Sport | 15:01 / 01.10.2022
13260
14 daqiqa o‘qiladi

Manchester va Londonda derbi, «Roma» «Inter»ga qarshi. Hafta o‘yinlari anonsi

Foto: Getty Images

Yevropada klublar futboli eng tig‘iz pallaga kelmoqda. Jahon chempionati tufayli oktyabr oyida har uch kunda futbol ko‘ramiz, top-klublar esa shu oyning o‘zida 10tadan uchrashuvda maydonga tushadilar. Chempionatlardagi muvozanat ham, YeChL guruh bosqichi ham aynan shu oyda deyarli hal bo‘ladi. El Klasiko-yu Der Klassiker, A Seriyaning ham klasikosi bo‘lmish «Yuventus» va «Milan» to‘qnashuvi, Manchester va London derbilari aynan shu oyda bizni kutib turibdi. Qani, bugundan boshladik.

APL. 9-tur
1 oktyabr (shanba)
ARSeNAL – TOTTeNHEM
O‘yin boshlanish vaqti:
 16:30
Translatsiya: Setanta Spors

Shimoliy London derbisi. Birgina shu ta’rifning o‘zi ushbu uchrashuvga e’tibor qilish uchun yetarli bo‘lsa-da, bu safar turnir jadvali nuqtai nazaridan ham eng markaziy o‘yiniga aylangan va hatto Manchester derbisini ham soya ostida qoldirishi mumkin. Arteta shogirdlari 7 o‘yindan 6tasida g‘alaba qozonib, yakka peshqadam bo‘lib turgan bo‘lishsa, «Tottenhem» atigi bir ochko ortda bormoqda va hali mag‘lubiyatga uchragani yo‘q.

Ammo har ikki jamoaning bunday ijobiy seriya ko‘rsatishiga musobaqa taqvimi ham ta’sir qilganini ta’kidlashmoqda. «Arsenal» ham, «Tottenhem» ham ushbu mavsumda top-6ga qarshi bittadan o‘yinda maydonga tushishdi. «Arsenal» «Old Trafford»da mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa, Konte jamoasi «Stemford Brij»da faqat so‘nggi daqiqalarda hisobni tenglashtirdi. Ya’ni, hozircha bu jamoalar nisbatan kuchsizroq raqiblar bilan yo‘qotishsiz ketayotganliklari uchun ham oldinda borishmoqda va bu derbi har ikki jamoa uchun ham katta imtihon.

O‘yin terma jamoalar yig‘inlaridan so‘ng bo‘layotgani uchun asosiy tarkibni taxmin qilish qiyin, zero qaysi futbolchi qanday formada bo‘lishi hozircha ma’lum emas. Agar tanaffusdan oldingi holatdan kelib chiqsak, mezbonlarda Smit-Rouning jarohati Artetaning qo‘lini bog‘lashi mumkin. Undan tashqari, Sedrik Soaresh, El-Nennilarning ham jamoaga yordam berishi so‘roq ostida. «Tottenhem»da yo‘qotishlar jiddiyroq – Lorisning darvozada turishi so‘roq ostida, shuningdek, so‘nggi paytlarda oldingi chiziqda asosiy figuralardan biriga aylangan Kulusevski bir necha kunga safdan chiqqan. Lekin «Lester»ga qarshi o‘yin Son Hyon Minning ham qaytganini ko‘rsatdi. Konteda tarkib tanlashda muammo bo‘lmasligi kerak.

O‘zaro o‘yinlardagi yaqin tarixga qarasak, oxirgi ikki mavsumda kim mezbon bo‘lsa, o‘sha jamoaga omad kulib boqmoqda. So‘nggi 30 o‘yinda umuman natijalar teng – har ikki tomonda 11tadan g‘alaba. Yana bir qiziq ma’lumot – Premer-liga tashkil bo‘lganidan buyon «Arsenal» mavsum yakunlarida qo‘shnilaridan doim yuqoriroq o‘rinni egallab kelgan. Ammo besh yildan beri muvozanat o‘zgardi va endi «Tottenhem» mavsumni yuqorida yakunlamoqda. Nafaqat bugungi o‘yin, umuman mavsum nuqtai nazaridan ham ancha prinsipial to‘qnashuvning guvohi bo‘lishga tayyorgarlik ko‘ravering.

