Jahon | 11:41 / 21.11.2022
21080
5 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istondagi saylovlar: dastlabki natijalar e’lon qilindi

Qozog‘iston prezidentligi uchun saylovlarda oldindan taxmin qilinganidek amaldagi prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev katta ustunlik bilan g‘alaba qozondi – saylov uchastkalaridagi so‘rovlar shunday natijani ko‘rsatmoqda. Rasmiy natijalar tez orada e’lon qilinishi kutilmoqda.

Foto: Getty Images

Yakshanba kuni «Ochiq jamiyat» xalqaro mintaqaviy tadqiqotlar instituti tomonidan o‘tkazilgan ekzitpolga ko‘ra, Qosim-Jo‘mart To‘qayev davlat rahbarligi uchun saylovlarda 82,45 foizdan ortiq ovozni qo‘lga kiritgan.

«Amanat» partiyasi Jamoatchilik siyosati instituti tomonidan o‘tkazilgan boshqa bir ekzitpol esa To‘qayevga saylovda qatnashganlarning 85,52 foizi ovoz berganini ko‘rsatmoqda.

Dastlabki rasmiy hisoblarga ko‘ra, saylovdagi davomat 69,43 foizni tashkil etgan, ya’ni 12 millionlik saylovchilardan 8,3 millioni ovoz berish uchun uchastkalarga borgan.

Saylovlar arafasida ayrim tahlilchilar saylovchilarning ishtiroki darajasi g‘olibning shaxsidan kam ahamiyatga ega bo‘lmasligini ta’kidlashgandi – yuqori davomat xalqning hokimiyatga ishonchini anglatardi.

Navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarini To‘qayevning o‘zi tayinladi, tahlilchilar fikricha, shu tariqa u o‘z hokimiyatini legitimlashtirishni maqsad qilgan.

Davlat rahbarligi uchun jami olti nomzod kurash olib bordi. To‘qayevdan tashqari Prezident huzuridagi Xotin-qizlar ishlari va oilaviy-demografik siyosat bo‘yicha milliy komissiya a’zosi, Professional ijtimoiy ishchilar milliy alyansidan nomzod Karakat Abden, Umummilliy sotsial-demokratik partiyasi (OSDP) vakili Nurlan Auyesbayev, Qozog‘iston fermerlar uyushmasi raisi, «Ovul» partiyasi nomzodi Jiguli Dayrabayev, «Yntymaq» partiyasi rahbari, «Amanat – Qozog‘iston kasaba uyushmalari hamdo‘stligi» tomonidan nomzodi qo‘yilgan iqtisodchi nazariyashunos Meyram Kajiken hamda huquq faoli, «Oilaviy zo‘ravonliksiz Qozog‘iston» loyihasi rahbari Saltanat Tursinbekova saylovda nomzod sifatida ishtirok etdi. 

Bu raqiblarning birortasi bunga qadar katta siyosatda ko‘zga tashlanmagan va saylov kuniga ikki oy qolganidagina nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘tgan.

Ularning birortasi 5 foizlik chegaradan o‘ta olmadi (bu chegaradan o‘tganlarga nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘tishda to‘lanadigan garov puli qaytarib beriladi), «Hammaga qarshi/protiv vsex»ga jami saylovchilarning 5 foizidan ko‘proq qismi ovoz bergan.

To‘qayevni birinchilardan bo‘lib mamlakatning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev tabrikladi. O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev ham To‘qayevga qo‘ng‘iroq qilib, Qozog‘iston prezidenti umumxalq saylovi muvaffaqiyatli o‘tgani va undagi ishonchli g‘alaba bilan tabrikladi.

Dastlabki natijalar e’lon qilingach, Qosim-Jo‘mart To‘qayevning o‘zi ham chiqish qilib, fuqarolarning farovonligini oshirish uchun Qozog‘iston iqtisodiyotida juz’iy o‘zgarishlar ro‘y berishi, Qozog‘iston siyosiy boshqaruvning yangi shakliga o‘tishi - konstitutsion islohot izchil va aniq amalga oshirilishini, shuningdek, xalq saylovlarda ishonchini aniq ifoda etgani, endi uni oqlash kerakligini aytib o‘tdi.

Tahlilchilar hisoblashicha, To‘qayev haqiqiy raqiblar paydo bo‘lishi yoki mamlakatda norozilik kayfiyati o‘sishidan oldinroq o‘zining g‘alabasini ta’minlash maqsadida muddatidan oldingi saylovlar o‘tkazgan.

Saylovlar kuni ham norozilik aksiyalarisiz o‘tmadi. Foto: Getty Images

To‘qayev 2019 yilda Qozog‘iston prezidenti bo‘lgandi. Mamlakatni 28 yil davomida boshqarib kelgan Nursulton Nazarboyev o‘shanda To‘qayevni muddatidan oldingi saylovlarda qo‘llagan va amalda hokimiyatni unga o‘tkazgan. Shu tufayli To‘qayevni ko‘pchilik shunchaki Nazarboyev tomonidan qo‘yilgan odam va uning sodiq tarafdori deb hisoblardi.

Ammo 2022 yil yanvarida butun mamlakatga tarqalgan namoyishlar va 225 kishi o‘limiga sabab tartibsizliklardan keyin yangi prezident sobiq rahbarning yaqin kishilari va qarindoshlarini turli idoralar, jumladan maxsus xizmatlar va davlat kompaniyalaridagi muhim lavozimlardan hayday boshladi.

Mavzuga oid