Messi yana qutqardi, pley-offning ilk ishtirokchisi aniq
Qatardagi jahon chempionatining yettinchi kunidagi asosiy voqealar, gollar va guruhlarda yuzaga kelgan vaziyat.
Chempionlikka da’vogar sanalgan argentinaliklar, g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, kutilgan o‘yinni namoyish eta olmayapti.
JCh-2022. S guruhi. 1-tur
Argentina — Meksika 2:0
Gollar: Messi (64), Fernandes (87).
Argentina – Martines, Montel (Molina, 63), Otamendi, Martines, Akunya, Di Mariya (Romero, 69), Mak Allister (Palasios, 69), De Paul, Rodriges (Fernandes, 57), Messi, Martines (Alvares, 63).
Meksika – Ochoa, Alvares (Ximenes, 66), Moreno, Arauxo, Montes, Galyardo, Guardado (Guterres, 42), Errera, Chaves, Losano (Alvarado, 73), Vega (Antuna, 66).
Ogohlantirishlar: Arauxo (22), Montel (43), Guterres (50), Errera (66), Alvarado (89).
Mish-mishlar va raddiya
Messining sog‘ligi — bu ma’lumotni yoritish nuqtayi nazaridan juda qiziqarli mavzu. Dastlabki tur arafasida qator manbalar argentinaliklar sardori jarohat tufayli pauza qilgani haqida xabar tarqatishdi. Leoning o‘zi Saudiyaga qarshi o‘yindan oldin bu borada izoh berib, dastlabki jamoaviy mashg‘ulotlarda ishtirok eta olmaganini tasdiqladi va bu profilaktika chorasi bo‘lgani, hozir esa ruhiy va jismoniy jihatdan juda yaxshi holatda ekanini aytdi.
Birinchi tur yangi versiyalarni yuzaga keltirdi. Bu safar uning mushaklarida muammo borligi va yana asosiy guruhdan alohida mashg‘ulot o‘tkazgani muhokama qilindi. Sardor navbatdagi o‘yindan oldingi matbuot anjumanida ishtirok etmadi va bu boradagi savollarga Lionel Skaloni javob qaytarishiga to‘g‘ri keldi, bosh murabbiy qat’iy qilib aytdi: «Bu mish-mishlar qanday tarqalayotganidan bexabarman. Messida barchasi joyida, har doimgidan ham yaxshi. Ham jismonan, ham ruhan. Bu borada hech qanday shubhaga o‘rin yo‘q, unda hech qanaqa muammo yo‘q».
Ammo, nima bo‘lganda ham, sardor Meksika bilan o‘yinda ishtirok etishiga avvalboshdan shubha yo‘q edi. Shuningdek, Saudiya Arabistonidan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin Messi jamoani yig‘ib, xotirjamlikni saqlash va yanada jipslashishga chaqirib, nutq so‘zlagani ma’lum bo‘lgandi.
Qolgani — murabbiyning ishi va Skaloni kutilganidek odatiy 4-3-3 sxemasiga qaytdi. Bu sxemadan voz kechilishini startda maksimal darajada hujumkor futbol o‘ynash istagi bilan izohlash ham, bu sxemada turnirni o‘tkazib yuborayotgan Lo Chelsoning o‘rnini bosa oluvchi futbolchi topilmaganini tan olish sifatida baholash mumkin edi.
Sobiq murabbiyga qarshi
Argentina boshlang‘ich tarkibni e’lon qilganida, kimdir buni «inqilobiy o‘zgarish» deb hisoblagan bo‘lishi ham mumkin. Chunki hal qiluvchi o‘yin startida avvalgi o‘yin bilan solishtirganda besh o‘zgartirish qilingandi, himoyachilar to‘rtligidagi uch futbolchi almashgandi — bu juda ko‘p. Aslida hech qanday ekstraordinar qarorga qo‘l urilmagandi. Aksincha, Akunya, Montiel va Mak Alisterni Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yinda ham maydonga tushishi kutilgandi va o‘shanda argentinalik qator insayderlar shu futbolchilar asosiy tarkib futbolchilari ekanini aytishgandi.
