Iqtisodiyot | 10:22 / 12.10.2022
40514
3 daqiqa o‘qiladi

XVJ 2023 yil uchun global iqtisodiy o‘sish prognozini pasaytirdi

Inflatsiya, shuningdek, Ukrainadagi urush va COVID-19 pandemiyasi oqibatlari kelgusi yilda global yalpi ichki mahsulotning rivojlanishiga asosiy ta’sir ko‘rsatadi. XVJ ma’lumotlariga ko‘ra, Germaniyani retsessiya kutmoqda.

Foto: Getty Images

Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) 11 oktyabr, seshanba kuni 2023 yilda global iqtisodiy o‘sish prognozini 2,7 foizgacha pasaytirdi. Taqqoslash uchun: iyul oyida tashkilot ekspertlari jahon yalpi ichki mahsulotining 2,9 foizga o‘sishini hisoblashgan. Yevrozonada bu ko‘rsatkich atigi 0,5 foizni tashkil qiladi, bu haqda «Jahon iqtisodiyoti rivoji istiqbollari» (World Economic Outlook) deb nomlangan joriy hisobotda aytilgan.

«Qisqasi, eng yomoni hali oldinda va odamlar uchun 2023 yil turg‘unlik sifatida qabul qilinadi», deb ta’kidlaydi XVJ tadqiqot departamenti direktori Per-Olive Gurinsh hujjatning kirish qismida. «Bo‘ronli bulutlar yig‘ilayotganda, siyosiy qarorlar qabul qiladiganlar o‘zini xotirjam tutishi kerak», deb tavsiya qilgan u.

Shu bilan birga, XVJ joriy prognozning ishonchsizligiga e’tibor qaratadi: sababi, jahon iqtisodiyotining kelajagi markaziy banklar pul-kredit siyosatiga, Ukrainadagi urushning borishiga va Xitoy uchun COVID-19'ning keyingi oqibatlariga juda bog‘liq. 

Germaniya iqtisodiyoti, XVJ ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda 1,5 foizga o‘sadi va 2023 yilda 0,3 foizni yo‘qotadi. Shunday qilib, 2022 yil iyul oyidagi hisobot bilan taqqoslaganda, tashkilot Germaniya iqtisodiyoti uchun o‘sish kutilmalarini 1,1 foiz punktga pasaytirdi.

XVJ ekspertlari nuqtayi nazaridan Italiyani kelgusi yil turg‘unlik kutmoqda. Uning yalpi ichki mahsuloti 0,2 foizga qisqaradi, deyiladi World Economic Outlook hujjatida.

Rossiyada iqtisodiyot hajmi 2022 yilda 3,4 foizga, 2023 yilda esa 2,3 foizga qisqaradi. Bu iyul oyiga qaraganda ancha optimistik prognoz. O‘shanda XVJ Rossiya yalpi ichki mahsuloti joriy yilda 6 foizga, kelasi yili esa 3,5 foizga qisqarishini taxmin qilgan edi.

Belarus iqtisodiyoti 2022 yilda 7 foizga pasayadi, biroq tahlilchilar prognoziga ko‘ra, bir yildan keyin u biroz o‘sadi - 0,2 foizga. Shu bilan birga, joriy yilda Ukraina yalpi ichki mahsuloti 35 foizga qisqaradi, deyiladi hisobotda. XVJ iqtisodchilari Ukraina iqtisodining 2023 yil uchun prognozini bermayapti, bu «noaniqlikning yuqori darajasi» bilan izohlanmoqda.

Ayni paytda, XVJ prognoziga ko‘ra, dunyodagi eng yirik AQSh iqtisodiyoti 2022 yilda 1,6 foizga, 2023 yilda esa 1 foizga o‘sadi.

XVJ hisob-kitoblariga ko‘ra, inflatsiya 2022 yilning uchinchi choragida 9,5 foizni tashkil etadi, ammo 2024 yilga borib iste’mol narxlari o‘sishi 4,1 foizgacha pasayadi.

Mavzuga oid