O‘zbekiston | 15:35 / 11.08.2022
13253
2 daqiqa o‘qiladi

Pop tumani hokimi sobiq o‘rinbosari 6,5 ming dollar bilan ushlandi

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi departament Toshkent shahar boshqarmasi bilan hamkorlikda ko‘p bosqichli tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda oldindan jinoiy til biriktirgan 3 nafar fuqaro ushlandi. 

Dastlab, Namangan viloyati Pop tumanidagi 20 gektar yer maydonida “Yangi O‘zbekiston” massivini barpo etish doirasida rejalashtirilgan 105 ta ko‘p qavatli uylardan 8 tasini qurish ruxsatini olib berish evaziga 80 ming AQSh dollari talab qilgan va ushbu pul mablag‘idan 40 ming dollarini oldindan berishini so‘ragan, Toshkent shahrida yashovchi, muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyat sodir etgani uchun sudlanib, hozirda axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tayotgan, 1984 yilda tug‘ilgan shaxs 2300 AQSh dollarini o‘z xizmat haqi va xarajatlari uchun olgan vaqtida ushlandi.

Olib borilgan tezkor surishtiruv tadbirlari davomida u oldindan so‘ralgan 40 ming AQSh dollarini muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq sodir etgan harakatlari uchun hozirda ichki ishlar organlari tomonidan qidiruvda bo‘lgan, Toshkent shahrida yashovchi, 1980 yilda tug‘ilgan tanishiga berishi kerakligi ma’lum bo‘ldi va tezkor tadbir davom ettirilib, 37 700 AQSh dollarini olgan vaqtida ushbu shaxs ham qo‘lga olindi.

O‘z navbatida, u ham o‘zaro kelishuvga muvofiq, umumiy 80 ming AQSh dollaridan 48 ming dollarini Pop tumani hokimi sobiq o‘rinbosariga berishi kerakligini bildirdi va Pop tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda sobiq mansabdor shaxs 6,5 ming AQSh dollarini oldindan olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda holat bo‘yicha Jinoyat kodeksi tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid