Sport | 18:02 / 04.10.2022
26869
3 daqiqa o‘qiladi

Osiyo o‘yinlari-2029 mezbonligi hali qurilmagan shaharga berildi 

Osiyo Olimpiya Kengashi (OOK) 4 oktyabr kuni Kamboja poytaxti Pnompen shahrida o‘tkazilgan Bosh assambleyasida Saudiya Arabistonining Trojyena shahrini 2029 yilgi qishki Osiyo o‘yinlari mezboni sifatida tasdiqladi. Qizig‘i shundaki, bu shahar mutlaqo yangidan quriladi. 

Foto: neom.com

Trojyena – valiahd shahzoda Muhammad ibn Salmon tomonidan e’lon qilingan qiymati 500 milliard dollarlik futuristik Neom shahri loyihasining bir qismidir. Uning qurilishi 2029 yilda yakunlanadi va Fors ko‘rfazidagi birinchi ochiq tog‘-chang‘i kurorti bo‘ladi. 

So‘nggi bor qishki Osiyo o‘yinlari 2017 yilda Yaponiyaning Sapporo shahrida o‘tkazilgandi. 2021 yilgi musobaqa Pekinda o‘tkazilishi rejalashtirilgandi, biroq, koronavirus pandemiyasi tufayli bekor qilindi. 2025 yilgi o‘yinlarni o‘tkazish uchun nomzod topilmadi. 2029 yilgi o‘yinlar uchun Trojyena yagona nomzod edi. 

Saudiya Arabistonida havo harorati kamdan kam hollarda 8 darajadan pastga tushsa-da, mamlakat rahbariyati qishki o‘yinlarni yuqori saviyada o‘tkazishga va’da bermoqda. Trojyena Saravat tog‘lari etagida barpo etiladi. Dam olish maskani qayta tiklanadigan energiyadan quvvat oladi, shuningdek, rejada tog‘-chang‘i qishloqchasi, hashamatli oilaviy va sog‘lomlashtirish markazlari, mintaqadagi eng yirik chuchuk suvli sun’iy ko‘l va interaktiv tabiat qo‘riqxonasi ham barpo etiladi. Saudiya Arabistoni G‘arbiy Osiyoda bunday tadbirga mezbonlik qiladigan birinchi davlat bo‘ladi.

Trojyena loyihasi Saudiya Arabistoni Olimpiya va Paralimpiya qo‘mitasi prezidenti va OOK vitse-prezidenti shahzoda Abdulaziz ibn Turkiy Ol Faysal, Neom bosh direktori Nazmiy An-Nasr, Saudiya Arabistonining birinchi olimpiya chang‘ichisi Fayik Abdiy, hokkeychi Sadim At-Tuhamiy tomonidan taqdim etildi. Unga ko‘ra, musobaqada erkaklar va ayollar o‘rtasida 47 shoda medallar o‘ynaladi. O‘yinlarni o‘tkazishda tabiiy qordan tashqari sun’iy qordan ham foydalaniladi. 

Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon sport orqali mamlakatning jahondagi imijini yaxshilashga harakat qilmoqda. Qishki Osiyo o‘yinlaridan tashqari, Saudiya Arabistoni 2023 yilda Butunjahon jang san’atlari o‘yinlari, 2025 yilda Yopiq inshootlardagi Osiyo o‘yinlari, 2034 yilda Ar-Riyozda yozgi Osiyo o‘yinlarini o‘tkazish huquqini ham qo‘lga kiritgan. 

Bundan tashqari, 2030 yilda futbol bo‘yicha jahon chempionatini Misr va Gretsiya bilan birgalikda o‘tkazish masalasi ham faol muhokama qilinmoqda.

Mavzuga oid