O‘zbekiston | 20:05 / 13.11.2022
87845
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda blekaut xavfi yuzaga keldi

Energetika vazirligi huzuridagi «Milliy dispetcherlik markazi» davlat unitar korxonasi barcha hududiy elektr tarmoqlari korxonalari rahbarlariga IESlarning yoqilg‘i ta’minoti bilan bog‘liq og‘ir holat vujudga kelgani haqida xat chiqardi. Xatda blekaut yuzaga kelmasligi uchun soatlik elektr energiyasi iste’moli topshirig‘ini qat’iy ravishda bajarish so‘ralgan.

Foto: Sputnik / Ilya Naymushin

Ijtimoiy tarmoqlarda Energetika vazirligi huzuridagi «Milliy dispetcherlik markazi» davlat unitar korxonasi direktori tomonidan 2022 yil 12 noyabr kuni barcha hududiy elektr tarmoqlari korxonalari rahbarlari, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruv raisi, Energetika vazirligi hamda «O‘zenergoinspeksiya»ga yuborilgan xat tarqaldi. Unda 2022 yil 9 noyabrdan boshlab energetika tizimi issiqlik elektr stansiyalari yog‘ilg‘i ta’minoti bilan bog‘liq og‘ir holat vujudga kelgani ma’lum qilingan.

Xatda yozilishicha, 12 noyabr kuni elektr stansiyalarga kelishilgan jadvalga nisbatan jami soatiga 350 ming kub metr (1200 MVt elektr energiyasi ekvivalentida), shu jumladan, Toshkent IESga rejadan soatiga 270 ming kub metr kam gaz yetkazib berilgan. Toshkent IESga 50 ming kub metr tabiiy gaz yetkazilib, stansiyada energobloklar texnologik parametrlari me’yor ko‘rsatkichlaridan tushishi va uskunalar shikastlanishining oldini olish maqsadida 1-son BGQ (360 MVt) va ikki dona energobloklar to‘xtatilgan.

«Stansiyada umumiy elektr energiyasi ishlab chiqarilishi mazut yoqilg‘isi yoqish hisobiga 500 MVt.gacha (belgilangan rejaga nisbatan 600 MVt kam) tushib ketdi. Elektr energiyasi balansini ta’minlash va energetika tizimida og‘ir oqibatli yirik favqulodda avariya holatlari (blekaut) yuzaga kelishining oldini olish maqsadida hamda tuman elektr ta’minoti korxonalari tomonidan 6,10 kV tarmoqlardan kiritilayotgan cheklovlar samarasizligi sababli «Milliy dispetcherlik markazi» DUK tomonidan maxsus jadvalga asosan yuqori kuchlanishli tarmoqlardan o‘chirilib, elektr energiyasi iste’moli kamaytirildi.

Yuzaga kelgan favqulodda vaziyat sabab tizimda og‘ir oqibatli avariya holatlarining oldini olish hamda iste’molchilar ta’minotida tartibsiz uzilishlarni bartaraf etish maqsadida 12 noyabr sanasidan boshlab alohida topshiriq bo‘lgunga qadar «Milliy dispetcherlik markazi» DUK tomonidan berilayotgan soatlik elektr energiyasi iste’moli topshirig‘ini qat’iy bajarishingiz so‘raladi.

«Milliy dispetcherlik markazi»ning mintaqaviy va hududiy bo‘linmalari tomonidan elektr talab qilingan qiymatlarga tushirish bo‘yicha berilgan topshiriqlarni bajarmaslik O‘zbekiston energotizimining aybi bilan Markaziy Osiyo yagona elektr energetikasi tizimida yirik oqibatli avariyalarga sabab bo‘lishi mumkin», — deyiladi DUK xatida.

Kun.uz’ning Energetika vazirligidagi manbasi mazkur ma’lumotlar to‘g‘riligi va IESlarning yoqilg‘i ta’minoti bilan bog‘liq og‘ir holat vujudga kelganini tasdiqladi.

So‘nggi kunlarda O‘zbekistonning ko‘plab hududlarida elektr ta’minotida uzilishlar ko‘paygan.

Energetika vazirligi elektr va gaz ta’minotidagi cheklovlarga bergan izohida ham elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi ayrim issiqlik elektr stansiyalariga belgilangan hajmlardan kam miqdorda tabiiy gaz yetib borayotgani, bu esa, o‘z navbatida, elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi pasayishiga olib kelayotganini ta’kidlagan.

Mavzuga oid