O‘zbekiston | 07:08 / 26.09.2022
5882
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent – Chirchiq – Hojikent yo‘nalishida tezyurar elektropoyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yildi

2022 yil 24 sentabridan boshlab Toshkent – Chirchiq – Hojikent yo‘nalishi bo‘ylab shaharlararo tezyurar elektropoyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yildi, bu Chirchiq shahriga safar vaqtini 45 daqiqagacha qisqartirdi.

Foto: O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi

Toshkent–Janubiy temiryo‘l vokzalidan jo‘nayotgan poyezd poytaxtda yana ikkita bekatda to‘xtab o‘tadi – Toshkent-Markaziy vokzalida va Salar stansiyasida. Yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida Toshkentdagi «Toshshahartransxizmat» va Chirchiq shahridagi ixtisoslashtirilgan tashkilotlar bilan elektropoyezdlar kelishi va jo‘nash jadvaliga shahar transportining qulay yo‘nalishlarini tashkil etish bo‘yicha qo‘shma ishlar amalga oshirilgan.

Hozirda tezyurar poyezdlar har shanba va yakshanba kunlari qatnaydi. Yaqin kelajakda yangi va zamonaviy elektropoyezdlar sotib olingandan so‘ng, qatnovlar soni ko‘payadi va shahar atrofidagi elektropoyezdlar ish kunlari ham yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishi aytilgan. 

Berlinda bo‘lib o‘tgan «Innotrans-2022» xalqaro ko‘rgazmasida «O‘zbekiston temir yo‘llari» vakillari Ispaniya, Shveytsariya, Chexiya, Polsha, Germaniya, Xitoy va boshqa bir qator mamlakatlar korxonalari bilan elektropoyezdlar sotib olish masalasida muzokaralar olib bordi.

Mavzuga oid