O‘zbekiston | 22:43 / 04.09.2022
31813
13 daqiqa o‘qiladi

Qimmatlagan maktab darsliklari: ijtimoiy tarmoq faollari qanday munosabat bildirishdi?

Maktab darsliklarining ijara to‘lovi keskin ortgani ortidan ijtimoiy tarmoqlar qaynamoqda. Kimlardir 100 ming so‘mning nari-berisidagi summa arzimas ekanini ta’kidlayotgan bo‘lsa, boshqalar uzoq tumanlarda 2-3 nafar farzandi maktabga boradigan oilalar uchun bu sezilarli xarajat bo‘lishini aytishmoqda.

Foto: Kun.uz

Internetdagi fikr yetakchilari, blogerlar ham bu borada o‘zlarining fikrlarini ilgari surishmoqda.

Filolog, jurnalist va bloger Shahnoza Soatovaga ko‘ra, bu masalaga bozorda sotilayotgan kitoblardek qarab, narxdan norozilikni bolasiga kitob uchun pul qizg‘anish, deya talqin qilish noto‘g‘ri.

«Hech kim ota-onalardan darsliklar ijaraga berilishi masalasini ham, uning shartlarini ham avvaldan muhokama qilmagan, ijtimoiy kelishuv bo‘lmagan. Endi esa yana kengashmay narx 2–3 baravar oshirilyapti.

Bir tomon har doim o‘zicha shartlarni o‘zgartiradigan va boshqa tomon bajarishga majbur bo‘ladigan holat aslo shartnomaviy munosabat emas. Shunday holda ota-onalarga har yili shartnoma imzolatilishi va shartlar o‘zgaraverishi, iste’molchida esa tanlov imkoniyati bo‘lmasligi adolatsizlik.

Taklif shuki, bunday masalalar ota-onalar bilan kelishib hal etilsin. Hozirgi narxlar o‘zgarmas ekan, davlat masalaning ijtimoiy ahamiyatini e’tiborga olib va o‘zining bepul ta’limni ta’minlash mas’uliyatidan kelib chiqib, «yostiqcha» paydo qilishi, ya’ni avvalgi yilgi ijara narxlari bilan hozirgisi o‘rtasidagi farqni to‘lab berishi adolatdan bo‘ladi.

Darsliklar butkul bepul bo‘lgani yaxshi, deb populistlik qilishim mumkin edi-yu, ammo bir muddat darsliklar chop etilishi jarayonida qatnashganim uchun bilamanki, to‘liq davlat to‘lasa, o‘g‘riliklar karrasiga ortadi, budjetni yana xalq to‘ldirishiga to‘g‘ri keladi. Oshgan soliqlar shaklida baribir shu pulni to‘laymiz keyin. Undan ko‘ra, ramziy miqdorda bo‘lsa ham, oz qismini qo‘ldan berib, hisobini o‘zimiz so‘rab turganimiz ma’qul».

Huquqshunos va bloger Xushnud Xudoyberdiyevga ko‘ra, muammo ijara haqining mavjudligida emas, balki narxning he yo‘q, be yo‘q, 2 baravar oshib ketganida.

«Buning ortidan «o‘zi nega darsliklarga pul to‘lanyapti?» degan savollar berilmoqda, darsliklarni chop etuvchi tipografiyalarni o‘rganish boshlandi. Hammasi yaxshi, jamoatchilik nazorati bo‘lishi kerak.

Bunday keskin darajada oshgan narx xalq uchun og‘irlik qiladi. Kutilmaganda ularning cho‘ntagiga berilgan zarba bo‘lishi shubhasiz. Boz ustiga, ayrim sinflarning darsliklari umuman yangilanmagan, ammo ularda ham narx oshib ketgan. Bunisi endi 2 hissa adolatsizlik bo‘ldi.

Bunday narx siyosati odamlarda darsliklarning yangilanishiga qarshi salbiy taassurot uyg‘otadi. «He, yangilamay har balo bo‘lgurlar, undan ko‘ra bolam eski darslikda o‘qigani yaxshi edi», deyishadi. Sababi barchamizga ma’lumki, shu kungacha yaratilgan darsliklarning aksariyati sifatsiz bo‘lgan.