A Seriya. 8-tur
1 oktyabr (shanba)
INTeR – ROMA
O‘yin boshlanish vaqti:
 21:00
Translatsiya: Sport

Ko‘pchilik A Seriyaning joriy mavsumini aynan «Inter» va «Roma» kuchli boshlashini taxmin qilishgandi. Milanliklar o‘tgan mavsumda chempionlik uchun kurashishgan va yozda bir qator zarur transferlarni amalga oshirishgan. «Roma» esa transfer bozorida eng yaxshi ishlagan klub bo‘ldi – Matich, Belotti, Veynaldum, Dibala kabi tajribali futbolchilar kelib qo‘shildi. Mourinoning ikkinchi mavsumi haqidagi afsonalar ham hali butkul bekor qilinmadi.

Lekin kutilmaganda, avgust-sentabr ko‘proq «Napoli», «Atalanta» va «Udineze» kabi jamoalarga ataldi. Qahramonlarimiz esa hozircha oltinchi va yettinchi o‘rinlarni egallab turishibdi. E’tiborli jihati, har ikki jamoa aynan katta o‘yinlarda ishonchni oqlay olmayapti – «Inter» allaqachon ham «Latsio», ham «Milan», ham «Udineze»ga mag‘lubiyatga uchrab ulgurdi, Chempionlar ligasida «Bavariya»ga qarshi hech narsa qila olmadi. «Roma» esa o‘tgan turda «Atalanta»ga o‘z maydonida imkoniyatni boy bergan bo‘lsa, «Udineze»ga qarshi safar o‘yini yirik mag‘lubiyat bilan yakunlangandi. Taxmin qilish mumkinki, har ikki murabbiy uchun ham hal qiluvchi to‘qnashuv bo‘ladi va agar kimdir mag‘lubiyatga uchraydigan bo‘lsa, hatto kursisi qimirlab, iste’fo haqida xabarlar chiqa boshlashi mumkin.

Yo‘qotishlarga kelsak, «Inter» safida Marselo Brozovichning yo‘qligi bilinishi tabiiy. Futbolchi sariq kartochkalar ko‘payib ketgani uchun diskvalifikatsiya qilingan. Buning ustiga u milliy jamoalar yig‘inida Avstriyaga qarshi uchrashuvda jarohat ham olib, qisqa muddatga safdan chiqdi. «Inter»ni kelasi hafta «Barselona»ga qarshi muhim o‘yin kutib turganini e’tiborga olsak, jiddiy yo‘qotish. Rimliklar tarkibida jarohatlanganlar yo‘q hisobi. Faqat maydon chetida bir insonning yo‘qligi bilinishi aniq – Joze Mourino «Atalanta»ga qarshi o‘yinda hakam tomonidan chetlatilgandi. «Inter»ga qarshi jamoani uning yordamchisi Salvatore Foti boshqarib turadi.

O‘zaro o‘yinlarga kelsak, 2017 yilning fevralida «Roma» raqibi ustidan 3:1 hisobida g‘alaba qozongandi. Gollarni Nainggolan va Perotti, milanliklardan esa Ikardi kiritgan. «Roma» tarkibida Saloh, Jyeko va Shchensni, «Inter»da esa Medel va Kondogbiyalar to‘p surgan. O‘sha tarkibdan «Inter»da faqat darvozabon va bugun maydonga tusha olmaydigan Brozovich qolgan bo‘lsa, «Roma»da hech kim yo‘q. Ya’ni ancha bo‘ldi. Xullas, o‘sha uchrashuvdan beri 11 o‘yin o‘tdi va rimliklar «Inter» ustidan g‘alaba qozona olgani yo‘q. Darvoqe, mana shu eslangan o‘yin ham Milanda bo‘lib o‘tgandi.

