O‘zbekiston | 20:38 / 03.08.2022
13607
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent tumanida gaz ta’minoti xodimi pora bilan ushlandi

“Toshkenttumangaz” servis xodimi Nanila Farm kompaniyasining qarzdorligini yopib berish uchun 700 dollar va 300 ming so‘m olayotganida qo‘lga olindi. Voqea ortidan mazkur gaz ta’minoti bo‘limi boshlig‘i ishdan olindi. “Hududgazta’minot” aholini ogohlantirib, tizim avtomatlashtirilgani sababli gaz xodimlari qarzdorlikni yopib bera olmasligini ma’lum qildi.

Foto: Ōsten

Toshkent tumanida “Toshkenttumangaz” servis xizmati xodimi Doniyor Hamidov 700 dollar va 300 ming so‘m pora olayotganda huquq-tartibot idoralari tomonidan qo‘lga olindi. Bu haqda “Hududgazta’minot” AJ matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 2022 yilning iyul oyida “Nanila Farm” MChJ rahbari D.Hamidovdan yangi gaz hisoblash uskunasini o‘rnatishda ko‘mak berishini va 13 mln so‘m miqdoridagi qarzdorlikni yopib berishini so‘ragan.

MChJ rahbari bundan avvalroq “Toshkenttumangaz” boshlig‘i Ilhom Yoqubovga yordam so‘rab murojaat qilgani, ammo undan rad javobini olgani aytilmoqda.

D.Hamidov esa tadbirkorning takroriy qo‘ng‘iroq va iltimoslaridan so‘ng masalani hal qilishda ko‘maklashishga qaror qiladi va mukofot sifatida 8 mln so‘m so‘raydi. Tuman oshxonalaridan birida kelishilgan summani olayotgan vaqtda, u huquq-tartibot idoralari tomonidan qo‘lga olingan.

Vaziyatni o‘rganish davomida aniqlanishicha, “Nanila Farm” MChJ tabiiy gazdan qarzdorligi uchun gaz ta’minoti tarmog‘idan uzib qo‘yilgan. Bugungi kunda, o‘ziga yuklatilgan vazifaga lozim darajada yondashmagani va beparvo munosabatda bo‘lgani uchun “Toshkenttumangaz” boshlig‘i Ilhom Yoqubov bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan. Servis xizmati xodimi Doniyor Hamidovga nisbatan o‘rnatilgan tartibda jinoiy ish qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Hududgaztaminot” gaz ta’minoti xodimlari tomonidan noqonuniy xatti-harakatlar sodir etilgan taqdirda zudlik bilan 1104 qisqa raqamiga murojaat qilishni yoki Facebook'dagi “Gaz ta’minotidagi muammolar va ularni hal etish yo‘llari” guruhiga xabar yuborishni so‘ramoqda.

Kompaniyaning qayd etishicha, bugungi kunda tizimda zamonaviy axborot texnologiyalari joriy etilgan bo‘lib, bunda inson omilining ta’sir doirasi mavjud emas.

“Xodimlar tabiiy gaz hisobining avtomatlashtirilgan tizimiga kirish, shuningdek gaz iste’moli hajmlari ko‘rsatkichlarini kamaytirish imkoniyatiga ega emas. Shu bois har qanday noqonuniy kelishishlar befoyda va mantiqsizdir”, deyiladi bayonotda.

Mavzuga oid