Iqtisodiyot | 20:33 / 23.11.2022
45088
8 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Xitoyga gaz sotishni ko‘paytirdi. Qazib olish hajmi esa kamaymoqda

Xitoy tomoniga ko‘ra, mamlakat 2022 yilning 10 oyi davomida O‘zbekistondan salkam 917 mln dollarlik gaz import qilgan. Bu – o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 barobarga ko‘p. Sotilgan gazning fizik hajmi va birlik narxi noma’lum. Oktyabr oyidan boshlab gaz oldi-sotdisi bo‘yicha ikki mamlakat rasmiy statistikasida katta farq yuzaga keldi.

Foto: china.org.cn

O‘zbekistonda elektr uzilishlarining 90 foiziga sabab – elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun tabiiy gazning yetishmayotgani, deya ma’lum qilgandi energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev 16 noyabrdagi matbuot anjumanida.

Ichki taqchillik borligiga qaramay, O‘zbekiston gaz eksportini davom ettirmoqda.

“Tez kunda cheklovlar masalasi 80 foizga hal etiladi. Buning uchun tabiiy gaz va elektr energiyasi eksporti to‘xtatildi. Tashqi import 20 foizga oshirildi”, – degandi Xo‘jayev.

O‘zbekiston Xitoyga gaz eksport qilishni oshirmoqda

SOVID-19 pandemiyasi boshlanishi ortidan O‘zbekiston Rossiyaga tabiiy gaz eksportini to‘xtatgandi va bu o‘tgan davr mobaynida ham qayta tiklanmadi. Ayni paytda o‘zbek gazi faqat Xitoyga yetkazib berilmoqda.

Xitoy bojxona bosh boshqarmasi ma’lumotlariga tayanib, TASS tarqatgan xabarga ko‘ra, O‘zbekiston 2022 yilning yanvar–oktyabr oylarida Xitoyga gaz quvuri orqali eng ko‘p yoqilg‘i yetkazib bergan davlatlar ro‘yxatida 5-o‘rinni egallagan:

1. Turkmaniston – 8,23 mlrd dollar; o‘sish 53 foiz;
2. Rossiya – 3,1 mlrd dollar; o‘sish 82 foiz;
3. Myanma – 1,13 mlrd dollar, pasayish 2,6 foiz;
4. Qozog‘iston – 996,5 mln dollar, o‘sish 15,2 foiz;
5. O‘zbekiston – 916,7 mln dollar, o‘sish 52,5 foiz.

Boshqarmaning onlayn tizimida import qilingan gazning fizik hajmi ko‘rsatilmagan. Tegishli ustun barcha yetkazib beruvchi mamlakatlar uchun bo‘sh qoldirilgan.

Avvalroq “O‘ztransgaz” raisi Behzod Normatov O‘zbekistonda qazib olinayotgan tabiiy gazning qariyb 10 foizi Xitoyga sotilayotganini ma’lum qilgandi.

Xitoy gazni qanday narxlarda import qilishi haqida ma’lumotlarni topish qiyin, buni har ikkala tomon ham ochiqlamaydi. Iqtisodiy mavzular bo‘yicha kolumnist Saydullo Himmatov ba’zi ochiq ma’lumotlar orqali taxminiy hisob-kitoblarni amalga oshirishga harakat qilib ko‘rgan. Xususan, O‘zbekiston Xitoyga 2021 yilning 10 oyi davomida 3,4 mlrd metr kub yoki 601 mln dollarlik gaz sotgani keltirilgan. Bir nechta matematik hisob-kitobga ko‘ra, o‘tgan yil Xitoyga har 1000 metr kub tabiiy gaz 175 dollardan eksport qilingan bo‘lishi mumkin.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning e’tibor qaratishicha, O‘zbekistondan gaz eksporti va Xitoyga O‘zbekistondan gaz importi bo‘yicha o‘zaro bog‘liq statistikada sentabr oyigacha katta farqlar bo‘lmagan, ammo oktyabr oyiga kelib ikki tomonlama ma’lumotlar keskin farqlanishni boshlagan.

“Demak, sevimli o‘zbek statistikasiga ko‘ra, O‘zbekiston oktyabr oyida 91,7 mln dollarlik gaz eksport qilgan. Ma’lumot uchun, O‘zbekiston faqat Xitoyga gaz eksport qilib kelmoqda. Xitoy statistikasiga ko‘ra, O‘zbekistondan oktyabrda 148,5 mln dollarlik gaz import qilingan.