La Liga. 7-tur
1 oktyabr (shanba)
SeVILYa – ATLeTIKO
O‘yin boshlanish vaqti:
 21:30
Translatsiya: YoshlarTV

La Ligada chempionlik kurashi katta ehtimol bilan «Real» va «Barselona» o‘rtasida kechishi ko‘rinib turibdi. So‘nggi mavsumlardan farqli ravishda, bu jamoalarda muammolar yo‘q va bunday shartlarda keyingi eshelonning qarshilik qila olishi imkonsiz. Ammo qo‘yiroqda, ya’ni Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun ham ancha shiddatli kurashning guvohi bo‘lishimiz ehtimoli katta. Mavsumni yaxshi boshlagan «Atletik» va «Betis»ni hozircha qavs ichiga olib tursak, yana uch jamoa – «Sevilya», «Atletiko» va «Vilyareal» tarkibi, tajribasi, Yevropadagi o‘rni (qizig‘i, oxirgi to‘rt yilda uchala jamoa ham Yevropa ligasi g‘olibi bo‘lgan) nuqtai nazaridan bir-biriga juda mosdir. Turli uslub va murabbiylar, ammo o‘zaro mos saviyadagi ijrochilar bo‘lgan bu uch jamoa yakunda qanday natijaga ega bo‘lishi albatta, qiziq. Ularning o‘zaro o‘yinlari esa tabiiyki, La Liganing haqiqiy sifat belgisini namoyish qiladi – El-Klasiko ko‘proq dunyo futboli to‘qnashuvi bo‘lsa, mana bunday o‘yinlar La Liganing haqiqiy tashrif qog‘ozidir.

Ammo bugungi turnir jadvaliga qaraganimizda, «Atletiko» ham, ayniqsa, «Sevilya» ham kutilganidan ko‘p ochko yo‘qotdi va endi yuqoriga chiqishga urinmoqda. Bunday sharoitda har qanday yo‘qotilgan ochko vaziyatni og‘irlashtirishi shubhasiz. O‘tgan turda «Sevilya» «Vilyareal» bilan durang o‘ynagan bo‘lsa, «Atletiko» Madrid derbisida yutqazdi. Oktyabr klublar uchun juda tig‘iz va bu jamoalar Chempionlar ligasida ham to‘p surayotganini e’tiborga olsak, juda muhim ham. Shunday davrni albatta, g‘alaba bilan boshlash shart.

Mezbonlar tarkibida Korona va Markaoda jarohatlar bor va bu o‘yinda maydonga tusha olishmaydi. Simeone shogirdlari ichida faqat Mario Ermeso sheriklariga yordam bera olmaydi. Esingizda bo‘lsa, u «Real»ga qarshi o‘yinda avval hisobni tenglashtirgan, keyin esa maydondan chetlatilgandi. Futbolchi bugun diskvalifikatsiyasini o‘taydi.

APL. 9-tur
2 oktyabr (yakshanba)
MANCheSTeR SITI – MANCheSTeR YuNAYTeD
O‘yin boshlanish vaqti:
 18:00
Translatsiya: Setanta Spors

Derbi oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumani Pep Gvardiola raqib murabbiyi Erik ten Hag haqida iliq fikrlar aytdi va o‘zidan keyin «Manchester Siti»ni boshqarish uchun Erik munosib nomzod bo‘lardi, dedi. Bu albatta katta e’tirof va yana bir jihatni ifodalaydi – usluban murabbiylar juda yaqin, Erik ten Hag Manchesterning qizil tarafida ham xuddi Gvardiola jamoasidek uslubdagi jamoa qurishi mumkin. Derbida esa ten Hag o‘sha o‘zi intilayotgan va tayyor jamoaga qarshi sinovdan o‘tadi.

