Jahon | 16:48 / 13.08.2022
22165
5 daqiqa o‘qiladi

Seulda insonlar halok bo‘lgani tufayli «parazit-kvartiralar» taqiqlanishi mumkin

Janubiy Koreya poytaxti Seul shahrida yarimerto‘la xonalarda istiqomat qilayotganlarni (bunday odamlar «Oskar» mukofotiga sazovor bo‘lgan «Parazitlar» filmida tasvirlangan) ko‘chirish boshlandi. Seulda yuz bergan suv toshqini chog‘ida bunday kvartiralardan birida butun bir oila nobud bo‘lgan.

Seuldagi yarimerto‘la kvartiralardan biri toshqindan so‘ng. 2022 yilning 11 avgusti. Foto: Anthony Wallace / AFP / Scanpix / LETA

Janubiy Koreyada 8 avgust kuni so‘nggi 100 yilda eng kuchli yomg‘irlar yog‘ib o‘tdi. Mamlakat poytaxti Seul shahrida minglab uylar, ko‘chalar, metro stansiyalari suvga ko‘mildi, yuzlab insonlar o‘zlari yashab turgan uylarni tark etishga majbur bo‘lishdi.

Seul so‘nggi 80 yil ichida bunday suv toshqinini ko‘rmagan edi. Foto: Chine Nouvelle / SIPA / Scanpix / LETA

Suv toshqini oqibatida 13 kishi halok bo‘ldi, ularning orasida yarimerto‘lada istiqomat qilayotgan butun bir oila ham bor. Vafot etganlar — 13 yoshli qiz, uning 40 yoshlar atrofidagi onasi va xolasi. Kvartiraga suv shiddat bilan oqib kirishi natijasida ular eshikni ocha olishmagan. The New York Times’ning yozishicha, ayollar qo‘shnilarini yordamga chaqirishgan, ammo qo‘shnilar tashqi derazaga o‘rnatilgan panjarani qo‘porib olisholmagan. The Guardian nashrining qayd etishicha, qutqaruvchilar ham ularga yordam bera olishmagan, ayollarning jonsiz jasadlari faqat yerto‘ladagi suv to‘liq so‘rib olinganidan so‘ng tashqariga chiqarilgan.

Voqea yuz bergan joyga Janubiy Koreya prezidenti Yun Suk-Yol kelgan. Foto: CNN

Butun bir oila nobud bo‘lgan kvartiraga Janubiy Koreya prezidenti Yun Suk-Yol kelgan. «Men nega insonlar o‘zini ertaroq qutqarishga harakat qilmaganidan taajjubdaman», degan u. Guvohlarning aytishicha, kvartira juda qisqa muddat ichida — 10–15 daqiqa ichida suvga to‘lgan.

The Washington Post nashrining xabar berishicha, bu yagona holat emas. Seulda istiqomat qiluvchi boshqa odamlar ham suv toshqini chog‘ida o‘zining yarimerto‘la kvartirasida qamalib qolgan. Ulardan aksariyati qutulib chiqishga muvaffaq bo‘lgan, lekin kamida yana bir kishi halok bo‘lgani haqida ma’lumot bor.

The New York Times nashrining qayd etishicha, Seuldagi uylarning yarimerto‘lasida istiqomat qiluvchilar har yili yomg‘irlar mavsumida uylari atrofiga qum solingan qoplardan damba yasashadi. Lekin bu marta hech kim tayyorgarlik ko‘rishga ulgurmagan, chunki hukumat suv toshqini haqida soat 21:24 da ogohlantirgan. Jurnalistlarning qayd etishlaricha, halok bo‘lgan oila soat 20:40 dayoq yordamga chaqirgan.

«Parazitlar» filmidan kadr.

Seuldagi «banjixa» deb ataluvchi bunday yarimerto‘ladagi kvartiralar arzonligi tufayli yosh va kam ta’minlangan oilalar o‘rtasida mashhur. BBC News’ning qayd etishicha, 2020 yil hisobiga Seulda 200 mingdan ortiq bunday kvartiralar bo‘lgan, bu esa mamlakat poytaxti uy-joy fondining 5 foizini tashkil etadi. Shunday kvartirada yashovchi oila haqida 2019 yilda «Oskar» mukofotiga sazovor bo‘lgan «Parazitlar» filmida hikoya qilinadi.

Unchalik katta bo‘lmagan, istiqomat qilish uchun ko‘p ham yaroqli bo‘lmagan yarimerto‘la xonalar 1970 yilda KXDR va Janubiy Koreya o‘rtasidagi munosabatlar taranglashgan chog‘da qurila boshlangan. Ziddiyat kuchayishidan xavfsiragan Janubiy Koreya hukumati qurilish me’yorlariga o‘zgartirishlar kiritib, kam qavatli uylarda favqulodda vaziyatlarda boshpana vazifasini o‘tashi uchun yerto‘lalar qurish talabini qo‘yishgan. Avvaliga bunday yerto‘lalarni ijaraga berish taqiqlangan, biroq 1980-yillardagi uy-joy inqirozi chog‘ida yarimerto‘lalardan turar joy sifatida foydalanishga izn berilgan.

«Banjixa» — talabalar uchun eng arzon yotoq hisoblanadi. Foto: BBC

«Qorong‘iligi, zaxligi va iflosligiga qaramasdan, bu men topishga muvaffaq bo‘lgan eng arzon variant bo‘ldi. Men bu yerda inson yashashi mumkin emasligiga qo‘shilaman, lekin bizda boshqa variantning o‘zi yo‘q-ku?» — degan The Washington Post’ga Seulda yashovchi talabalardan biri.

Suv bosgan yerto‘lada insonlar vafot etgach Seul hokimiyati 10–20 yil ichida yerto‘la va yarimerto‘la xonalarni uy-joy fondidan chiqarishni va’da qilishdi. Hukumat istiqomat qiluvchilarning boshqa uyga ko‘chishida yordam beradi, bunday kvartiralarning egalari esa ularni noturar joy qilib rasmiylashtirishadi.

Mavzuga oid