Jahon | 14:47 / 01.09.2022
9014
2 daqiqa o‘qiladi

Lufthansa uchuvchilari ish tashlash e’lon qildi

2 sentabrga belgilangan ish tashlash Lufthansa’ning Germaniyadan barcha reyslarini bekor qilishga olib keladi. Uchuvchilar ish haqini katta miqdorda oshirishni va maoshlarni inflatsiya bilan bog‘lashni talab qilmoqda.

Foto: AP

Germaniyaning Lufthansa aviakompaniyasi uchuvchilari 2 sentabrga bir kunlik ish tashlashni rejalashtirgan. Ish tashlash Germaniyadan Lufthansa va Lufthansa Cargo kompaniyalari tomonidan amalga oshirilayotgan barcha reyslarning bekor qilinishiga olib keladi, deb xabar berdi Frankfurt-Mayndagi Vereinigung Cockpit (VC) uchuvchilar kasaba uyushmasi 1 sentabr, payshanba kuni. 

Kasaba uyushmasi rahbariyati ish tashlashni tarif kelishuvi bo‘yicha muzokaralarda olg‘a siljish bo‘lmagani va rahbariyatning murosaga kelishni istamagani bilan izohladi. «Ish tashlashning oldini olish uchun Lufthansa ancha yaxshi taklif bilan chiqishi kerak», deya ma’lum qildi VC. Kasaba uyushmalari bu yil 5000 kapitan va birinchi uchuvchilarning ish haqini 5,5 foizga oshirishni va maoshlarni inflatsiya bilan avtomatik bog‘lashni talab qilmoqda.

Lufthansa bu talablarni haddan tashqari ko‘p deb atadi va agar ular bajarilsa, kompaniyaning ish haqi va xodimlar xarajatlari yaqin ikki yil ichida 40 foizdan ko‘proq yoki 900 million yevroga oshishini ta’kidladi, bu esa, ta’kidlanganidek, mutlaqo qabul qilinishi mumkin emas. Rahbariyat kasaba uyushmasiga yaxshi va ijtimoiy jihatdan muvozanatli paket taklif qilganini ko‘rsatdi va kasaba uyushmasi rahbariyatini muzokaralar stoliga qaytishga chaqirdi. 

Mavzuga oid