Albatta, bugungi «Manchester Yunayted» o‘yinni to‘liq nazorat qiladigan «Ayaks» yoki «Manchester Siti»dan ancha uzoq, ayniqsa, katta raqiblarga qarshi ten Hag qarshi hujumlarga tayangan holda harakat qilmoqda. Jamoa tarkibidagi ijrochilar ham asosan Mourino va Sulsher davrida shakllangan, tabiiyki, dastlabki oylarda ularning ustunliklariga mos shaklda taktika tanlanadi. Umuman «Manchester Siti»ga qarshi har qanday jamoa ham qarshi hujumlarga tayanishi tabiiy. «Yunayted» muxlislari aynan tezkor qarshi hujumlar uchun mos bo‘lgan Reshford va Marsiyalning jarohatidan xavotirda edilar. Lekin ma’lum bo‘lishicha, Marsiyal hafta davomida jamoa bilan shug‘ullangan, Reshford ham qaytgan. Mehmonlar tarkibida faqat Harri Maguayr milliy jamoa o‘yinida jarohat oldi va derbida o‘ynay olmaydi. Lekin shundoq ham jamoa sardori so‘nggi uchrashuvlarda zaxirada qolayotgandi.

Har ikki murabbiyga berilgan savollar ichida jurnalistlar Holand – Martines dueliga e’tibor qaratdilar. Shubhasiz, Holand hozirda APLning eng yaxshi hujumchisi, Martines esa dastlabki turlarda past bo‘yi tufayli ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lsa-da, keyinchalik o‘z o‘yinini topdi va ko‘p ko‘rsatkichlar bo‘yicha hozirda turnirning eng yaxshi markaziy himoyachilaridan biri bo‘lib turibdi. Gvardiola Martines haqida iliq fikrlar bildirgan holda, Holandning bo‘yi baland ekani va jarima maydonida bu ustunlik berishi mumkinligini ta’kidladi. Aytgancha, bu ikki futbolchi o‘tgan mavsumda boshqa jamoalar safida YeChL musobaqasida to‘qnash kelishgan. O‘shanda himoyachining qo‘li baland kelgandi. Mezbonlar safida markaziy himoyada muammolar bor. Lyaport ham, Stounz ham jarohatlanishgan. Lekin so‘nggi o‘yinlarda Akanji ham yuqori saviyada o‘yin ko‘rsatayotganini ta’kidlash zarur.

O‘zaro o‘yinlarga kelsak, oxirgi o‘n yillikni olganda, deyarli tenglikni ko‘rishimiz mumkin. «Manchester Siti» ligada gegemonlik qilayotgan bo‘lsa-da, aynan derbilarda yaqqol ustunlikni ko‘rmaymiz. Faqat oxirgi mavsum jamoalar o‘rtasidagi farqni ochib berdi. «Yunayted» o‘z g‘alabalarini asosan himoyaviy uslubda va alohida reja bilan yutgan bo‘lsa, o‘tgan mavsumning har ikki o‘yinida «Manchester Siti» yaqqol ustunlik qildi va umumiy 6:1 hisobida ikki o‘yinni o‘z foydasiga hal qildi. Bemalol ikki barobar ko‘proq gol urishi ham mumkin edi. Erik ten Hag bu farqni qay darajada qisqartirdi, «Arsenal» va «Liverpul»ga qarshi o‘yinlar kabi, bu safar ham aniq reja va ijroni ko‘ra olamizmi, bu savollarga yakshanba kuni javob olamiz.

BOShQA O‘YINLAR

1 oktyabr. NAPOLI – Torino (18:00), Ayntraxt – UNION BeRLIN (18:30), Kristal Pelas – CheLSI (19:00), LIVeRPUL – Brayton (19:00), Malorka – BARSeLONA (23:55)

2 oktyabr. LATsIO – Spetsiya (15:30), ATALANTA – Fiorentina (21:00), YuVeNTUS – Bolonya (23:45),PSJ – Nitssa (23:55), ReAL – Osasuna (23:55).

Mavzuga oid