1-sinf o‘quvchilariga berilgan minglab kontrafakt sumkalar almashtirildi
Baliqchi tumanidagi tadbirkor xorijiy brendlarning logotipidan foydalanib, kontrafakt sumkalar ishlab chiqargan. 3974 ta sumka Andijon va Farg‘ona viloyatlaridagi 1-sinf o‘quvchilariga “Prezident sovg‘asi” deb berilgan. Adliya vazirligi tadbirkorni jarimaga torttirdi, o‘quvchilarga boshqa sumkalar berildi.
Kun.uz sentabr oyi boshida Andijon viloyatida 1-sinfga borgan ayrim qizaloqlarga “Prezident sovg‘asi” sifatida qop-qora ryukzaklar berilgani haqida yozgan edi. Bu sumkalar ustiga Gucci, Fila, Nike kabi xorijiy brendlar logotipi tushirilgan edi.
Adliya vazirligi axborotiga ko‘ra, bunday holat nafaqat Andijon, Farg‘ona viloyatida ham kuzatilgan.
Aniqlanishicha, Baliqchi tumanida faoliyat yurituvchi “H.P.O.” xususiy korxonasiga tegishli ishlab chiqarish obektlarida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan xorijiy tovar belgilari, jumladan “Gucci”, “Fila”, “Nike”, “Adidas”, “Hello Kitty” kabi kontrafakt o‘quvchilar sumkalarini ishlab chiqarilgan hamda “O‘quv ta’lim-ta’minot” davlat muassasasining shartnomasiga asosan Andijon va Farg‘ona viloyatidagi umumta’lim maktablarining 1-sinf o‘quvchilariga tarqatilgan.
Adliya vazirligi holat yuzasidan korxonaga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 177-moddasi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirib, jinoyat ishlari bo‘yicha Baliqchi tuman sudiga yuborgan. Sud qaroriga muvofiq, huquqbuzar BHMning 15 barobari miqdorida (4,5 mln so‘m) jarimaga tortilgan.
Vazirlik taqdimnomasiga asosan, 3974 ta kontrafakt sumkalar o‘quvchilardan qaytarib olinib, sifatli o‘quvchilar sumkalariga almashtirib berildi, deyiladi xabarda.