Lekin ijara narxining 2 baravardan ko‘proq oshishi mana shu qilinayotgan katta hajmli ishlarni so‘roq ostida qoldiradi, xalqda nafrat paydo qiladi.

Shu sababli darslik ijarasining narxlarini o‘tgan yildagidan oshmaydigan qilib moratoriy e’lon qilish, yetmayotgan qismini esa davlat budjetidan qoplash kerak.

Yoki ikkinchi kattaroq yo‘l: darsliklarni butunlay tekin qilib qo‘yish, hamma xarajatlarni davlat budjetidan qoplashdek inqilobiy qadamni qo‘yish kerak. Boshqa ayrim sohalarga bebiliska mablag‘ sarflanayotgan bir vaqtda, xalq ta’limidan va darsliklardan pulni qizg‘anish noto‘g‘ri bo‘ladi», — deb yozadi Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Bloger DavletovUz darsliklarni qaysi tashkilotlar chop etayotgani masalasiga e’tibor qaratgan.

«Maktab darsliklarining ijara narxi uch baravargacha oshishi jamoatchilik diqqat e’tiboridagi asosiy masalaga aylandi. Xalq ta’lim vazirligi esa o‘zini oqlamagan eksperimentlar, jamoatchilik ayyuhannosiga uchrayotgan — bir joyda depsinib turgan idoraga aylandi-qoldi.

2022 yilgi davlat budjeti parametrlariga ko‘ra, Respublika maqsadli kitob jamg‘armasiga 605 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi kerak edi. Xo‘sh, ushbu mablag‘lar qaysi kompaniyalarga ketmoqda?

Davlat xaridlari portali yangilangan (badtar bo‘lgan)dan beri, aniqrog‘i 2022 yilning 1 yanvaridan Xalq ta’limi vazirligi tomonidan darsliklar chop etishga e’lon qilingan tenderlarda «KOLORPAK» MChJ, agar adashmagan bo‘lsak, 260 mlrd so‘mdan ortiq buyurtmani yutgan. «O‘ZBEKISTON» NASHRIYOT MATBAA IJODIY UYI esa (100% davlatniki) 110 mlrd so‘mdan ortiq davlat buyurtmasini olgan. G‘afur G‘ulom nashriyoti (to‘liq davlatniki) esa taxminan 26 mlrd so‘m atrofida buyurtma olgan. «YANGIYUL POLIGRAPH SERVICE» MChJ esa taxminan 47 mlrd so‘mlik buyurtma olgan.

Darsliklar Konstitutsiya va davlat kafolatlagan bepul maktab ta’limining uzviy va ajralmas qismidir. Ayniqsa, prezident Shavkat Mirziyoyev najotni ta’limda ko‘rayotgan ekan, maktab darsliklari bepul bo‘lishi lozim», — deb yozadi DavletovUz.

Noshir va tadbirkor Feruz Allayev fikriga ko‘ra, maktab darsliklari uchun narxlar adolatli belgilangan.

«Mavzuni yaqindan o‘rganib chiqdim. Masalan, 2-sinf bolasiga 102700 so‘m evaziga 18 ta darslik berilar ekan. Darslikning o‘rtacha narxi 5705 so‘m. Darslik uch yil davomida ishlatilsa 17100 so‘mga to‘g‘ri kelyapti.

Endi shunchaki bosma narxlarini keltiraman. Bugun oddiy oq-qora sifatli qog‘ozda 300 betlik kitobni 3000 nusxada chop etish narxi 20000 so‘m atrofida. Bu hali faqat chop etish narxlari. Kitobni tayyorlash, muharrirlar, korrektorlar, mualliflik huquqlari hisobga olinmagan. Agar kitob rangli chop etilsa, narx kamida ikki marotabaga oshadi. Kitob, juda katta hajmda millionlab chop etilgan taqdirda ham xarajatlari bilan 17100 so‘m chiqishi juda zo‘r natija. Buyurtma qilib kitob chop ettiradigan odam sifatida aytyapman. Taxminim bo‘yicha narxning bir qismi subsidiya qilinadi.

