O‘zbekiston | 20:40 / 30.07.2022
35759
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda prezident va hokimni TikTok'da haqoratlagani aytilayotgan fuqaro ozodlikdan mahrum etildi

Andijonda 41 yoshli erkak O‘zbekiston prezidenti va viloyat hokimini haqorat qilgani uchun 2 yil-u 2 oyga qamaldi. Viloyat sudi raisi Tal’atjon Meliboyev Kun.uz savoliga javoban ma’lum qilishicha, voqea yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabar to‘liq emas.

“Ishning yarmi haqida xabar berib, yarmi haqida xabar bermaslik odamlarni boshqa tomonga boshlab ketadi. [Ijtimoiy tarmoqlarda] faqat 140-modda bilan, viloyat hokimini haqorat qilgani uchun qamab qo‘yildi deyilyapti, qolgani yo‘q. O‘rtoqlar, insof bo‘lishi kerak-da endi. Ishning 158-moddasi ham bor”, – dedi sud raisi 30 iyul kungi matbuot anjumanida.

Jinoyat kodeksining 158-moddasi 3-qismi O‘zbekiston prezidentini omma oldida haqoratlash yoki unga tuhmat qilishni nazarda tutadi. Buning uchun 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

Andijon tumanida yashovchi fuqaro TikTok'da davlat rahbaridan tashqari viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovni ham haqoratlagani aytilmoqda. Bu holat Jinoyat kodeksining 140-moddasi 2-qismi (OAV yoki internet orqali haqorat qilish) bilan malakalangan. Ma’lumot uchun, ikki yil oldin bu moddadagi ozodlikdan mahrum qilish sanksiyasi olib tashlangan.

Tal’atjon Meliboyev sud hukmi 7 iyul kuni chiqqani, lekin hali qonuniy kuchga kirmaganini ma’lum qildi.

Mavzuga oid