JCh-2022 tanishtiruvi: asosiy favoritlar qatorida tilga olinmayotgan Portugaliya
Portugaliya - tarkib salohiyati bo‘yicha Qatardagi mundialda kamida eng yaxshi uch jamoadan biri. Ammo murabbiyning pragmatik uslubi va hujumdagi iqtidorlardan unumli foydalana olmasligi jamoani chempionlikka asosiy da’vogarlar qatoridan tushirib qo‘ymoqda. Shuningdek, Ronalduning intervyusidan so‘ng jamoaga bosim yanada oshdi.
FIFA reytingidagi o‘rni — 9
JCh-2022 sari yo‘l — guruhda 8 o‘yin, 5 g‘alaba, 2 durang, 1 mag‘lubiyat, to‘plar farqi — 17:6; pley-offda 2 o‘yin, 2 g‘alaba
Saralashdagi to‘purari — Krishtianu Ronaldu (6)
Mundiallardagi eng yaxshi natijasi — 3-o‘rin (1966)
Guruh bosqichidagi raqiblari:
24 noyabr, 21:00. Portugaliya — Gana
28 noyabr, 23:59. Portugaliya — Urugvay
2 dekabr, 20:00. Janubiy Koreya — Portugaliya
TARKIB
Fernandu Santush tarkibga 26 futbolchini kiritdi.
Darvozabonlar: Diogu Koshta («Portu»), Joze Sa («Vulverhempton»), Ruy Patrisiu («Roma»);
Himoyachilar: Diogu Dalot («Manchester Yunayted»), Joau Kanselu, Ruben Diash (ikkisi ham – «Manchester Siti»), Danilo Pereyra, Nunu Mendesh (ikkisi ham – «PSJ»), Pepe («Portu»), Antoniu Silva («Benfika»), Rafael Gerreyru («Borussiya» Dortmund);
Yarimhimoyachilar: Joau Palinya («Fulhem»), Ruben Nevesh, Mateush Nunesh (ikkisi ham – «Vulverhempton»), Bernardu Silva («Manchester Siti»), Brunu Fernandesh («Manchester Yunayted»), Joao Mariu («Benfika»), Otavio Monteyro («Portu»), Vitinya («PSJ»), Vilyam Karvalyu («Betis»);
Hujumchilar: Andre Silva («RB Leypsig»), Krishtianu Ronaldu («Manchester Yunayted»), Gonsalu Ramos («Benfika»), Joau Felish («Atletiko»), Rafael Leau («Milan»), Rikardu Orta («Braga»).
«Liverpul» vingeri Diogu Jota jarohati sabab turnirga bora olmaydi. Joau Moutino («Vulverhempton»), Mario Ruy («Napoli»), Renatu Sanshesh («PSJ»), Gonsalu Gedesh («Vulverhempton») kabi yulduzlarga tarkibdan joy topilmadi.
Taxminiy boshlang‘ich tarkib: Koshta — Dalot, Diash, Danilu, Mendesh — Karvalyu, Nevesh — Fernandesh, Silva, Leau — Ronaldu.
MURABBIY VA UNING USLUBI
Fernandu Santush jamoa bosh murabbiyi hisoblanadi. Murabbiylik faoliyati davomida u faqat Portugaliya va Gretsiyada ishlagan.
Portugaliya milliy jamoasiga qadar murabbiy Gretsiyani boshqargan. Fernandu yunonlarni Yevro–2012 va JCh–2014ga olib chiqqan va har ikkala turnirda ham jamoa pley-offga yo‘l olgan.
Santushning muvaffaqiyatlari e’tibordan chetda qolmadi – Portugaliya futbol federatsiyasi murabbiyga mamlakat bosh jamoasini boshqarishni taklif qildi. Bu 2014 yil 23 sentabrda bo‘lgandi. 2016 yili uning boshchiligida Portugaliya o‘z tarixida ilk bor Yevropa chempioniga aylanadi.
