O‘zbekiston | 18:23 / 01.09.2022
11494
2 daqiqa o‘qiladi

Yakkasaroy texnoparki hududida yirik yong‘in ro‘y berdi

Foto: Videodan kadr

Toshkent shahri Yakkasaroy tumani Qushbegi dahasida yirik yong‘in sodir bo‘ldi.

Bugun, 1 sentabr kuni soat 16:26 da Toshkent shahar Yakkasaroy tumani Qushbegi dahasida joylashgan Yakkasaroy texnoparki hududidagi ishlab chiqarish sexi tom va ichki qismida taxminan 1000 kvadrat metr maydonda yong‘in sodir bo‘lgan. 

Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabariga ko‘ra, yong‘in-qutqaruv ekipajlari soat 16:31 da hodisa joyiga yetib borgan va soat 17:29 da yong‘in qurshab olingan.

Yong‘in joyiga O‘zbekiston FVV rahbariyati, Toshkent shahar FVB va tuman FV bo‘limi rahbar xodimlari yetib borgan.

FVV matbuot xizmati qo‘shimcha ma’lumot berishicha, soat 18:07 da yong‘in bartaraf etilgan.

Yong‘inni bartaraf etishga 11 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji, 2 ta maxsus suv tashishga mo‘ljallangan (vodovoz) avtomobil, 1 ta qutqaruv otryadi ekipaji jalb etilgan.

Yong‘in oqibatida fuqarolarning tan jarohati olish va halok bo‘lish holatlari to‘g‘risida xabar kelib tushmagan.
  
Hozirda yong‘inning kelib chiqish sababi va keltirilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.

Mavzuga oid