Ya’ni o‘zbek statistikasida Xitoyga eksport qilinayotgan gaz hajmi 1,62 barobarga kamroq ko‘rsatilgan. Bu nima uchun, tushunarsiz, balki sovuqdan qaqshayotgan o‘zbekistonliklarning g‘azabini keltirmaslik uchunmi yo gaz eksportidan milliardlar ishlayotgan cho‘ntaklarning iltimoslari shunday bo‘lganmi, aytish qiyin”, – deya yozadi Bakirov.

Umuman olganda, O‘zbekistondan xorijga gaz eksporti to‘xtagani haqida bir necha marta aytilgan bo‘lsa-da, gaz eksporti so‘nggi yillarda faqat oshib borayotganini rasmiy statistika ham ko‘rsatib turibdi.

Statqo‘m ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda 717,3 mln dollar qiymatdagi tabiiy hamda sun’iy gaz eksport qilingan bo‘lib, bu 2020 yilga nisbatan 49,8 foizga ko‘p. Joriy yilda ham gaz eksportining o‘sish sur’ati saqlanib qolmoqda. Jumladan, o‘tgan 10 oy davomida 871,3 mln dollarlik tabiiy va sun’iy gaz gaz eksport qilingan va o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda o‘sish 35,4 foizni tashkil etgan.

Xitoyga gaz yetkazib beruvchi “Asia Trans Gas” MChJga kim egalik qilyapti?

O‘zbek gazi Xitoyga Markaziy Osiyo – Xitoy quvuri orqali yetkaziladi. Bu quvur Turkmanistondan boshlanib, O‘zbekiston va Qozog‘istondan o‘tadi. Quvurlarning O‘zbekistondan o‘tgan qismini “Asia Trans Gas” MChJ QK nazorat qiladi. Tashkil etilgan paytda qo‘shma korxonaning 50 foizi “O‘zbekneftegaz”ga, qolgan 50 foizi Xitoy tarafiga tegishli bo‘lgan.

Hozirda korxona ta’sischilari ulushi to‘g‘risida ma’lumot rasmiy reyestrda ko‘rsatilmagan. Tomonlarning ulushga egaligi o‘zgarganmi, o‘zbek tarafi o‘z ulushini xitoyliklarga o‘tkazganmi yoki teskarisi bo‘lganmi – noma’lum.

Otabek Bakirovga ko‘ra, O‘zbekiston hududidan o‘tadigan va har biri 529 km bo‘lgan uchta parallel trubaning umumiy uzunligi 1587 km. Shu trubalar orqali har yili 40 mlrd kubgacha o‘zbek va turkman gazi transportirovka qilinadi. Kompaniya tashkil etilganidan buyon biror marta tranzit uchun narxlar va kompaniyaning moliyaviy holati borasida ma’lumotlar ochiqlanmagan.

Turkmanistondan Xitoyning Shinjon muxtor viloyatiga, undan Xitoy sharqigacha tortilgan gaz quvuri dunyodagi eng uzun magistral gaz quvuri hisoblanadi. / Xarita: Wikipedia

“Gaz tranziti eng qimmat, bozordan tashqari, yana siyosiy ta’sirlar vositadagi eksklyuziv xizmat hisoblanadi. Masalan, ruslar 1000 kub metr gazni Ukraina hududidan tranzit qilish uchun har 100 kmga 2,66 dollar pul to‘laydi.

Agar Ukraina tranzit tariflari inobatga olinsa, Xitoyga O‘zbekiston hududidan o‘tadigan gaz tranziti uchun har yili 562 mln dollargacha pul ishlab olinayotgan bo‘lishi mumkin”, – deya ta’kidlaydi iqtisodchi.

Tabiiy gaz ishlab chiqarish kamaymoqda, iste’mol esa ko‘paymoqda

Rasmiy statistik ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning yanvar–oktyabr oylarida 43 mlrd 786,9 mln kub metr tabiiy gaz qazib olingan. Taqqoslash uchun, ushbu ko‘rsatkich 2021 yilning mos davrida 44 mlrd 239,6 mln kub metrni tashkil etgan. Gaz qazib olishdagi kamayish 452,7 mln kub metr ekani qayd etilgan.

Energetika vazirligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 2022–2023 yillar kuz-qish mavsumida iste’molchilarga jami 30,6 mlrd kub metr tabiiy gaz yetkazib berilishi rejalashtirilgan. Shundan 10,4 mlrd kub metr hajmda aholi iste’molchilariga va 20,2 mlrd kub metri iqtisodiyot tarmoqlariga yetkaziladi. 2021/22 yillar kuz-qish mavsumida bu ko‘rsatkich 29 mlrd kub metrni, 2020/2021 yillar kuz-qish mavsumida esa 24,9 mlrd kub metrni tashkil qilgan.

Mavzuga oid