O‘zbekiston | 10:12 / 19.08.2022
13407
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryodagi portlash holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Kecha, 18 avgust kuni Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanida "Isuzu" rusumli avtobusga o‘rnatilgan gaz balloni portlashi oqibatida 6 nafar inson vafot etib, 15 nafari turli darajadagi tan jarohatlari olgan. 

Foto: Favqulodda vaziyatlar vazirligi

Hodisa joyi bosh prokuror birinchi o‘rinbosari Bahriddin Valiyev, Favqulodda vaziyatlar vaziri Abdulla Qo‘ldoshev, Sirdaryo viloyati prokurori Sanjar Mavlonov, mutasaddi idoralar rahbarlari hamda viloyat va tuman IIB tezkor-tergov guruhi xodimlari ishtirokida ko‘zdan kechirilib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Mazkur holat yuzasidan Sirdaryo viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksi 262-moddasi (Transportni ta’mirlash yoki uni foydalanishga chiqarish qoidalarini buzish) 3-qismi "a" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, 18 avgust kuni taxminan soat 14:30 larda Sirdaryo viloyati Oqoltin tumani hududida joylashgan avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchasida portlash sodir bo‘lgandi.

Xorazm viloyati Bog‘ot tumanidagi avtomaktabga tegishli bo‘lgan “Isuzu” rusumli avtobus metan gaz to‘ldirib chiqqan vaqtda unga o‘rnatilgan gaz balonlari birida portlash sodir bo‘lgan.  

Hodisa oqibatida 6 kishi voqea joyida vafot etgan va 15 kishi tan jarohati olgan. 

Mavzuga oid