O‘zbekiston | 17:24 / 27.08.2022
9899
4 daqiqa o‘qiladi

Nukuslik bolalarga yangi o‘quv yilida yangi kompyuterlar taqdim etildi

Sentabr oyiga ham sanoqli kunlar qoldi. Tez orada mamlakatimizdagi barcha maktablar o‘z o‘quvchilariga eshik ochadi. Yangi o‘quv yili, ayniqsa, qoraqalpog‘istonlik bolalar uchun quvonarli bo‘lishi aniq. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Nukus shahridagi barcha maktablar zamonaviy kompyuterlar bilan ta’minlandi.

Mazkur tashabbus o‘ta dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lib, o‘quvchilarning IT yo‘nalishidagi qiziqishlarini maktab yillaridanoq rivojlantirish imkonini beradi. Bu esa kelajakda jahon bozorida o‘z o‘rni va nufuziga ega bo‘lgan yuqori malakali kadrlar tayyorlashda beqiyos ko‘mak bo‘lishi aniq.

Ma’lumki, Prezident Shavkat Mirziyoyev IT-kadrlar tayyorlash masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda har bir maktabga “Bir million dasturchi” loyihasini olib kirish, shuningdek, jihozlanmagan maktablar uchun kamida 10 ta kompyuter xarid qilish, har bir hududda IT-texnika maktablarini ishga tushirishni ta’minlash bo‘yicha topshiriq bergan edi.

Ushbu xayrli tashabbusni Toshkent shahar hokimligi hamda PepsiCo’ning O‘zbekistondagi rasmiy bottleri — “International Beverages Tashkent" kompaniyasi ham astoydil qo‘llab-quvvatlagan holda Nukus shahrining barcha 51 ta umumta’lim maktablarini 800 dona zamonaviy kompyuterlar bilan jihozladi.

— Kompaniyamiz bundan oldin ham mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy hayotini rivojlantirish uchun hissa qo‘shishga harakat qilgan, Nukus shahridagi loyihamiz xuddi shu sa’y-harakatlarning mantiqiy davomidir, – deydi PepsiCo kompaniyasining O‘zbekistondagi rasmiy bottleri — "International Beverages Tashkent" MChJ QKning marketing departamenti direktori Aleksandr Redkovets. — Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlash uchun ko‘pgina yo‘nalishlarda amaliy ishlar qilinyapti. Va biznes jamoatchiligi Davlat rahbarining ushbu muhim tashabbusini qo‘llab-quvvatlab, bu boradagi xayrli ishlarga hissa qo‘shishga harakat qilyapti. Shu kunlarda Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihamizga ko‘ra, Nukus shahrida joylashgan barcha maktablarga 3D modellashtirish, grafik dizayn kabi zamonaviy dasturlash ta’minoti uchun mo‘ljallangan kompyuterlarni tarqatdik. Eng muhimi, loyiha kompyuterlar tarqatish bilan cheklanib qolmaydi, balki yoshlar ularni amaliyotda qo‘llay olishi, IT texnologiyalarni chuqur o‘rganishi uchun ham PepsiCo kompaniyasining O‘zbekistondagi bottleri — "International Beverages Tashkent" boshchiligida zarur amaliy ishlar qilinadi.

PepsiCo kompaniyasining O‘zbekistondagi rasmiy bottleri — "International Beverages Tashkent" ijtimoiy ahamiyatga molik bunday loyihalarni ilk bor amalga oshirishi emas. O‘tgan yillar davomida, ayniqsa, pandemiya va karantin davrida kompaniya turli xayriya loyihalari uchun to‘rt milliard so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirdi. Bu mablag‘lar O‘SV-apparatlarini xarid qilish, tez tibbiy yordam mashinalarini jihozlash, kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlashga sarflangan.

Qolaversa, Pepsi brendi mamlakatda sportni rivojlantirish, xalqaro maydonlarda yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishga intilgan iqtidorli yigit-qizlarni qo‘llab-quvvatlash uchun ham kuch va mablag‘ sarflamoqda.

Ma’lumot uchun: PepsiCo kompaniyasining O‘zbekistondagi rasmiy bottleri — "International Beverages Tashkent" ekologiyani asrash bo‘yicha ezgu tashabbuslarni, jumladan, "Yashil Makon" umummilliy loyihasini faol qo‘llab-quvvatlamoqda. Shu yil bahor faslida "International Beverages Tashkent" kompaniyasi mamlakatimizning besh viloyati, xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasini ko‘kalamzorlashtirishga alohida hissa qo‘shdi.

Mavzuga oid