O‘zbekiston | 11:10 / 10.09.2022
7572
3 daqiqa o‘qiladi

Tranzit deklaratsiyasini rasmiylashtirish tartibi tasdiqlandi 

Tranzit deklaratsiyasini to‘ldirish, rasmiylashtirish, unga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish, uni qaytarib olish hamda bekor qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Tranzit deklaratsiyasi bojxona hududi bo‘ylab bojxona nazorati ostida tashilayotgan tovar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan, tovar kelib tushadigan bojxona organigacha yetkazib berilgani nazoratini bojxona organlari tomonidan amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan hujjatdir. 

Tranzit deklaratsiyasini to‘ldirish, rasmiylashtirish, unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, uni qaytarib olish va bekor qilish E-Tranzit avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. 

Nizom mazkur tizim bilan ishlashga oid qator ko‘rsatmalarni o‘zida aks ettirgan:

  • deklaratsiyani to‘ldirish va bojxona organiga taqdim etish uchun deklaratsiyani amalga oshiruvchi shaxs tizimga jismoniy shaxs ERI orqali kirishi va tranzit deklaratsiyasini to‘ldirish uchun asos bo‘lgan hujjatlar va ma’lumotlarni kiritishi lozim;
  • tranzit deklaratsiyasi o‘zbek yoki rus tilida tuzilishi kerak;
  • tovar kuzatuv hujjatlarida shaxslar, tovarlar, transport vositalari nomlanishlari va boshqa ma’lumotlar lotin yoki boshqa (arab, xitoy va h.k.) alifbolar harflarida yozilgani holatlari uchrasa, u holda bunday ma’lumotlar tranzit deklaratsiyasida lotin alifbosi harflari bilan, kirill alifbosidagi nomlanishlar kirill alifbosi harflari bilan yoziladi (misol uchun, Central global cargo Gmbh, Xinjiang zhongtai chemical Co., LTD, “Magnitogorskiy metallurgicheskiy kombinat”, Kupriyanov Igor Mixaylovich);
  • tranzit deklaratsiyasi deklaratsiyalovchi shaxs tomonidan bojxona hududiga kirib kelayotgan tovarlar va transport vositalari bojxona chegarasini kesib o‘tguniga qadar yoki kesib o‘tish vaqtida beriladi;
  • bojxona hududida bojxona nazorati ostida tashilayotgan tovarlarni yetkazib berishni nazorat qilish uchun tranzit deklaratsiyasi tovarlar transport vositasiga yuklanishidan avval taqdim etiladi;

tranzit deklaratsiyasini qog‘oz shaklda berish faqat quyidagi hollarda amalga oshiriladi:

  • O‘zbekiston xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan hollarda (bunda har bir varaqqa shtamp bosiladi, vakolatli bojxona xodimi tomonidan imzolanadi va muhr bosiladi, yuqori o‘ng burchagida esa "nusxa" yozuvi bilan belgilanadi);
  • tashuvchi yoki haydovchi deklaratsiyani qog‘oz shaklini talab etsa.

Nizomda tranzit deklaratsiyasini shakllantirishda alohida maydonlarni to‘ldirish misollari keltirilgan.

Mavzuga oid