O‘zbekistonda ayrim banklar xorijliklarga karta berish shartlarini kuchaytirdi
12 sentabrdan boshlab O‘zbekistonda kamida ikkita bank norezidentlarga bank kartalarini berish shartlarini kuchaytirdi.
«Kapitalbank» matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bankda naqd pul oqimlari va operatsiyalari shaffofligini ta’minlash maqsadida ma’muriyat tomonidan komplayens nazorat kuchaytirilmoqda.
12 sentabrdan boshlab O‘zbekiston Respublikasining norezident jismoniy shaxslari banklarda hisobraqamlarini faqat quyidagi hollarda ochishlari mumkin:
- bankka murojaat qilingan kundan oldin 15 (o‘n besh) kalendar kundan ortiq uzluksiz O‘zbekiston hududida bo‘lganda;
- respublika ta’lim muassasalarida o‘qiyotganda va talaba maqomini tasdiqlovchi hujjatlarga ega bo‘lganda;
- O‘zbekistonda rasmiy ishga joylashganda.
O‘zbekiston fuqarolari uchun bank hisobvaraqlari va omonatlarini ochish shartlari o‘zgarishsiz qolmoqda.
«Ipak yo‘li» banki ma’lum qilishicha, 12 sentabrdan boshlab norezidentlar uchun hisobvaraqlar ochish (shu jumladan, plastik kartalar va mobil ilovada identifikatsiya qilish) faqat bank bosh ofisidagi operatsion boshqarmada amalga oshiriladi.
Bankning qolgan barcha filiallari norezidentlar uchun hisobvaraq ochish uchun arizalarni vaqtincha qabul qilmaydi. Yuqoridagi o‘zgartirishlar joriy yilning 12 sentabriga qadar ochilgan norezidentlarning xizmat ko‘rsatish hisobvaraqlariga taalluqli emas.
Eslatib o‘tamiz, Ukrainada «maxsus operatsiya» boshlanganidan so‘ng ko‘plab G‘arb davlatlari Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritgan edi. Rossiya banklari cheklovlarga duchor bo‘ldi.
Rossiyaliklar mamlakatdan tashqarida kartalar bilan to‘lovlarni amalga oshira olmaydi va xorijiy to‘lov xizmatlaridan foydalana olmaydi. Bunday sharoitda ko‘plab Rossiya fuqarolari yechim izlab, ommaviy ravishda MDH mamlakatlariga, jumladan, O‘zbekistonga bank kartalarini chiqarishga kelyapti.
6 mart kuni Visa va Mastercard Rossiyadagi barcha operatsiyalarni to‘xtatganini e’lon qildi. Endi Rossiya turoperatorlari rossiyaliklar ushbu kartalarni O‘zbekistonda ochishlari uchun maxsus turlarni taklif qilmoqda.
Rossiyadagi ba’zi sayyohlik firmalari maxsus sayohat paketlarini tashkil qildi. Ushbu turni sotib olgan rossiyalik O‘zbekistonga kelib, bank kartasini rasmiylashtirishi mumkin. Ko‘pgina sayyohlik firmalari buni «juda oson va bir necha kun davom etadi» degan. Bitta karta o‘rtacha 7,7 million so‘mga tushadi.
Iyun oyi boshida O‘zbekiston Rossiyada «karta turizmi» yetakchisiga aylangani ma’lum bo‘ldi. Keyinroq tarmoqda Rossiyada o‘zbekistonlik valuta chayqovlari faollashgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi.
Mavzuga oid
07:15 / 24.07.2024
Talabalar, nogironligi borlar va urush qatnashchilarining shaxsiy guvohnomalari ijtimoiy kartaga almashtiriladi
08:10 / 17.06.2024
Toshkentda o‘zganing plastik kartasidan 110 mln so‘m o‘g‘irlagan shaxs ushlandi
16:54 / 27.03.2024
Samsung Pay «Mir» kartasi orqali to‘lovlarini o‘tkazishni to‘xtatmoqda
07:50 / 15.03.2024