2016 yilning 19 iyulida Santush 2020 yilgacha mo‘ljallangan yangi shartnoma imzoladi. U 2016 yil oxirida milliy jamoalar ustozlari orasida yilning eng yaxshi murabbiyi deb topildi.
Santushning murabbiylikdagi yutuqlari hayratlanarli:
- Portugaliya chempioni: 1998/99
- Portugaliya kubogi sohibi: 1999/00, 2000/01
- Portugaliya chempionati kumush medali sohibi: 1999/2000, 2000/01
- Portugaliya Superkubogi kumush medali sohibi: 2000 yil
- Gretsiya kubogi sohibi: 2001/02
- Gretsiya chempionati kumush medali sovrindori: 2001/02, 2005/06
- Portugaliya chempionati bronza medali sovrindori: 2003/04
- Gretsiya kubogi kumush medali sohibi: 2005/06
- Gretsiya chempionati bronza medali sovrindori: 2004/05
- Portugaliya chempionati bronza medali sovrindori: 2006/07
- Gretsiya chempionati kumush medali sovrindori: 2008/09, 2009/10
Individual yutuqlar:
- Gretsiyada yilning eng yaxshi murabbiyi (4): 2002, 2005, 2009, 2010
- Gretsiyada o‘n yillikning eng yaxshi murabbiyi (2010)
- Globe Soccer talqini bo‘yicha dunyoning eng yaxshi murabbiyi (2016)
Portugaliya milliy jamoasi o‘yin sxemasi: 4-3-3 yoki 4-2-3-1.
O‘yin uslubi: mustahkam himoya va qanotlardan ko‘p paslar.
Portugaliyaliklar qanotlardan to‘pni jarima maydonchasiga aylantirib uzatishni yaxshi ko‘rishadi. Himoyada jamoa ishonchli ko‘rinadi, katta kuch bilan himoyalanadi, ammo individual va pozitsion xatolar mavjud.
YeTAKChILAR
Brunu Fernandesh — bog‘lam, rang-baranglik.
Brunu nafaqat «Manchester Yunayted»ni, balki Portugaliya milliy jamoasini ham tortib yuradi.
U markazda hujumning rivojlanishi uchun to‘liq javobgar, shuningdek, qanotlarga kesuvchi paslar bilan raqib himoyasini ochadi.
Fernandeshni bemalol milliy jamoadagi eng barqaror o‘yinchi deb atash mumkin – uning butkul omadsiz o‘yinlari yo‘q.
Brununing asosiy fazilatlari – o‘yin intellekti va kutilmagan uzatmalari. Mukammal pleymeyker.
Krishtianu Ronaldu — jahon futbolidagi eng yaxshi to‘purar.
Ronalduning jamoasi uchun foydali yoki foydasizligi haqida abadiy bahslashish mumkin, ammo uning yutuqlarini inkor etib bo‘lmaydi.
«Gol» so‘zi bog‘langan shaxs. O‘tkazilgan o‘yinlar (191) va urilgan gollar soni (117) bo‘yicha ham milliy jamoalar rekordchisi.
Krishtianu allaqachon 37 yoshda, lekin u butsasini mixga ilmasligi aniq, ayniqsa, unda hali jahon chempionligi yo‘qligi hisobga olinsa.
Bernardu Silva — yuqori texnikaga ega, shu bilan birga «mehnatkash chumoli».
Portugaliyada Ronaldu himoyalanishda faol qatnashmasligini hisobga olsak, uning o‘rniga ham ko‘proq ortga qaytadigan futbolchilar kerak bo‘ladi. Bu borada Bernardu – yorqin namuna.
«Manchester Siti» yarimhimoyachisi hujumda va pressingda faol. Shu bilan birga ortga qaytib, qora ishlarni bajarishdan ham uyalmaydi.
Silvaning to‘p bilan muomalasi, texnikasi havas qilarli darajada. Unda Messining ayrim harakatlari ham ko‘rinadi. Bejiz Gvardiola uni jamoasiga taklif qilmagan, bejiz «Barselona» qiziqmayapti.