Lisandro Martines birinchi o‘yinda qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ygan Romeroni almashtirdi. Ehtimol, Rodriges tanlovi kutilmagan qaror bo‘lishi mumkin, ammo Skaloni Paredesga muqobil tanlaganda, to‘rt yil Meksikada to‘p surgan tajribali havbekni yosh Enso Fernandesdan ustunroq ko‘rdi. «Atsteklar» boshqaruvidagi argentinalik mutaxassis, «Barselona» va Argentina termasida ham Messiga ustozlik qilgan Xerardo Martino esa uch markaziy himoyachi bilan o‘yinni boshladi.
«Men qayerda tug‘ilganimni bilaman. Men sizlarga o‘zim tug‘ilgan shifoxonani ham aytishim mumkin, Argentinadagi ona shahrimni ta’riflab berishim mumkin, ammo men Meksika g‘alaba qozonishi uchun uddalab bo‘lmasdek ko‘rinadigan ishlarni ham qilishi kerak», — dedi o‘yindan oldin Martino. U argentinaliklar bilan ikki bor Amerika Kubogi finaliga chiqib yutqazgan, ulardan biridan keyin — 2016 yilda — Messi terma jamoadan ketishini e’lon qilgandi.
Maradona bilan tenglashish
Argentinaning birinchi bo‘limdagi o‘yini yomon taassurot qoldirdi. Jamoa umuman taassurot qoldira olmadi va bir savol yuzaga keldi: so‘nggi yillarda ajoyib futbol namoyish etib kelgan va Qatardagi turnir favoritlaridan biri sifatida ko‘rilgan jamoa qayoqqa yo‘qoldi?
Ha, meksikaliklar o‘zining beshinchi jahon chempionatida ishtirok etgan va birinchi bo‘lim oxirida jarohat olib, almashtirilgan Guardado bilan maydon markazi va qanotlarni yopib qo‘ydi. Ha, «atsteklar» follar ishlatishdan tortinmadi. Faqat birinchi turning so‘nggi o‘yinida Serbiya himoyalanib, kuchli raqobat ko‘rsatgan bo‘lsa-da, baribir Braziliyaga qarshi tura olmagandi. Brazillar shunchaki ustunlik qilishgandi. Argentina bilan nima bo‘ldi? Birinchi 45 daqiqada atigi bitta noaniq zarba berildi. Tan olish kerak, jamoa to‘pga egalik qilish bo‘yicha ikki karra ustunlikka erishdi, ammo bu aldamchi ko‘rsatkich, chunki jamoa futbolchilari asosan maydon markazida yoki maydonning o‘z darvozasi joylashgan qismida to‘p bilan ko‘proq muomala qildi.
Messi jahon chempionatlarida o‘tkazilgan o‘yinlar soni bo‘yicha Diyego Maradona bilan tenglashdi (21 o‘yin). Ammo u o‘zi uchun sevimli bo‘lgan nuqtadan jarima zarbasini juda ishonchsiz ijro etdi, uning zarbasidan keyin to‘p tribuna sari ketdi, meksikaliklar hujumchisi Vega esa shunday vaziyatda Emiliano Martinesni qahramonlik ko‘rsatishga majbur etdi.
Ammo shu o‘rinda Martinoning bir gapi yodga keladi: «Ba’zida Messi uchun 90 daqiqalik o‘yinda barchasini hal etish uchun besh daqiqa yetarli bo‘ladi»! Shanba kuni Leoga jarima maydoni tashqarisida Di Mariyadan pas qabul qilib, sehrgar Ochoaga hech qanday imkon qoldirmagan holda, to‘pni darvozaning quyi burchagiga aniq yo‘naltirish uchun bir necha soniya kifoya qildi.
Endi sayyora miqyosidagi birinchilikda uning gollari soni Maradonaniki bilan tenglashdi — 8 tadan. Ammo unga tenglashish uchun sovrin yutish kerak, Argentina esa ochiqchasiga yomon o‘yin ko‘rsatmoqda. Balki ilk g‘alabadan keyin nimadir o‘zgarar? Zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Enso Fernandesning Messining pasidan keyin urgan chiroyli goli esa Amerika chempionlariga nihoyat xotirjam harakat qila boshlagani belgisi bo‘ldi.
Polsha Saudiya Arabistoni ustidan qiyin g‘alabaga erishdi. Darvozabon Shchensni JChning eng yaxshi seyvini ijro etdi
JCh-2022. S guruhi. 2-tur
Polsha – Saudiya Arabistoni 2:0
Gollar: 1:0 – 39 Zelinski, 2:0 – 82 Levandovski.
