O‘zbekiston | 09:32 / 02.09.2022
12794
3 daqiqa o‘qiladi

Noruda foydali qazilmalarni noqonuniy qazib olish asosan uch hududda kuzatilmoqda

Foto: Navoiy viloyati FVB

“Prezident va hukumatning ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi farmon loyihasi e’lon qilindi.

Transport vazirligi huzuridagi “O‘zyo‘linspeksiya” tomonidan respublikadagi 26 ta (Samarqandda - 10, Surxondaryoda - 6, Qashqadaryoda - 4, Jizzaxda - 3, Toshkentda - 2, Andijonda - 1 ta) daryo va soylar ustidan o‘tgan ko‘priklar holati monitoring qilinganda, ushbu ko‘priklar joylashgan daryo va soylar o‘zanidan nazoratsiz ravishda tosh, qum va shag‘al qazib olinishi natijasida o‘zan sathi pasayib, ko‘priklar oraliq tayanchlari avariya holatiga kelib qolgani aniqlangan.

Prokuratura organlari tomonidan boshqa mutasaddi idoralar (Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasi, “O‘zyo‘linspeksiya”, “Davsuvxo‘jaliknazorat” davlat inspeksiyasi, “Davlat ekologik ekspertizasi”, “Xavfsiz daryo”) bilan hamkorlikda ko‘priklar texnik holati hamda ular ostidan o‘tgan daryo va soylar ichidan tosh, qum-shag‘al qazib olinishi qonuniyligi o‘rganilgan.

O‘rganish natijalari bo‘yicha aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish yuzasidan 3 ta taqdimnoma kiritilgan hamda qo‘pol qonunbuzilish holatlari yuzasidan 3 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

2019-2021 yillar davomida noruda foydali qazilmalarni noqonuniy qazib olish bo‘yicha Qashqadaryo viloyatida 80 ta, Samarqand viloyatida 74 ta, Toshkent viloyatida 71 ta, Buxoro viloyatida 30 ta, Andijon viloyatida 29 ta, Surxondaryo viloyatida 28 ta, Farg‘ona viloyatida 26 ta, Navoiy viloyatida 24 ta, Jizzax viloyatida 22 ta, Namangan viloyatida 15 ta holat aniqlangan.

Noruda foydali qazilmalarni muntazam ravishda noqonuniy qazib olish ishlari Qashqadaryo, Samarqand va Toshkent viloyatlarida sodir bo‘lmoqda hamda ular yildan yilga oshib borish tendensiyasi Andijon, Buxoro, Jizzax, Namangan, Surxondaryo, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida aniqlangan.

Keyingi 3 yil davomida respublika hududidan oqib o‘tuvchi daryo o‘zanlari hamda qirg‘oqbo‘yida noruda foydali qazilmalarni qazib oluvchi 405 nafar tadbirkorlik sub’yektlaridan 60 tasida tegishli ruxsatnomalar rasmiylashtirmasdan noruda foydali qazilmalarni qazib olish holati aniqlangan.

Daryolar o‘zanlarini tozalashga va qirg‘oqlarini mustahkamlashga doir ishlarni amalga oshirish tartibi eng ko‘p buzilishi holatlari Namangan (123 ta), Farg‘ona (64 ta), Qashqadaryo (50 ta), Toshkent (29 ta), Andijon (25 ta), Samarqand (24 ta) viloyatlariga to‘g‘ri kelgan.

Respublika bo‘yicha noruda foydali qazilmalarni noqonuniy qazib olish holatlari ko‘rsatkichi 2019 yildagi 101 tadan, 2021 yil yakuniga kelib 200 taga, ya’ni qariyb 2 barobarga oshgan.

Mavzuga oid