Piskent tumani hokimining o‘rinbosari ikkinchi marotaba jazolandi
Mehnat intizomini buzganligi uchun Rahimjon Rixsiyevning o‘rinbosariga oylik ish haqi hisobidan jarima jazosi berildi. Bundan avval unga hayfsan jazosi ham qo‘llangandi.
Piskent tumani hokimining shu yil 31 oktyabrdagi farmoyishi bilan qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Botir Shermatovga 10 oktyabrdan 14 oktyabrgacha ishga sababsiz kelmaganligi uchun oylik ish haqining 45 foizi miqdorida jarima berildi.
Hujjatda asos qilib Mehnat kodeksining 181-moddasi 2-bandi, ya’ni xodim mehnat intizomini buzganida ish beruvchi o‘rtacha oylik ish haqining o‘ttiz foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda jarima qo‘llashga haqligi yozilgan. Shuningdek, unda ichki mehnat tartibi qoidalarida xodimga o‘rtacha oylik ish haqining ellik foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda jarima solish hollari ham nazarda tutilishi mumkinligi qayd etilgan.
O‘tgan yili tuman hokimining 30 dekabrda imzolagan farmoyishiga asosan, Botir Shermatovga “Jismoniy va yurdik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun talablarini buzib, prezident virtual qabulxonasiga kelib tushgan tegishli murojaatlarga 15 kundan so‘ng ham javob xati yozmagani va viloyat hokimligiga noto‘g‘ri ma’lumot taqdim etgani uchun hayfsan intizomiy chorasi qo‘llangan edi.
Shuningdek, tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari G‘ofur Aliboyev ham xuddi Shermatov kabi murojaatga o‘z muddatida javob xati yubormagani uchun hayfsan olgan.
Bunda Toshkent viloyati prokurori o‘rinbosari adliya katta maslahatchisining 16.12.2021 yildagi T-1620-son xati, tuman prokurori adliya maslahatchisining 23.12.2021 yildagi T-1648-son xatida intizomiy javobgarlik to‘g‘risidagi ish qo‘zg‘atish haqidagi qarorlari ma’lumot va ijro uchun qabul qilinib, asos sifatida olingan.
Eslatib o‘tamiz, Botir Shermatov tuman hokimining 2021 yil 10 maydagi 260-son qaroriga asosan uch oylik sinov muddati bilan hokim o‘rinbosari vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlangan.
Shu yil 17 martdagi qaror bilan esa sinov natijasi qoniqarli deb hisoblanib, 15 martdan tuman hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgandi.
Ma’lumot uchun, Piskent tumani hokimi Rahimjon Rixsiyev salkam 400 gektarlik yaylovni 1 trln so‘mga ijaraga olgani haqidagi xabarlar tarqalgandi. Hokim esa bunday niyatda bo‘lmagani, onlayn auksion tizimining ishlashini o‘z ko‘zi bilan ko‘rish uchun tajriba tariqasida shunday qilganini aytgandi.
Mavzuga oid
20:54 / 18.10.2024
Qozog‘istonda xizmat mashinasida nonga chiqqan hokim o‘rinbosari javobgarlikka tortildi
12:59 / 19.08.2024
Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari 7,5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi
17:25 / 20.06.2024
Sirdaryoda hokim o‘rinbosari tezkor tadbirda qo‘lga olindi
15:18 / 03.04.2024