Jamiyat | 13:03 / 09.09.2022
12462
2 daqiqa o‘qiladi

OTV: Kunduzgi ta’limda o‘qiydiganlarning kontrakti xarajatlarning 68 foizini qoplamoqda

Sirtqida o‘qiydiganlar bor-yo‘g‘i yiliga ikki oycha o‘qiydi. Kontrakt puli esa 10 oy o‘qiydigan kunduzgi bo‘lim talabasi bilan bir xil. Bu qanchalik adolatli? Oliy ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov shu savolga javob berdi.

Uning qayd etishicha, kunduzgida to‘langan kontrakt xarajatning 68 foizinigina qoplaydi, sirtqi esa o‘zini-o‘zi (100 foiz) qoplaydi. Shu vaqtgacha kunduzgiga imtiyoz sifatida qaralgani uchun ham xarajatning qolgan qismi davlat hisobidan qoplanadi. Shu o‘rinda Toshqulov xarajatlar nimaga sarflanishini ham ochiqladi.

“Bu yerda asosiy xarajat o‘qituvchilarning oyligiga sarflanadi. Keling, mana ko‘ramiz, ta’limning kechki, sirtqi va masofaviy shakllari bo‘yicha pedagogikada 7 mln 400 ming, hozir xususiyga borsangiz, 18 mln so‘mga olyapti sirtqiga, lekin hech kim buni muhokama qilayotgani yo‘q. Xalqaro filiallarga borsangiz ham 20 million so‘mdan kam emas sirtqisi. Davlat hozir bunga ham subsidiya berib turibdi”, deydi vazir.

Ta’kidlanishicha, hozirda OTMdagi oddiy o‘qituvchi 7 mln, fan doktori, professorlar esa 15 mln so‘m atrofida oylik oladi. Vazirning aytishicha, ta’lim sifati bo‘lishi uchun birinchi o‘rinda ish haqi turishi lozim.

“Agar o‘qituvchi 2 oy dars o‘tib, to‘liq “nagruzka” olgan bo‘lsa, unga shu 2 oy uchun haq to‘lanmaydi. Unga 12 oylik maosh to‘lanadi. Shu bosimga yarasha ishlagan bo‘lsa, unga mehnat ta’tili va oylik puli ham to‘lab beriladi”, – deydi Toshqulov.

Mavzuga oid