O‘zbekiston | 13:17 / 23.08.2022
6984
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston elchisi va AQSh davlat kotibi yordamchisi Vashingtonda muzokaralar o‘tkazdi

O‘zbekiston elchisi Javlon Vahobov AQSh davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi Donald Lu bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Foto: Dunyo

Muloqotda O‘zbekiston-Amerika hamkorligiga oid qator dolzarb masalalar, avval erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish va bo‘lajak qo‘shma tadbirlar jadvali muhokama qilindi. Tomonlar siyosiy, diplomatik, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy sohalarda hamda mintaqaviy hamkorlik doirasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga e’tibor qaratdi. Kadrlar salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma dastur va tashabbuslarni kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Amerika vakili prezident Shavkat Mirziyoyevning tashqi siyosiy faoliyatini yuqori baholadi. Donald Lu AQShning iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlikni kengaytirish, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash va Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotini tiklash bo‘yicha tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor ta’kidladi.

Tomonlar O‘zbekiston va AQSh infratuzilma, energetika, transport, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish sohalarida aniq natijalarga erishish uchun «C5+1» formati doirasidagi hamkorlikni davom ettirish tarafdori ekanini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ikki tomonlama va mintaqaviy sheriklik sohasidagi hamkorlikda erishilgan muvaffaqiyatlarni qayd etdi, bir-biri manfaatlarini hisobga olish tamoyillari asosida konstruktiv muloqotni faol rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Mavzuga oid