Polsha – Shchensni, Kesh, Glik, Kiver, Bereshinski, Zelinski (Kaminski, 63), Frankovski, Krixovyak, Belik, Levandovski, Milik (Pyontek, 71).
Saudiya Arabistoni – Al-Ovays, Abdulhamid, Al-Bulayxi, Al-Amri, Al-Bureyk (Al-G‘anam, 65), Ad-Dovsari, Kanno, Al-Malki (Al-Obod, 85), An-Naji (Al-Obid, 46), Al-Bureykan, Ash-Shahri (Ad-Dovsari, 86).
Saudiyaliklar Argentinaga qarshi o‘yinda sensatsiya ko‘rsatib, g‘alaba qozongach ham, Leo Messi va kompaniya diqqat markazida qolayotgandi. «Albiselesta» sardori va umuman jamoaga nima bo‘lgani kunning dolzarb masalalaridan biri bo‘lib turgandi.
Arablar esa kiyim almashtirish xonasida olingan videoni tarqatib, e’tiborni o‘ziga qaratishga urindi. Unda bosh murabbiy Erve Renar otashin nutq so‘zlaydi va futbolchilarni uyg‘onishga majburlaydi. «Unda telefoningni ol va Messi bilan yonma-yon turib rasm tushib ol» iborasi hitga aylanib ketdi. Ammo bunday yondashuv yangilik va original emas. To‘rt yil muqaddam fransuzlar kiyim almashtirish xonasidan Pol Pogbaning chog‘lantiruvchi nutqi chiqqan, keyin Jyessi Marshning «Zalsburg»daligida shunday videosi tarqalgan va hokazo.
Saudiya Arabistonining futboldagi chiqishi ham maksimal darajada qiziqarli edi. Arablar Argentinaga qarshi o‘yinning taxminan uchdan ikki qismida maksimal darajada yuqori mudofaa liniyasi bilan harakat qilishdi, bunday taktika esa o‘z joniga qasd qilish bilan barobar edi. VAR va ofsaydni qayd etishning yarimavtomat tizimi borligi ularning omadi edi, aks holda tanaffusga qadar hisob yiriklashib ketgan bo‘lardi. Ikkinchi bo‘lim o‘rtalaridan saudiyaliklar quyi blokda himoyalana boshladi, ammo baribir jarima maydoniga qamalib olishmadi.
Polsha esa Meksikaga qarshi kechgan birinchi o‘yinda juda ehtiyotkorlik bilan harakatlangandi. Polyaklar himoyada olti kishi bo‘lib olgan pallalar ham bo‘ldi, hujumda esa «Robert Levandovskida kichik imkoniyat bo‘lishi bilan, u bundan foydalanadi» g‘oyasi bilan o‘ynashdi. Va bu qariyb ish bergandi, ammo Gilermo Ochoa «Barselona» forvardi o‘zi ishlagan va ijro etgan penaltini qaytargandi.
Shu tufayli, Saudiya Arabistoni va Polsha o‘zaro o‘yinda qanday ko‘rinishi qiziq edi. Yana bir muhim savol saudiyaliklar o‘zlarining ulkan muvaffaqiyati hissiyotlaridan qanday chiqib keta olishi bilan bog‘liq edi. Maydonda ma’lum bo‘ldiki, ularda bu borada muammo bo‘lmagan. Arablar faollik bilan pressing va qarshi pressing qo‘llagan holda o‘ynay olishi, to‘pga egalik qilishi mumkinligini ko‘rsatishdi. Polyaklar esa 4-4-2 sxemasida joylashgan (hujum juftligini Levandovski va Arkadiush Milik tashkil qilishdi) bo‘lishsa-da, amalda Meksika bilan o‘tgan o‘yinni davom ettirishdi, ular raqib tomonidan bu qadar hujumkorlikka tayyor bo‘lmagandi. Yevropaliklar ilk 20 daqiqada olgan uch sariq kartochka — vaziyatni ifodalab beruvchi statistika.
