Jahon | 08:07 / 17.11.2022
9438
3 daqiqa o‘qiladi

Respublikachilar AQSh Vakillar palatasi ustidan nazoratni qo‘lga kiritdi

AQSh ommaviy axborot vositalari prognozlariga ko‘ra, Respublikachilar partiyasi Kongress quyi palatasida ko‘pchilikka ega bo‘lish uchun zarur bo‘lgan 218 o‘rinni qo‘lga kiritmoqda.

Foto: Reuters

Amerika ommaviy axborot vositalarining 16 noyabr, chorshanba kuni chop etilgan prognozlariga ko‘ra, AQSh Respublikachilar partiyasi zarur bo‘lgan minimal ko‘pchilik ovozni qo‘lga kiritish orqali Kongress Vakillar palatasi ustidan nazoratni ta’minladi.

CNN ma’lumotlariga ko‘ra, oraliq saylovlarda respublikachilar Vakillar palatasini nazorat qilish uchun zarur bo‘lgan 435 o‘rindan 218 tasini qo‘lga kiritgan.Shu paytgacha Kongress quyi palatasini nazorat qilib kelgan Demokratik partiya 208 o‘ringa ega. Yana to‘qqizta o‘rin aniqlashtirilmagan.

Shu bilan birga, NBC telekompaniyasining ma’lumotlariga ko‘ra, respublikachilar Vakillar palatasida 221 o‘ringa, demokratlar esa 214 o‘ringa ega.

Respublikachilar partiyasining Vakillar palatasidagi g‘alabasi demokrat Nensi Pelosining Vakillar palatasi spikeri sifatidagi ikkinchi muddatini tugatadi. Yangi spiker Respublikachilar palatasi yetakchisi Kevin Makkarti bo‘lishi kutilmoqda.

Makkarti Vakillar palatasida respublikachilarning ko‘pchilikni tashkil etishi haqidagi xabarni olqishladi. «Amerikaliklar yangi yo‘nalishga, Vakillar palatasidagi respublikachilar esa buni ta’minlashga tayyor», deb yozdi u Twitter'da.

AQSh prezidenti Jo Bayden Kevin Makkarti partiyasini Vakillar palatasida ko‘pchilikni qo‘lga kiritgani bilan tabriklab, «oddiy amerikaliklar manfaati uchun natijalarga erishishda Vakillar palatasidagi respublikachilar bilan hamkorlik qilishga tayyor»ligini aytdi.

«Amerikaliklar bizdan ular uchun harakat qilishimizni xohlaydilar. Ular bizdan o‘zlari uchun muhim bo‘lgan masalalarga va hayotini yaxshilashga e’tibor qaratishimizni xohlashadi. Men esa ular uchun natijalarga erishishda men bilan ishlashni istagan har bir kishi bilan ishlayman, u respublikachi yoki demokrat bo‘lsin», - deyiladi Oq uy bayonotida.

Demokrat Baydenning partiyadoshlari avvalroq Kongressning 100 o‘rinli yuqori palatasida 50 o‘rinni qo‘lga kiritib, Senatdagi ko‘pchilikni saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgan. Demokrat, vitse-prezident Kamala Xarris hal qiluvchi ovoz berish imkoniga ega.

AQShda oraliq saylovlar 8 noyabr kuni bo‘lib o‘tdi. Unda Vakillar palatasining butun tarkibini (435 o‘rin) va Senatning uchdan bir qismini (yuzdan 35 o‘rin) qayta saylandi. Bundan tashqari, 36 shtatda yangi gubernatorlar saylangan.

Jorjiya shtatida ikkinchi raund bo‘lib o‘tadi, u 6 dekabrga belgilangan. Bu haqda shtat davlat kotibi Bred Raffensperger ma’lum qildi.

Mavzuga oid