O‘zbekiston | 07:57 / 17.11.2022
10390
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik imom-xatiblar AQShdagi vatandoshlar bilan uchrashdi

O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi va Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasi tashabbusi bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimlaridan iborat delegatsiya AQShning Pensilvaniya, Nyu-York, Ohayo shtatlarida bo‘ldi.

Foto: muslim.uz

O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, delegatsiya u yerda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan birga turli tadbir va marosimlarda qatnashdi. Bunday uchrashuv Filadelfiya shahridagi Isabet Islom Akademiyasi majmuasida 500 dan ortiq vatandoshlar ishtirokida tashkil etildi.

Nyu-York shahrining Bruklin tumanida “Mahalla USA” va “Vatandosh” nodavlat notijorat tashkilotlari, “Abu-Hanifa” masjidi jamiyati rahbar va faollari vatandoshlar tomonidan yangi bunyod etilgan “Abu-Hanifa” masjidi hamda Nyu-York shahridagi “Emir Palace” markazida turli diniy suhbatlarda qatnashdi. Ushbu tadbirlarda mingdan ortiq vatandoshlar faol qatnashib, qiziqtirgan savollariga javob oldi.

Nyu-York shahrida O‘zbekiston imom-xatiblari “Mahalla USA” nodavlat notijorat tashkiloti huzurida tashkil etilgan “Ziyo Art” o‘quv markazi va “Paxtakor-Nyu-York” klublari faoliyati bilan tanishdi. Markazda tahsil olayotgan yosh bolalar va ularning ota-onalari bilan davra suhbati o‘tkazildi. Unda imom-xatiblar yoshlarni milliy ruhda tarbiyalash, farzandlar odob-axloqi va ta’lim-tarbiyasiga katta e’tibor qaratish zarurligi haqida mav’iza qildilar. Vatandosh tashkilotlar faollari AQShdagi o‘zbekistonliklarni tarixiy vatan atrofida jipslashtirishga o‘z hissasini qo‘shishga tayyor ekanini bildirdi.

Ulamolar Ohayo shtatidagi Tsinsinnati shahriga safar doirasida qurilish ishlari boshlangan “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” masjidi qurilishini ko‘zdan kechirdilar, masjid loyihasi bilan tanishib, qurilishga oid o‘z taklif-mulohazalarini aytib o‘tdilar. U yerda Qur’on tilovati va xayrli duolar qilindi.

O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari “Greater Cincinnati” Islom markazi direktori Ashraf Tarabilsin va imomi Shayx Musa bilan uchrashib, ushbu hududda istiqomat qiladigan vatandoshlarning jipsligini yanada oshirish, Islom ma’rifatini keng yoyish bo‘yicha o‘zaro suhbatlashishdi.

Ohayo shtatida istiqomat qilayotgan 600 nafarga yaqin yurtdoshimiz ishtirokida Islom markazida tashkil etilgan diniy suhbatda O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakillari tomonidan respublikada diniy sohada amalga oshirilayotgan ishlar, diniy erkinliklarini ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlar, yangiliklar haqida fikr almashildi.

Suhbat davomida o‘zbekistonlik imom-xatiblar Islom dini mazmun-mohiyati haqida oyat va hadislardan misol keltirib ma’ruza qilishdi. Mazhablar orasidagi farqlar, “Hanafiya” mazhabining afzalliklari tushuntirib berildi.

Mavzuga oid