Ammo Polsha o‘z imkonini topdi va undan foydalandi. Bu Belgiya — Kanada uchrashuvidagi kabi bo‘ldi, o‘sha o‘yinda ham nominal anderdog faolroq harakat qilgan va muxlislar simpatiyasini uyg‘otgan, keyin esa tajribaliroq bo‘lgan raqib minimal xatodan foydalanib, jazolagandi. O‘xshashlikni saudiyaliklar aniq ijro eta olmagan penalti ham kuchaytiradi. Biroz shubhali vaziyatda belgilangan penaltini polyaklar posboni Voysex Shchensni hozircha 2022 yilgi jahon chempionatining eng yaxshi seyvini namoyish etgan holda to‘sdi, u nafaqat arablarning asosiy yulduzi Salim Ad-Dovsarining zarbasini, balki qaytgan to‘pga berilgan zarbani ham qaytardi.
Tanaffusda Renar yana motivatorlik qobiliyatini namoyish etdi va Saudiya Arabistoni ikkinchi bo‘limni ham juda tetik boshladi, bir qancha xavfli vaziyatlar yaratildi, umuman olganda bu kartina o‘yin oxiriga qadar saqlanib turdi. Ammo saudiyaliklar o‘z imkoniyatlarini yo‘qqa chiqaravergach, 60-daqiqalardan keyin Polsha yoki g‘alabani saqlab qolishi yoki raqibni yana jazolashi mumkinligi haqida hissiyot paydo bo‘ldi. Bunday ssenariy ro‘y berishi yaqqol ko‘rinib turgandi va 82-daqiqada amalga oshdi, Levandovski jarima maydoni oldida qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ygan Abdulla Al-Malkini jazolagan holda, jahon chempionatlaridagi ilk golini urdi.
Endi pley-offga chiqish uchun Polshaga guruh bosqichining so‘nggi turida Argentinaga qarshi o‘yinda durang qayd etish ham yetarli bo‘ladi. Va polyaklar o‘sha o‘yinda qanday harakat qilishi hozirdan ma’lum deyish mumkin: himoyalanishadi, sabr qilishadi va o‘z imkonini kutishadi. Bu jamoa hozirda chempionatning eng zerikarli o‘yin ko‘rsatayotgan jamoalaridan biri bo‘lib turibdi.
Mbappe qoyilmaqom o‘ynamoqda. U Fransiyani pley-offga olib chiqdi va «Oltin to‘p» uchun katta qadam tashladi
JCh-2022. D guruhi. 2-tur
Fransiya – Daniya 2:1
Gollar: 1:0 – 61 Mbappe, 1:1 – 68 Kristensen, 2:1 – 86 Mbappe.
Fransiya – Loris, Kunde, Varan (Konate, 75), Upamekano, Ernandes, Rabo, Tchuameni, Jiru (Tyuram, 63), Grizmann, Dembele (Koman, 75), Mbappe.
Daniya – Shmeyxel, Kristensen, Kristensen, Andersen, Nelsson, Mele, Eriksen, Xeyberg, Damsgor (Dolberg, 73), Lindstrem (Nergor, 85), Kornelius (Breytueyt, 46).
Ogohlantirishlar: Kristensen (20), Kornelius (23), Kunde (43).
Ckandinavlarning ustunligi
To‘rt yil oldin ham Fransiya va Daniya jahon chempionati guruh bosqichida o‘zaro o‘ynagan va bu o‘sha chempionatdagi yagona golsiz durang bo‘lgandi. Qatarda golsiz o‘yinlar soni allaqachon beshtaga yetdi va ulardan biri skandinavlar ishtirokida bo‘ldi — birinchi turda Yevro-2020 yarimfinalchilari kutilmaganda Tunis bilan ochkolarni bo‘lishib olgan va o‘zini noqulay holatga tushirib qo‘ygandi. Bu xatoni tuzatish uchun Kasper Yulmann jamoasi jahon chempionlarini yengishi shart edi.
Bu vazifa qiyin emasdek ko‘rindi. So‘nggi yarim yilda Daniya Fransiyani ikki bor mag‘lub etgan, bu rasmiy o‘yinlarda ro‘y bergan — ular Millatlar Ligasida ham bir guruhdan joy olishgandi va skandinavlar ikki o‘yinda ham ustun kelishgandi. Dide Desham jamoasi bu mag‘lubiyatlar tufayli A divizionni tark etishiga bir baxya qolgan va jahon chempionatiga jarohatlardan eng ko‘p jabr ko‘rgan top-jamoa sifatida tashrif buyurdi. Bunday vaziyatda Daniya bilan o‘yindagi imkoniyatlar kamida teng ko‘rinardi.
