Jahon | 09:35 / 15.08.2022
4760
5 daqiqa o‘qiladi

Vashingtonda noma’lum shaxs avtomobilda Kapitoliy panjarasiga kelib urildi

Vashingtondagi AQSh Kongressi binosi yaqinida erkak mashinada panjaraga kelib urilib, havoga bir necha marta o‘q uzdi, so‘ng o‘z joniga qasd qildi.

Foto: AP

Vashingtonda AQSh Kongressi binosi yaqinida erkak kishi mashinasida panjaraga kelib urilib, havoga bir necha marta o‘q uzdi, keyin o‘z joniga qasd qildi. Bu haqda 14 avgust, yakshanba kuni Kapitoliy politsiyasi xabar berdi.

Hodisa soat 04:00 dan keyin shahar markazidagi East Capitol Street va Second Street ko‘chalari tutashgan joyda sodir bo‘lgan.

Erkak kishi mashinasidan tushayotgan paytda avtomobil yonib ketgan. 

O‘q ovozlarini eshitgan huquq-tartibot idoralari xodimlari zudlik bilan reaksiya bildirdi va erkakka yaqinlashishga urindi, biroq u o‘zini otib tashladi. Jarohatlanganlar yo‘qligi aytiladi. AQSh Kongressi ishida hozir yozgi ta’til vaqti bo‘lib, binoda deyarli xodimlar bo‘lmagan.

Kolumbiya okrugi politsiya boshqarmasi tekshiruvni o‘z zimmasiga oldi. Hujum qilgan erkakning shaxsi va uning maqsadi aniqlashtirilmoqda. 

Hujum butun huquq-tartibot idoralari mamlakat bo‘ylab tahdidlar soni ortib borayotganiga duch kelgani, federal amaldorlar esa hukumat binolariga hujumlar bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantiruv berilgan bir paytda sodir bo‘ldi, deya aniqlik kiritgan AP agentligi. Keskinlikning kuchayishi Federal qidiruv byurosi (FQB) sobiq prezident Donald Trampning Florida shtati Mar-a-Lago shahridagi qarorgohiga reyd o‘tkazgan paytga to‘g‘ri keldi. 

Hujum 2021 yilning aprel oyida Kapitoliy politsiyasining ikki zobitining mashinasi tomonidan urib ketilganiga o‘xshash voqeani eslatadi, deya ta’kidladi AP agentligi. 

AQShda oraliq saylovlar 2022 yil 8 noyabrda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. 

Avvalroq, 1 avgust kuni Texas shtatida yashovchi Gay Reffit 2021 yil yanvarida Kapitoliyga hujum uyushtirgani uchun eng uzoq muddatga – yetti yil-u uch oyga qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Hukmni Kolumbiya okrugi sudyasi Dabni Fridrix chiqardi. 

Texaslik harbiylashgan radikal o‘ng guruh a’zosi bo‘lgan. Mart oyida u Kapitoliyga o‘qotar qurol olib kirib, politsiya xodimlariga hujum amalga oshirgani va tergovga to‘sqinlik qilganlikda ayblangan. Bundan tashqari, Reffit o‘g‘li va qiziga tahdid qilib, huquq-tartibot idoralariga murojaat qilmaslikni talab qilgan. 

2021 yil 6 yanvarda Vashingtondagi mitingda nutq so‘zlaganidan so‘ng AQSh prezidentlik saylovlarida mag‘lub bo‘lgan Donald Trampning radikal tarafdorlari Kapitoliyga bostirib kirdi, u yerda Senat va Vakillar palatasi qo‘shma yig‘ilishi ishtirokchilari saylov natijalarini ma’qullayotgan bo‘lgan. Namoyishchilar binoga bostirib kirishga muvaffaq bo‘ldi, Kongressdagi munozaralar bir necha soatga to‘xtatildi, qonun chiqaruvchilar evakuatsiya qilindi.

Tartibsizliklar ishtirokchilari politsiya bilan to‘qnashgan, politsiya esa ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz bilan javob bergan. Vashingtonga Milliy gvardiya yetib kelgan. To‘qnashuvlarda besh kishi halok bo‘ldi, ulardan biri politsiyachi. Rasmiylar bir necha soatdan keyin Kongress binosini nazoratga oldi. Keyingi haftalar ichida yana ikki politsiyachi o‘z joniga qasd qildi. Tartibsizliklardan so‘ng 50 ga yaqin kishi qo‘lga olingan, ulardan bir nechasiga ayblov e’lon qilingan. 

Kapitoliyga bostirib kirish hodisasi yuz bergandan keyin AQSh Kongressi Vakillar palatasi komissiyasi Trampning voqealardagi roliga oydinlik kiritish uchun 140 mingdan ortiq hujjatlarni o‘rganib chiqdi va mingdan ortiq guvohlar bilan suhbatlashdi. Komissiya iyun oyi boshidagi birinchi yig‘ilishida Vashingtondagi tartibsizliklar uchun birinchi navbatda sobiq prezidentni javobgar deb topdi. Sakkizinchi eshituvlardan so‘ng komissiya ishida tanaffus e’lon qilindi, sentabr oyida yangi yig‘ilish o‘tkaziladi. Tramp o‘z aybini tan olmayapti va 2024 yilda AQSh prezidentligi uchun yana o‘z nomzodini qo‘yishi mumkinligini bildirgan.

Mavzuga oid