Jamiyat | 23:10 / 18.08.2022
16837
2 daqiqa o‘qiladi

Hunarmand-eksportchilar: Andijondagi yig‘chilar mahallasi

Andijon tumanidagi “Chavkan-Daryo” MFYni mahalliy aholi “Yig‘chilar mahallasi” deb ham ataydi. Mahallaning aksariyat xonadonlari hunarmandchilik bilan mashg‘ul.

Tol va terak daraxti yog‘ochlaridan tayyorlanadigan mahsulotlar vodiy viloyatlariga tarqatiladi. Bundan tashqari, qo‘shni Qirg‘izistonga davlatiga eksport qilish ham yo‘lga qo‘yilgan.

Asosan xontaxta oyoqlari, beshik tutqichlari ishlab chiqariladi.

“Biz oilamiz va mahalladagi yigitlar bilan birgalikda mana bunday hunarmandchilik bilan shug‘ullanib kelyapmiz. Bu hunarmandchilikning mavsumi – yil o‘n ikki oy. Buyurtmaga qarab mahsulotlarni chiqarib beramiz.

Bugungi kunda mahallamizdagi, atrofimizdagi yoshlarni, yoshi katta insonlarni ish bilan ta’minlab, daromad olishga harakat qilyapmiz. O‘rtacha oylik daromad 15 milliongacha bo‘ladi. Agar yaxshi ishlaydigan ishchi bo‘lsa, bir kunda 200 ming so‘mgacha tushirishi mumkin.

Biz asosan yog‘och mahsulotlarini aholidan olamiz. Ularni shilib, tayyorlab, quritib, sexga olib kelib ishlatamiz”, – deydi hunarmand Muhammadjon Haydarov.

Bir kunda o‘rtacha 300 ta mahsulot ishlab chiqariladi. Hozirda mahallada ishsiz odamning o‘zi yo‘q. Deyarli hamma shu hunar bilan band.

Hunarmandlar kelajakda mahsulotlari sonini ko‘paytirish va ularni boshqa davlatlarga eksport qilishni reja qilishmoqda.

Abduvali Qurbonov,
Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi – Azizbek Ismoilov.

Mavzuga oid