Kitobning hamma xarajatlari bilan qo‘shganda tannarxi qimmatligi uchun ham oddiy oq qora kitoblarning bozordagi o‘rtacha narxi bugun 35–40 ming atrofida. Shu tomondan kelib chiqsa narx adolatli qo‘yilgan.

Endi masalaning ikkinchi tomoniga kelamiz. Kitoblarni chop etishda budjetdan pul ajratilganmi? Agar ajratilgan bo‘lsa qancha? Agar to‘liq moliyalashtirilgan bo‘lsa, unda nima uchun aholidan pul olinyapti? Aminmanki, budjet moliyalashtirgan bo‘lsa, vazirlikning kallasi mingta emas, aholidan pul yig‘ishga «duxi» yetmasdi. Budjetdan xarajatlar moliya tomonidan qanaqa nazorat qilinishini yaxshi bilaman.

Shu uchun ham kitoblar narxlari budjetdan moliyalashtirilmagan holatdan kelib chiqilsa juda arzon. Agar budjetdan moliyalashtirilgan bo‘lsa, qancha qismi, degan joyi bor.

Bu savollarga javob berish uchun deputatlar o‘zi ovoz bergan budjet loyihasini ko‘tarishi va undan qancha qismi darsliklar uchun ajratilganligini ko‘rib chiqishi kerak.

Bu yil 64 million dona darslik va qo‘llanmalar buyurtma qilingan ekan. Demak, budjetdan ajratilgan 605 milliard so‘mni 64 millionga bo‘ladigan bo‘lsak, budjetdan har bir kitob uchun o‘rtacha 9453 so‘m ajratilgan ekan. 17100 so‘m ota-onadan uch yilda olinadigan pulni hisoblasa, bir darslik narxi 26553 so‘mga to‘g‘ri kelyapti. Shunda ham arzon.

Endi savol tug‘iladi, darsliklar bepul bo‘lishi kerak bo‘lsa, budjetdan nimaga bunaqa kam summa ajratilgan? Yoki darsliklar pulli bo‘lishi kerak bo‘lsa, budjetdan nimaga pul ajratilgan?»

Iqtisodchi ekspert Otabek Bakirov o‘z Telegram-kanalida oxir-oqibatda xuddi shunday bo‘lishini bir yil avval «O‘QITUVCHI» matbaa uyi «KOLORPAK» MChJ nazoratiga o‘tganida, darsliklarini tayyorlash buyurtmasi to‘satdan davlat nashriyotidan olinib, «KOLORPAK» MChJga berilganida aytib o‘tgandik, deb yozadi.

«Qog‘oz narxi oshgani umuman ahamiyatsiz, logistika qiyinlashgani o‘ringa ega emas. Bular trillionlab summada kafolatlangan buyurtmalarni o‘zlashtirish uchun narxlarni baribir shishirishardi.

Shu ma’noda men e’tirozlar manzilini tushunmayman. Nega Xalq ta’limi vazirligiga, qanaqadir pulxonaga aylanib qolgan markazlar, inspeksiyalarga shikoyat qilinmoqda? Axir ular sheriklar-ku?! Gorizontal bo‘yicha sheriklar. Shuning uchun ham darsliklar uch karra qimmatlagan.

Xo‘sh, nima qilmoq kerak deysizmi? O‘zbekistonda hozircha xalq saylagan bitta institut bor — Prezident. Qolgan hammasi chala, amorf va o‘lik. Xalqda neki dard bo‘lsa, faqat Prezident nimanidir o‘zgartirish mumkin. Shuning uchun umid davlat rahbaridan.

Xo‘p, ungacha nima qilish kerak, deysizmi? Ungacha:

Birinchidan, uch karra qimmatlashtirilgan kitob olishdan bosh tortish kerak.

