Jahondagi beqarorlik O‘zbekistonning tashqi qarz bo‘yicha rejalariga qanday ta’sir qildi?
Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov Samarqandda bo‘lib o‘tgan iqtisodiy forum doirasida jahon bozorida foiz stavkalarining oshayotgani, imzolangan qarz bitimlari, obligatsiyalar chiqarishning vaqtinchalik to‘xtatilishi va buning sabablari haqida to‘xtalib o‘tdi.
– O‘zbekiston ham 2022 yilda davlat qarzi va kredit jalb qilishni rejalashtirgan edi. Foizlar oshishi bu masalaga qanday ta’sir qiladi?
– Afsuski, foiz stavkalari oshyapti. FRT yoki Yevropa markaziy bankining foizlarni oshirishi ham global inflyatsion holatga bog‘liq. Masalan, AQSh va Yevropaning talay mamlakatlarida foizlar juda yuqori. Shu sababli stavkalarning oshishi ham tabiiy hisoblanadi. Bu bizga o‘xshagan rivojlanayotgan mamlakatlar uchun ijobiy holat emas.
Aytishimiz mumkinki, 2022 yilda asosan xalqaro moliyaviy institutlardan kredit jalb qilmoqdamiz. Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va boshqa shu kabi banklardan. Yaxshi tarafi, ularda stavkalar juda ham past bo‘ladi. To‘g‘ri, hozir bu stavkalar ham oshib bormoqda. Ammo so‘nggi 10-15 yilni olib qaraydigan bo‘lsak, joriy stavkalar oldingi stavkalardan baland emas. So‘nggi 5 yilda stavkalar pastga tushgan bo‘lishi mumkin, lekin stavkalarning ko‘tarilishi va tushishi me’yoriy holat hisoblanadi.
Davlat qarzini boshqarayotganda va xususiy sektorlarga kredit jalb qilayotganda har bir ssenariyni inobatga olish kerak bo‘ladi. O‘rta muddatli davlat qarzini boshqarish strategiyasida bu jihatlar inobatga olingan. Albatta, foizlar oshishini kutgandik deb aytolmayman, ammo tayyorgarligimiz yuqori edi.
– Forumning birinchi kunida ko‘plab xalqaro moliyaviy korxonalari bilan ko‘plab tashqi qarz bitimlari imzolandi. Bu borada O‘zbekiston nimanidir garovga qo‘yganmi?
– Moliya vazirligi tomonidan imzolangan kredit bitimlari uchun hech qanday garov qo‘yilmagan. Hozirgi kunda O‘zbekistonda bo‘layotgan yirik iqtisodiy islohotlar ana shu xalqaro tashkilotlar texnik yordami orqali amalga oshirilmoqda. Moliyaviy bozorlarni rivojlantirish nuqtayi nazaridan gapiradigan bo‘lsam, bozorni shakllantirish bo‘yicha Osiyo taraqqiyot banki bilan imzolangan dasturimiz bor edi. Shu dastur bajarilgach, o‘tgan yili 150 mln dollar kredit jalb qilishga erishgan edik. Shuning ikkinchi transhini keyingi yilga mo‘ljallaganmiz. Hozirda Osiyo taraqqiyot banki bilan qarzning avtomatlashtirilgan hisobini yuritishga oid yangilangan dastur ishlab chiqishda hamkorlik qilyapmiz.
Shuningdek, Jahon bankidan jalb qilinayotgan mablag‘lar islohotlar uchun ajratiladi va bizdagi bu islohotlar prezidentimiz tomonidan tasdiqlangan Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot dasturiga kirgan islohotlardir. Bu islohotlarni xalqaro tajribalar orqali amalga oshirishimiz kerak va undan keyin bizga kredit mablag‘lari beriladi. Bu ikkala taraf uchun ham foydali va manfaatlidir.
– Bu yilgi qarz olish dasturi qanday amalga oshirilyapti?
