylik yaratish va qabul jarayonlarini tartibli tashkil etish maqsadida 1-sinfga qabul 2 bosqichda, ya’ni 31 iyulga qadar mahalliy hokimlik qarorlari bilan biriktirilgan mikrohudud doirasida, 1 avgustdan so‘ng esa mikrohududdan tashqari hududlar bo‘yicha amalga oshirilishi belgilangan. 

Maktabga qabul Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazidagi jami 25 ta shahar va tumanlardagi 816 ta umumta’lim maktablarida 1-sinfga qabul jarayonlari elektron shaklda (my.maktab.uz), qolgan hududlarda esa belgilangan tartibda an’anaviy shaklda, bevosita maktabda amalga oshirilmoqda. 

1-sinfga qabul jarayoni bilan bog‘liq ota-onalar murojaatlarini ko‘rib chiqish uchun Xalq ta’limi vazirligida Call-markaz tashkil etilgan va unga shu kunga qadar 7 mingga yaqin murojaatlar kelib tushgan. 

Ota-onalar "Ta’lim to‘g‘risida"gi qonun talabiga muvofiq, 1-sinfga ular 7 yoshga to‘ladigan yilda qabul qilinishi hamda elektron qabul jarayonlari yuzasidan savollari bilan vazirlik Sall-markazi - 71-203-07-04 ga qo‘ng‘iroq qilib, murojaat etishi mumkin.

Mavzuga oid