Jahon | 09:08 / 10.10.2022
14526
4 daqiqa o‘qiladi

Estoniya bosh vaziri Putin bilan muzokaraga kirishmaslikka chaqirdi

Pragada bo‘lib o‘tgan Yevropa siyosiy hamjamiyatining sammiti arafasida Kaya Kallas Rossiya prezidenti Vladimir Putinni harbiy jinoyatchi deb atadi va uni «bosqinchilik jinoyatlari» uchun javobgarlikka tortishga chaqirgan.

Foto: AP

Estoniya bosh vaziri Kaya Kallas Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Ukrainadagi vaziyatni tinch yo‘l orqali hal qilish bo‘yicha muzokaralarga kirishmaslikka chaqirdi. «Biz terrorchilar bilan muzokara qilmasligimiz kerak, chunki bu ular uchun foydali. Uzoq muddatli istiqbolda biz yuqoriroq narx to‘lashga majbur bo‘lamiz», dedi Kallas bunday muzokaralarni boshlash istiqbollari haqida Britaniyaning The Telegraph gazetasiga bergan intervyusida. Suhbat bir necha kun avval Pragada bo‘lib o‘tgan Yevropa siyosiy hamjamiyatining (YeSH) sammiti doirasida uyushtirildi.

«Putinga kelsak, u, albatta, harbiy jinoyatchi va sodir etgan bosqinchilik jinoyatlari uchun jazolanishi kerak», — dedi Estoniya hukumati rahbari.

Shu bilan birga, Kallas G‘arb ittifoqchilari Ukrainani «ular (ukrainaliklar) hali tayyor bo‘lmagan muddatidan oldin tinchlik muzokaralariga» ko‘ndirishi mumkinligidan xavotir bildirdi. Estoniya bosh vazirining so‘zlariga ko‘ra, G‘arb avvallari «temir parda» ortida turgan davlatlar uchun tinchlik nimani anglatishini «butunlay boshqacha tushunadi». «Yevropaning yarmi uchun Ikkinchi jahon urushining tugashi tinchlik, farovonlik degani edi, - deb tushuntirdi u. - Yevropaning narigi tomonida tinchlik degani vahshiylik, qiynoqlar va ommaviy deportatsiyalar nazarda tutilgan».

The Telegraph nashrining yozishicha, Kaya Kallasning onasi atigi olti oylik bo‘lganida, sovet hukumati buyrug‘i bilan uning oilasi mol tashish uchun mo‘ljallangan vagonga joylashtirilib, Sibirga surgun qilingan. U Estoniyaga faqat o‘n yoshida qaytib kelgan.

Avgust oyi holatiga ko‘ra, Estoniya Kiyevga 250 million yevro miqdoridagi harbiy yordam, jumladan, Javelin tankka qarshi raketalar, gaubitsalar, tankka qarshi minalar, granatomyotlar, o‘q-dorilar va avtomashinalar yuborgan.

The Telegraph nashrining yozishicha, dunyoning hech bir davlati Ukrainaga yalpi ichki mahsulotning aholi jon boshiga nisbatida Estoniyadan ko‘proq harbiy texnika taqdim etmagan.

Pragada bo‘lib o‘tgan YeSH sammitida Kaya Kallas Yevropa ittifoqining Ukraina uchun yanada ko‘proq qurol-yarog‘ ajratish va Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar kiritish haqidagi o‘z talablarini takrorladi.

Yevropada «siyosiy hamkorlik, xavfsizlik va energetika sohasida hamkorlik bo‘yicha» yangi tashkilot – Yevropa siyosiy hamjamiyatini yaratish tashabbusi Fransiya prezidenti Emmanuel Makron tomonidan 2022 yilning may oyida, Ukraina Yevropa ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirganidan so‘ng ilgari surilgan edi.

6 oktyabr kuni Pragada ochilgan va Yevropa ittifoqining norasmiy sammiti bilan parallel ravishda o‘tkazilgan birinchi YeSH sammitida Turkiya, Ukraina va Kosovo kabi 44 davlat rahbarlari ishtirok etdi. Unga Rossiya va Belarus taklif qilinmadi.

Mavzuga oid