KUChLI VA KUChSIZ TOMONLARI
Kuchli tomonlari: himoya, ijodkorlik, pragmatizm.
Kuchsiz tomonlari: Ronaldu va hujumdagi salohiyatdan yetarlicha foydalanmasligi.
Himoyani ijobiy tomondan qayd etish mumkin. Portugaliyaliklar so‘nggi 8 o‘yinda atigi 4 gol o‘tkazib yuborishgan. Portugaliya himoyachilari kerak bo‘lsa, bir-birlarini sug‘urtalab, birgalikda harakat qilishadi. Tayanch yarimhimoyachilari ham mudofaada qatnashishi natijasida himoya tarkibi 6 kishiga yetadi. Qanotlar qarshi hujumlarda va uzatmalarda foydali.
Portugaliyaliklarni kreativlik bo‘yicha braziliyaliklarga o‘xshatishadi, «pentakampeonlar»ning nusxasi deb ham atashadi. Tarkibda har doim iqtidorli futbolchilar ko‘p bo‘lgan. Aynan shu jihat ularga oldindan aytib bo‘lmaydigan tarzda o‘ynashga imkon beradi va raqibni doimo himoyada bo‘lishga majbur qiladi. Bu — chinakam iste’dod, uni tarbiyalab bo‘lmaydi.
Pragmatizm — Portugaliyadek jamoa uchun g‘alati narsa. Odatda bunday jamoalar his-tuyg‘ularga boy futbol o‘ynaydi. Ammo portugallar nemis pragmatizmi va braziliyacha karnavalni uyg‘unlashtirishdi. Ba’zida Santush bu ikki rejimni almashtirib yuboradiganga o‘xshaydi. Buning eng yorqin dalili Yevro–2016 bo‘lib, unda qat’iylik va o‘z uslubiga sodiqlik jamoaga chempionlikni qo‘lga kiritish imkonini berdi.
Ronaldu – asosiy muammo. Albatta, Krishtianuni himoya qiluvchilar ko‘p, ammo bu fikr shakllanganiga ancha bo‘ldi. Krishtianu gol urishni to‘xtatgani uchun jamoatchilik fikri juda o‘zgardi. Portugaliyaga bunday Ronaldu nima uchun kerakligi haqida gapira boshlashdi – himoyalanishda qatnashmaydigan futbolchi, foydalanilmayotgan vaziyatlar...
Portugaliyada Krishtianuni Santush emas, uning o‘zi o‘zini milliy jamoaga chaqiradi, degan fikr paydo bo‘ldi. Yevro–2016 finalida hatto murabbiy Ronalduga maydondagi sheriklariga maslahat berishga rozi bo‘lgan. Hujumchining milliy jamoani tark etishi jamoaga erkin nafas olish imkonini beradigandek tuyulmoqda.
Portugaliyada ajoyib hujum salohiyati bor. Ularning tarkibi deyarli har qanday jamoa bilan dominant futbol o‘ynashga imkon beradi, lekin Santush boshqa yo‘lni tanladi. Va u, albatta, haq edi, chunki jamoa tarixdagi birinchi chempionlikni qo‘lga kiritdi. Ammo davr o‘tdi – hozir dominant futbol bilan natijaga erishilmoqda. Portugaliyaliklar ancha qiziqarli o‘ynashi mumkin edi. Har qanday jamoa bunday ijrochilarga havas qiladi. Neytral tomoshabin hujumkor Portugaliyani ko‘rmasdan ko‘p narsani yo‘qotdi.
«KAMROQ RONALDU, KO‘PROQ PORTUGALIYa»
37 yoshli hujumchi mundial oldidan katta tanqidiy intervyu berib, «MYu» uchun eshiklarni deyarli yopdi. Natijada nafaqat Ronalduda, jamoada ham bosim va intriga oshdi. Krishtianu aytganlariga javob berishi, klubida asosiy tarkibdagi o‘rnini yo‘qotgani xato ekanini isbotlashi kerak. Hujumchi intervyu orqali o‘ziga e’tiborni qaratdi. U doim diqqat markazida bo‘lishni yoqtiradi, ammo bu gal qaytish oson bo‘lmaydi.
