Yakka tartibdagi oilaviy shifokorlik faoliyatini yuritish talablari e’lon qilindi
Vazirlar Mahkamasining “Tajribali shifokorlarga tibbiy faoliyat bilan shug‘ullanish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.
Yakka tartibdagi oilaviy shifokorlik faoliyatini yuritish talablari va uning faoliyatini moliyalashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, yakka tartibdagi oilaviy shifokorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga oliy tibbiy ma’lumotga ega bo‘lgan, davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotida ishlamaydigan, oilaviy tibbiyot bo‘yicha diplom/sertifikatga ega bo‘lgan shifokorlarga ruxsat etiladi.
Yakka tartibdagi oilaviy shifokorlik bilan shug‘ullanadigan oilaviy shifokorlar faoliyati hududiy sog‘liqni saqlash boshqaruv organi tomonidan monitoring qilinadi.
Yakka tartibdagi oilaviy shifokorlik faoliyati – kasalliklarga tashxis qo‘yish, davolash va oldini olish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, kasalliklar xavf omillari va kasallik asoratini aniqlashga iborat barcha mas’uliyatini o‘z zimmasiga olgan jismoniy shaxslar uchun tibbiy yordam qulayligi va uning aholiga yaqinligini kengaytirish, shifokorni erkin tanlash huquqini ta’minlash maqsadida amalga oshiriladigan tashabbuskor shifokorlik faoliyatidir.
Yakka tartibdagi oilaviy shifokorlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun oilaviy shifokor diplom/sertifikatiga ega bo‘lgan va “oilaviy shifokor” mutaxassisligi bo‘yicha kamida ikki yil ishlagan shaxslarga o‘rnatilgan tartibda litsenziya olgandan keyin ruxsat beriladi.
Yakka tartibdagi oilaviy shifokorlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beradigan litsenziya olish uchun tasdiqlangan shaklga muvofiq ariza Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali taqdim etiladi.
Lisenziya olish uchun yakka tartibdagi oilaviy shifokorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagini bildirgan shaxslardan bazaviy hisoblash miqdori 1 baravari miqdorida to‘lov undiriladi. YaIDXP orqali murojaat qilinganda taqdirda esa to‘lov summasi 90 foizi miqdorida yig‘im to‘lanadi.
Lisenziya beruvchi organ ariza qabul qilingan kundan boshlab tibbiy faoliyatni amalga oshirishga mo‘ljallangan xonalar sanitariya qoidalari, me’yorlari va gigiyenik normativlarga muvofiqligi haqidagi xulosani olish uchun davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati tegishli hududiy markaziga uch ish kuni mobaynida arizani yo‘llash kerak.
Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati tegishli hududiy markazi xodimlari joyiga borib o‘rganish asosida tuzilgan xonalar sanitariya qoidalari, me’yorlari va gigiyena normativlariga mosligi haqidagi xulosani taqdim etadi.
Yakka tartibdagi oilaviy shifokorlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziya besh yilgacha muddatga beriladi. Arizachi asoslangan murojaatiga binoan litsenziya amal qilish muddati belgilangan miqdordagi to‘lovni tegishli ravishda to‘lagan holda yana shuncha muddatga uzaytirilishi mumkin.
Yakka tartibdagi oilaviy shifokorlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziya uni bergan tashkilot tomonidan quyidagi hollarda bekor qilinishi mumkin:
a) agar litsenziya olish uchun topshirilgan hujjatlarda haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlar mavjudligi aniqlansa;
b) agar yakka tartibdagi oilaviy shifokorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan shaxs litsenziyada ko‘zda tutilmagan yoki qonun hujjatlarida taqiqlangan faoliyat bilan shug‘ullansa;
v) tibbiy yordamga bo‘lgan huquqlari milliy, irqiy, jinsiy yoki til tamoyillari bo‘yicha fuqarolar kamsitilishiga doir shifokor xatti-harakatlari to‘g‘risida asoslangan shikoyat tushsa;
g) bemorga tez tibbiy yordam ko‘rsatilmasa;
d) diagnostika va davolash standartlari hamda klinik protokollarga rioya etmagan holda noto‘g‘ri davolashni tayinlash yoki noto‘g‘ri tashxis qo‘yish bemorning o‘limiga yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa;
ye) shifokorlik siri buzilganda yoki unga rioya qilinmaganda;
j) O‘zbekiston qonunchiligida nazarda tutilgan boshqa hollarda.
Mavzuga oid
09:00 / 18.09.2024
Tovar-xomashyo birjalari uchun yangi talablar belgilandi
12:40 / 20.07.2024
Turizm sohasidagi faoliyatga qo‘yiladigan talablar soddalashtirildi
07:51 / 07.10.2023
1 noyabrdan Umra tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha yangi talablar kuchga kiradi
13:07 / 24.02.2023