Jahon | 21:57 / 11.11.2022
17687
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina armiyasi Rossiya va Belarus harbiylarini taslim bo‘lishga chaqirdi

Ukraina Qurolli kuchlari Belarus va Rossiya harbiylariga shoshilinch murojaat bilan chiqdi. 

Foto: AP

11 noyabr kuni Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi ijtimoiy tarmoqda videomurojaat qilib, Belarus askarlarini Ukrainaga hujum qilish buyrug‘i berilsa, taslim bo‘lishga chaqirdi. 

«Belarus Respublikasi harbiy xizmatchilari! Agar sizni Putin tomonidan Ukraina xalqiga ochilgan urushda ishtirok etishga majburlashsa, to‘xtang, motorlarni o‘chiring, qurollarni tashlab, oq bayroq ko‘taring va Ukraina Qurolli kuchlari vakillarini kuting», deyiladi murojaatda. 

Ukraina Qurolli kuchlari belaruslik harbiy xizmatchilarning bunday harakatlarini do‘stona ishora sifatida qabul qilib, buning evaziga uyiga qaytishga imkon berishni va’da qildi. 

Agar askarlar vataniga qaytishdan qo‘rqsa, ularga Ukrainadagi maxsus jihozlangan harbiy lagerda qolish, tibbiy yordam berish, qarindoshlari bilan muloqot qilish uchun telefon aloqasi va internet bilan ta’minlash, qurollarni maxsus omborlarda saqlash, harbiy texnikani avtoturargohlarga qo‘yish taklif etilmoqda. 

Xuddi shunday taklif Rossiya harbiylariga ham berilgan. 

«Rossiya Federatsiyasi harbiy xizmatchilari! Agar siz Rossiya bosqinchi armiyasining bir qismi bo‘lishga qaror qilsangiz, sizda faqat ikkita yo‘l bor: taslim bo‘lish yoki o‘lim. 

Agar taslim bo‘lsangiz, xalqaro konvensiyalarda ko‘rsatilgan harbiy asirlik huquqingiz ta’minlanadi, tibbiy yordam ko‘rsatiladi, qarindoshlaringiz va do‘stlaringizni xabardor qilish imkoniyati taqdim etiladi. Oxir-oqibat mojarodan keyin yoki asirlar almashtirish natijasida vatanga qaytish kafolatlanadi. Aks holda sizni muqarrar o‘lim kutmoqda», deyiladi xabarda. 

Avvalroq Ukraina Qurolli kuchlari Belarus Respublikasi Qurolli kuchlari va aholisiga murojaat qilib, mamlakat rahbariyatini ularni urushga jalb qilishga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirgan edi. 

Shundan so‘ng, Belarus Mudofaa vazirligi ukrainalik harbiylarga murojaat qilib, belaruslarni qo‘rqitmaslikka chaqirdi, aks holda javob qaytarish bilan tahdid qildi.

Mavzuga oid