– Kreditlar budjet qonunida ko‘rsatilgan miqdorda, ya’ni 2 mlrd dollar investitsiya loyihalari uchun, 2,5 mlrd budjetni qo‘llab-quvvatlash uchun jalb qilinmoqda. Ichki bozorda ham yaxshi tendensiya ketmoqda. Masalan, bu yil o‘tgan yilgiga qaraganda qariyb 2 barobar ko‘p davlat qimmatli qog‘ozlarini chiqarishni rejalashtirganmiz, ya’ni 9 trln so‘m. O‘tgan yili 5 trln so‘mdan kamroq chiqarilgan edi. Bu yil 10 yillik davlat qimmatli qog‘ozlarini chiqardik. Ushbu qimmatli qog‘ozlar O‘zbekiston tarixida birinchi marta inflatsiyaga bog‘langan holda chiqarilmoqda. Ya’ni inflatsiyaga qarab qimmatli qog‘ozlar narxi oshadi yoki pasayib turadi.
Mutaxassislarning fikri ham shu. Ichki bozorni rivojlantirish orqali tashqi qarzni kamaytirish lozim. Bu bizning strategiyamizga mos tushadi. O‘tgan yili Xalqaro valuta jamg‘armasi bizning ichki qimmatli qog‘ozlar bozori tahlilini qilgandi. Ushbu tahlilda yaxshi tomonlarimizni ham, kamchiliklarimizni ham ko‘rsatib o‘tgan. Ana shu tashkilot 2023 yilda shu kamchiliklarni bartaraf etish uchun grantlar ajratishini ma’lum qildi. Xabaringiz bor, Toshkent fond birjasiga biz fond bozori rahbari Georgi Paresishvilini taklif qilganmiz. U o‘z tajribalarini biz bilan bo‘lishmoqda. Yoki Ruminiyadan Adriana xonim Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining grant mablag‘lariga jalb qilingan.
Ha, stavkalar oshyapti, chet eldagi qimmatli qog‘oz bozorlari notinch. Hozirda bizning asosiy e’tiborimiz ichki bozorga qaratilgan. Hamkorlarimiz ham aynan shu jihatni rivojlantirishga yordam berib kelmoqda. Katta fondlar o‘zbek so‘mida obligatsiyalarni sotib olmoqchi. Lekin hali «ko‘prigimiz» tayyor emas. Mana shu ko‘prikni tayyorlab, xalqaro investorlarni O‘zbekistonga jalb qilmoqchimiz.
Hozirgi kunda 9ta bank bilan birlamchi dilerlik shartnomalarini imzoladik. Bu bozorni imkon qadar professionallashtiradi. Bu barcha davlatlarda mavjud tendensiya.
– Joriy yilda geosiyosiy vaziyatning o‘zgarishi xalqaro bozorga chiqarilgan o‘zbek obligatsiyalari qiymatiga qanchalik ta’sir ko‘rsatdi?
– Biz bu yil obligatsiya chiqarmadik. O‘tgan yili chiqargan edik. Unda vaziyat ancha barqaror edi. Bu yil vaziyat taqozosiga ko‘ra chiqarmadik va keyingi yil ham chiqarish rejalashtirilmagan. Agar siz ikkilamchi bozordagi stavkalarni nazarda tutayotgan bo‘lsangiz, bu stavkalar o‘zgardi. Hozirda O‘zbekiston tomonidan chiqarilgan obligatsiyalar 7-9 foiz atrofida savdoda turibdi. AQSh g‘aznachiligi tomonidan chiqarilgan obligatsiyalar 4-5 foiz atrofida bo‘lyapti. O‘tgan yili biz 3,88 foizdan chiqargandik. AQSh g‘aznachiligi chiqargan obligatsiyalarning foizi bizning o‘tgan yilgi foizlarimizdan ham oshib ketdi. Shu jihatdan, bazaviy stavkalar oshganda boshqa obligatsiyalarning ham foiz stavkalari oshishi tabiiy hisoblanadi. Toki bozor o‘z joyiga qaytib, foiz stavkalari biz uchun ma’qul nuqtaga kelmagunga qadar, obligatsiya chiqarmaymiz.
Mavzuga oid
18:09 / 05.11.2024
Turkiya Qirg‘izistonning tashqi qarzidan kechdi
17:21 / 29.10.2024
2025 yilda O‘zbekiston 5,5 mlrd dollargacha tashqi qarz olishi mumkin
17:43 / 18.10.2024
“Qarz olinganiga yarasha, iqtisodiy ko‘rsatkichlar barqaror bo‘lishi lozim” - Jahon banki katta iqtisodchisi
15:54 / 16.10.2024