O‘zbekiston | 12:58 / 21.09.2022
5723
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonga yuqori hosilli bug‘doy navlarining 20 ming tonna urug‘ligi keltirildi

Rossiya seleksiyasiga mansub ertapishar, yuqori hosilli bug‘doy navlari 20 ming tonna urug‘ligi Jizzax viloyatidagi agroklaster tomonidan olib kelindi.

Foto: Kun.uz

Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabariga ko‘ra, bugungi kunda ushbu urug‘lik donni belgilangan tartibda tozalash, saralash, dorilash va qadoqlash bo‘yicha tadbirlar olib borilmoqda. Urug‘lik donni respublika bo‘ylab kuzgi muddatlarda ekish uchun g‘alla yetishtiruvchi agroklaster va fermer xo‘jaliklariga to‘g‘ri taqsimlash hamda yetkazib berish ishlari Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tomonidan tashkillashtirilmoqda.

Import qilingan mazkur urug‘lar hisobiga O‘zbekiston sharoitida g‘alla hosildorligi 10-15 foizga oshishi kutilmoqda. Bunda urug‘ o‘z vaqtida olib kelinishi katta ahamiyatga ega, erta ekilgan urug‘ yuqori hosil olinishiga puxta zamin yaratadi.

Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tomonidan 2023 yil hosili uchun urug‘lik g‘alla maydonlarida o‘tkazilgan dala aprobatsiyasi natijalariga ko‘ra, 77,8 ming gektar yer maydonlari yaroqli deb topilgan hamda 270 ming tonnadan ortiq urug‘lik don jamg‘arilgan. 

Soha olim va mutaxassislari ko‘p yillik tahlillariga ko‘ra, Rossiya Krasnodar o‘lkasidagi P.Lukyanenko nomidagi Don milliy markazi seleksiyasiga mansub respublika tuproq-iqlim sharoitiga mos, tabiat turli stress omillariga chidamli serhosil bug‘doy navlari yuqori avlodli urug‘liklari hisobiga boshoqli don ekinlaridan yuqori va barqaror hosil yetishtirish imkoniyatlarini bermoqda.

Mavzuga oid