Ikkinchidan, bundan bu yog‘iga, qiymati 1 million dollardan ortiq har qanday buyurtma va tender xalqaro maqomga ega bo‘lishi zarur. Buncha katta hajmdagi darslik va o‘quv qo‘llanmalarni Finlandiya yo Turkiyada chop etib kelish ham arzon, sifatliroq bo‘lardi, deyishmoqda. Nima, o‘quvchi va ota-onalarning kitob mahri «KOLORPAK»ka tushganmi?» — deb yozadi Bakirov.

Maktab darsliklarini ishlab chiqishga mas’ul bo‘lgan davlat idorasi — Respublika ta’lim markazi direktori Shuhrat Sattorov Facebook’dagi o‘z sahifasida «Ijtimoiy tarmoqlar orqali menga va Respublika ta’lim markaziga uyushtirilayotgan axborot xurujlaridan sezdimki, bizga qarshi jiddiy kurash boshlangan», deb yozdi.

«So‘nggi 3 yilda ko‘pchilikning dumini bosib qo‘ydik. Bular orasida eng katta burilish — darsliklar tayyorlash vazifasi nashriyotlardan olinib, Respublika ta’lim markaziga berilgani bo‘ldi. Buning bosh sababi deyarli 20–30 yildan beri bir xil mazmundagi darsliklarning chop etilayotgani, shuningdek ta’lim mazmunini yangilashda tub burilish yasash edi.

Shu yilning 6 oyida Respublika ta’lim markazida har kuni 2,5 tadan, jami 300 nomdagi darslik-qo‘llanma tayyorlandi. Bu yil jami 60 mln darslik bosilishi reja qilingan. Bu O‘zbekiston tarixida misli ko‘rilmagan raqam. Ilk marotaba xorij darsliklari moslashtirildi, tarjima qilindi, birga yozildi. Bu orada eski avlod mualliflar maktabini yangilash uchun ayrimlardan voz kechilib, 350 nafarlik yangi avlod mualliflari maktabi shakllana boshladi.

Uyushtirilgan materiallarda darsliklar ijara narxi oshib ketganini Respublika ta’lim markazi bilan bog‘lashibdi. Darsliklarning yaratilish narxini shakllantirish uchun odatda yil boshida nashriyotlardan narx o‘rganamiz va bu narxlar ekspertiza xulosalari bilan asoslanadi. Ya’ni ularni yaratish uchun bozordan oshiq yoki sun’iy narx qo‘yishning imkoni yo‘q. Darslik ijara narxining qisman ko‘tarilishi xalqaro bozorda qog‘oz narxining oshib borayotgani bilan bog‘liq.

Darsliklar sifati, mazmuni va yangi yondashuv bilan maktablarga yangi ruh, yangicha muhit kirib boryapti. Buni o‘qituvchilar his qilishyapti, o‘quvchilar his qilishyapti. Bu masalada men ochiqchasiga muzokaraga tayyorman.

Biror tashkilot yoki shaxsga osongina qora chaplab, mehnati va nomini yo‘q qilishning zamonaviy usullari — ijtimoiy tarmoq orqali media xurujini uyushtirib, xalaqit qilayotganlarni va tizimni yo‘q qilish odatiy mexanizmga aylanyapti.

Agar menga va jamoaga qarshi shunday yo‘ldan borilayotgan bo‘lsa, men boshlagan ishlarni to‘xtatib, ta’limdan ketishga tayyorman. Chunki bundan tashqari boshqa ko‘plab sohalarda ham ishlay olaman.

Niyatim doim xolis bo‘lgan — maktab ta’limi uchun qiziqarli, zamonaviy ta’lim muhiti yaratish. Atrofimdagi yuzlab ekspertlar, ziyoli insonlarni ham shu maqsad jipslashtirgan», — deb yozgan Shuhrat Sattorov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq respublika maktablarida darslik to‘plamlarining ijara to‘lov miqdori ma’lum qilingan edi. Unga ko‘ra, sinflar bo‘yicha darsliklarning ijara to‘lovi 180 foizdan 341 foizgacha oshgani hisoblab chiqilgan.

Mavzuga oid