O‘zbekiston | 10:53 / 23.08.2022
37340
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda bosqinchi retsidivist 14 yoshli qizni o‘ldirib ketdi

Mazkur holat yuzasidan Xovos tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi protsessual tarzda qo‘lga olingan

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning Kun.uz’ga ma’lumot berishicha, 2022 yil 20 avgust kuni soat 4:00 larda noma’lum shaxs Xovos tumani, Minor ko‘chasidagi uylarning biriga yashirincha kirib, xonalardan pul va qimmatbaho buyumlarni izlash jarayonida yotoqxonada yotgan 14 yoshli qizni pichoq bilan qasddan o‘ldirgan.

So‘ng qotil pullarni qidirishni davom ettirib, uyning boshqa xonasida namoz o‘qish uchun tayyorgarlik ko‘rayotgan 78 yoshli ayolga pichoq bilan tahdid qilib, pullarni topib berishni talab qilgan. Biroq ayoldan “pullar yo‘q” degan javobni olgach, hodisa joyidan yashiringan.

Mazkur holat yuzasidan Xovos tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyatni fosh etish borasida tergov-tezkor guruhi tomonidan olib borilgan surishtiruv harakatlari davomida, ushbu jinoyatni 1997 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan, muqaddam bir necha marotaba sudlangan, oxirgi marotaba 2018 yilda bosqinchilik jinoyatini sodir etgani uchun sudlanib, hozirda manzil koloniyada jazo o‘tayotgan shaxs sodir etgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, jinoyat ishi doirasida gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Qarshida bosqinchilik va qotillik jinoyatini sodir etishda gumonlanayotgan 18 yoshli yigitga Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

Mavzuga oid