Tarkibdagi jiddiy o‘zgarishlar
Millatlar ligasida Fransiya uch markaziy himoyachini nazarda tutuvchi sxemada harakatlangandi, ammo jahon chempionatida Desham 4-3-1-2 sxemasini asosiysi qilib tanladi. Xuddi 2018 yilgi jahon chempionatidagi kabi. Uni birinchi o‘yinda Lyuk Ernandes og‘ir jarohat olib, safdan chiqishi ham bu fikrdan qaytara olmadi. Endi uning ukasi Teoga terma jamoa chap qanotida muqobil variant yo‘q va bu juda xavfli. Ammo Desham, aftidan, mudofaaning o‘ng qanotidagi vaziyat yanada yomonroq deb hisoblamoqda — u kutilmaganda Pavara va Konateni Kunde va Varanga almashtirdi. Ya’ni Daniyaga qarshi o‘yindan oldin fransuzlar o‘tgan o‘yinda mudofaa chizig‘ida startda bo‘lgan to‘rt futbolchidan uch nafarini o‘zgartirdi, faqat Upamekanoga tegilmadi.
Yulmann esa hujum chizig‘i harakatlaridan qoniqmaganini ko‘rsatdi — Tunis bilan o‘yinda harakatlangan hujum uchligi to‘liq almashdi. Eriksen orqaroqqa o‘tdi, oldinda esa afrikaliklarga qarshi ilk daqiqalardan harakat qilmagan Damsgor, Lindstrem va Kornelius tushishdi.
Pressingdan voz kechish
Ammo daniyaliklar hujumi kuchayib qolmadi. Skandinavlar ilk zarbani faqat 36-daqiqada berishdi, bungacha darvoza sari faqat Fransiya zarba yo‘llayotgandi. Amaldagi jahon chempionlari to‘pni nazorat qilishga intilmadi, ammo Desham jamoasi individual mahorat evaziga tezlikni kuchaytirib, qator vaziyatlarga ega bo‘lishdi. Jiru ham, Grizmann ham, Dembele va Rabo ham gol urishi mumkin edi. Mbappe esa dastlabki 40 daqiqada deyarli ko‘rinmadi va faqat birinchi bo‘lim oxiriga kelib yaxshi imkoniyatga ega bo‘ldi, ammo uning zarbasi biroz yuqoridan ketdi.
Bu o‘yin bir necha xususiyatlari bilan ajralib turadi. Birinchidan, yuqorida aytilgan o‘yin davomida sur’atning keskin oshishi, Fransiya bundan foydalandi. Ikkinchidan, Daniyaning hujumdagi passivligi. Uchinchi band esa ikki jamoaga ham taalluqli — ular pressingdan butkul voz kechishdi. Zamonaviy futbol uchun esa bu juda hayratlanarli holat, chunki jamoalar raqibni ancha oldinroqda qarshi olishga odatlangan. Ammo bu yerda himoyachilar o‘z jarima maydonlari atrofida hech qanday qarshilikka uchramay, to‘pni bir-biriga oshirishdi — forvardlar faqat markaziy doira atrofida pressingga kirishishdi va shunda ham u qadar tajovuzkorlik ko‘rsatilmadi. Fransiya shusiz ham o‘zini ajoyib his qilgan bo‘lsa, daniyaliklarning bunday vaziyatdagi ehtiyotkorligi biroz ajablanarli — ular markaziy o‘q atrofida son jihatdan biroz ustunlikka egaligidan foydalanib, agressivroq harakatlanishi mumkin edi.
Skadinavlarning uyg‘onishi
Daniya jahon chempionatida uchinchi bo‘limni ham muvaffaqiyatsiz o‘tkazdi, shu tufayli Yulmann yana futbolchilarning joylashuvini o‘zgartirib tashlashga qaror qildi — Kornelius o‘rniga Breytueyt chiqdi. Skandinavlarning hujumlari tetiklashdi, lekin golni fransuzlar urishdi. Mbappe uchun bu faoliyatidagi eng yaxshi o‘yini emasligi aniq, u qariyb bir soat davomida o‘z imkoniyatlarining faqat 50 foizini ishga soldi. Ammo kerakli pallada Kilian porladi va Teo Ernandes bilan devor uslubida o‘ynab, hisobni ochdi.
