O‘zbekiston elchixonasi Hindistonda sotib yuborilgan ayollar vatanga qaytarilishini ma’lum qildi
Kun.uz'da ayni damda Hindistonda bo‘lib turgan, bir yil avval sotib yuborilgan o‘zbek ayollarining videomurojaati e’lon qilingandi. Ushbu holat yuzasidan O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, joriy yilning 28 avgust kuni D.Mahmudova va uning hamrohligida jami 7 nafar O‘zbekiston fuqarosi O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasining konsullik bo‘limiga vatanga qaytarishda ko‘maklashishni so‘rab murojaat qilgan. Elchixona tomonidan mazkur fuqarolarga tegishli konsullik-huquqiy yordami ko‘rsatilgan. Xususan, bu fuqarolar yashash joyi mavjud emasligi va moliyaviy og‘ir ahvolidan kelib chiqib, Dehli shahridagi «Empowering Humanity» nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda boshpana bilan ta’minlangan.
Elchixona ma’lumotiga ko‘ra, ayollar hozirgi boshpanasida uch mahal issiq ovqat bilan ta’minlanmoqda. O‘z navbatida, murojaat qilgan fuqarolarning shaxsini tasdiqlovchi hujjati bo‘lmaganligini inobatga olib, ularga vatanga qaytish guvohnomasi rasmiylashtirilgan.
Yuqorida qayd etilgan fuqarolar Hindiston huquqni muhofaza qiluvchi idoralari tomonidan Hindiston hududiga noqonuniy yo‘llar bilan kirib borgani va mamlakatda bo‘lish qoidalarini buzgani aniqlangan.
Shu bilan birga, videomurojaat muallifi D.Mahmudova va uning hamrohlari masalasida Hindiston huquqni muhofaza qiluvchi idoralari tomonidan tegishli tergov va sud jarayonlari davom etayotgani sababli ularning ushbu davlat hududidan chiqishiga vaqtinchalik cheklov qo‘yilgan. Elchixona bayonotida ushbu huquqiy jarayonlar yakunlangach, yuqoridagi fuqarolarning tezkor ravishda O‘zbekistonga qaytarilishi ta’minlanishi ma’lum qilingan.
Eslatib o‘tamiz, videomurojaat yo‘llagan ayollar ularni turkmanistonlik A.J.ga sotib yuborishgani va pasportlari qo‘llaridan zo‘rlik bilan olib qo‘yilganini aytgan.
Mavzuga oid
20:33 / 07.11.2024
Hindistonda uch kun ichida 10 ta fil nobud bo‘ldi
01:52 / 07.11.2024
Kashmir Hindistonni maxsus avtonomiya maqomini tiklashga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi
11:56 / 06.11.2024
Inson matonati: 22 yil davomida tog‘ni yo‘nib yo‘l ochgan odam
17:51 / 05.11.2024