Iqtisodiyot | 15:32 / 17.10.2022
35953
3 daqiqa o‘qiladi

Iqtisodchilar juda yuqori global inflatsiya davrini prognoz qilyapti

2022 yil oxirida global inflatsiya 9,5 foizga yetishi mumkin, deya ta’kidlandi 129 mamlakatdan bo‘lgan 1687 iqtisodchi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovda. Ayniqsa, Sharqiy Afrikada inflatsiya yuqori - deyarli 60 foizlik daraja kutilmoqda.

Foto: Getty Images

Butun dunyo iqtisodchilari kelgusi yillarda global inflatsiyaning juda yuqori darajasini prognoz qilyapti. 2022 yil oxiriga borib butun dunyo bo‘ylab tovar va xizmatlar narxi 9,5 foizga oshishi mumkin. Ifo Myunxen Iqtisodiy tadqiqotlar instituti va Lyutserndagi Shveytsariya Iqtisodiy siyosat instituti tomonidan har chorakda 100 dan ortiq mamlakat makroiqtisodchilari o‘rtasida o‘tkaziladigan Iqtisodiy ekspertlar so‘rovi shunday xulosaga keldi. «Ularning 2022 yil uchun inflatsiya prognozlari ikkinchi chorakka nisbatan yana sezilarli darajada oshdi – 1,8 foiz punktga», dedi ifo eksperti Niklas Potrafke 17 oktyabr, dushanba kuni tadqiqot natijalarini taqdim etar ekan.

Shunday qilib, iqtisodchilarning prognozlariga ko‘ra, inflatsiya darajasi Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 10 yildagi o‘rtacha global inflatsiya darajasidan 6,7 foiz punktga yuqoridir, deya ma’lum qildi ifo. Iqtisodchilarning ishonch bildirishicha, kelgusi yillarda inflatsiya darajasi yuqoriligicha qolmoqda. 2023 yilda bu ko‘rsatkich, ularning fikricha, 7,5 foizni, 2026 yilda esa 5,0 foizni tashkil qilishi mumkin. 

Bu ko‘rsatkichlar alohida mamlakatlar uchun kutilayotgan o‘rtacha inflatsiya sur’atlarining medianasini, ya’ni ko‘rsatkichlar qatorining o‘rta qismidagi qiymatni ifodalaydi. Ushbu usul kutilayotgan inflatsiya darajasidagi mintaqaviy tafovutlar yuqoriligi sababli qo‘llaniladi, ya’ni ba’zi mamlakatlar va mintaqalarda ular dunyoning qolgan qismiga nisbatan sezilarli darajada yuqori bo‘lishi kutilmoqda. 

Xususan, Sharqiy Afrikada so‘rov ishtirokchilari joriy yilda inflatsiya qariyb 60 foizni tashkil etishini kutmoqda. 2022 yilda Janubiy Amerika va G‘arbiy Osiyo (har biri 30 foiz) hamda Sharqiy Yevropada (19 foiz) inflatsiyaning nihoyatda yuqori darajasi kutilmoqda. Ayni paytda, G‘arbiy Yevropada bu ko‘rsatkich 7,3 foizga, Shimoliy Amerikada 7,2 foizga, Janubi-Sharqiy Osiyoda 5,6 foizga yetishi mumkin. 

So‘rovda 129 mamlakatdan 1687 nafar iqtisodchi ishtirok etdi.

Mavzuga oid