Krishtianu katta intervyudan so‘ng Portugaliyaga qo‘shildi va mashg‘ulotdan olingan surat va videolar jamoaning ichki muhiti joyida emasligi haqida fikr uyg‘otdi. Klubdoshlaridan Dalot suratga xafaroq tushgan, Fernandesh iliq ko‘rishmadi, «Man Siti» himoyachisi Kanseluga esa Ronalduning hazili yoqmadi.
Portugaliya matbuotida esa hatto 5 karra «Oltin to‘p» sohibini mundialga chaqirmaslik so‘raldi. A Bola nashri «Kamroq Ronaldu, ko‘proq Portugaliya» sarlavhali maqolasida quyidagicha yozdi:
«U so‘nggi paytlarda ko‘p maydonga tushmayapti – nafaqat «MYu»da, balki milliy jamoada ham. Millatlar Ligasining ispanlar (0:1) bilan hal qiluvchi bahsida 90 daqiqa o‘ynab, so‘ng sardorlik bog‘ichini maydonga uloqtirdi. O‘tgan yilning mart oyidagi Serbiyaga (2:2) qarshi bahsda ham xuddi shunday qilgandi. U istiqbolli yoshlar o‘rnini egallab turibdi. Rafael Leau, Netu, Joau Felish va boshqa ko‘plab iqtidorli futbolchilar o‘z imkoniyatini kutishmoqda. Ispaniyaga qarshi o‘yinda Ronaldu juda yomon o‘ynadi», deb yozdi nashr.
Santush jamoa sardorini ehtimoliy so‘nggi mundialidan mosuvo qilishni xohlamadi. Balki, jur’ati yetmadi. Albatta, bunday bo‘lsa, futbol tarixidagi eng yaxshi o‘yinchilardan biriga adolatsizlik ham bo‘lardi. Zero, Ronaldu so‘nggi imkoniyatga loyiq.
PROGNOZ
Portugaliya favoritlar qatorida hatto top-10ga ham kirib-kirmayapti. Jamoani Qatarda muvaffaqiyatsizlik kutayotgan bo‘lishi mumkin. Urugvay hujumkor o‘yin borasida portugallardan kuchliroq ko‘rinadi. Gana nominal autsayder bo‘lsa-da, tezligi va jismoniy ustunligi tufayli Santush shogirdlari ishini ancha murakkablashtirishi tayin. Portugaliyaning sobiq ustozi Paulu Bentu boshqaradigan koreyslar bilan o‘yin ham oson bo‘lmaydi.
Portugaliya 1-o‘rin bilan pley-offga chiqsa, Serbiya yoki Shveytsariya bilan to‘qnash kelishi mumkin – serblar portugallarni saralashda o‘tish o‘yiniga ravo qilganiga ko‘p bo‘lmadi. Chorakfinalda Santush jamoasiga Belgiya yoki Germaniya, yarimfinalda esa Daniya, Fransiya yoki Angliya raqiblik qiladi, ammo bu bosqichgacha yetib kelish qiyin.
Agar Ronaldu boshchiligidagi jamoa guruhda 2-o‘rinni olsa, 1/8 finaldayoq Braziliyaga duch kelib, ortga qaytishi ehtimoli yuqori.
Mavzuga oid
20:39 / 12.10.2024
Portugaliya parlamenti siyosiy boshpana oluvchilar uchun gumanitar viza berishni ma’qulladi
15:30 / 12.10.2024
Portugaliyada Gotbit kriptokompaniyasining rossiyalik rahbari ushlandi
23:46 / 18.09.2024
Portugaliyada o‘rmon yong‘inlari tufayli favqulodda holat e’lon qilindi
23:33 / 16.09.2024