Fransiya haqli ravishda o‘z golini urdi va o‘yin mantig‘iga ko‘ra himoyaga qaytib, butkul qarshi hujumlarga e’tibor qaratishi kerak edi. Ammo Yevro yarimfinalchilari birdaniga uyg‘onishdi, ularni standart vaziyatlar uyg‘otdi. Birinchi bo‘limda daniyaliklar biror marta burchak zarbasini ijro etishmagandi, tanaffusdan keyin esa bu tez-tez ro‘y bera boshladi. Bu vaziyatlardan biri golga olib keldi: Eriksen to‘pni oshirib berdi, Andersen uzatmani zarba berish uchun qulaylashtirdi, Kristensen hisobni tenglashtirdi.
Shiddatli Mbappe
Daniyaliklar o‘yinini kuchaytirdi, ammo kech bo‘lgandi. Ular faqat 60-daqiqadan keyin bir yarim yil muqaddam futbol muxlislari qalbidan joy egallagan jamoani yodga soluvchi harakatlarni amalga oshira boshladi. Vaziyatlar ham yuzaga keldi: Lindstrem jamoani hisobda oldinga olib chiqish uchun juda zo‘r imkoniyatga ega bo‘lgandi, ammo Loris «Uchranglilar»ni qutqardi. O‘yinning bu qismida Fransiya chinakamiga ojiz qolgandi va boshqa gol o‘tkazmagani ularning omadi edi.
O‘yin oxirida fransuzlar yana tashabbusni qo‘lga olishdi va baribir Daniyani taslim etishdi. Yana Mbappe diqqat markazida — uning himoyachilar ortida ochilishi Fransiyani yana hisobda oldinga olib chiqdi va jamoa g‘alabani saqlab qoldi.
Kilian uchun bu juda muhim dubl bo‘ldi. U 2022 yilda klub va milliy jamoa safida 50+ gol urgan birinchi futbolchiga aylandi. Jamoa esa 1/8 final yo‘llanmasini naqd qildi — so‘nggi 3 ta mundialda amaldagi chempion guruhdan chiqa olmayotgandi, Fransiya noxush an’anani buzdi.
Daniya esa — turnirni tark etish yoqasiga kelib qoldi.
Tunisliklar hali birorta gol urishmadi va amalda guruhdan chiqish imkonini yo‘qotdi. Jahon chempionatlarida 12 yildan buyon g‘alaba qilmagan Avstraliya endi Daniya bilan pley-off uchun kurashadi
JCh-2022. 2-tur. D guruhi
Tunis — Avstraliya 0:1
Gol: Dyuk (23).
Tunis – Damen, Dreger (Sassi, 46), Merya, Bronn (Keshrida, 73), Talbi, Abdi, Sliti, Sxiri, Layduni (Hazri, 67), Msakni, Jyebali (Henissi, 73).
Avstraliya – Rayan, Karachich (Degenek, 75), Suttar, Roulz, Bexich, Muy, Irvayn, Makgri (Xrustich, 64), Lekki, Dyuk (Maklaren, 64), Gudvin.
Ogohlantirishlar: Layduni (26), Abdi (64).
Yirik turnirlarda ikkinchi tur deyarli hamisha eng qiziqarlisi bo‘ladi. Birinchi turdan oldingi hayajonlar endi xalal bermaydi, natija ko‘rsatish zarurati paydo bo‘lgani esa kamida hujumkor futbol namoyish etishga undaydi. Aytish mumkinki, Avstraliya va Tunisda birinchi turda bu borada barchasi joyida edi, Yashil qit’a vakillari jahon chempionlari fonida biroz sodda ko‘ringan bo‘lsa-da, jarima maydoniga qamalib olmasdan, dadilroq harakat qildi.
Tunis qishda bo‘lib o‘tgan Afrika Kubogida yomon taassurot qoldirmagandi. O‘sha turnirda «Karfagen burgutlari»ning ustunligi yaxshi tashkillashtirilgan o‘yin bo‘lgandi va buning evaziga nomdor futbolchilar jamlangan, ammo o‘yini oldindan o‘qilgan Nigeriya pley-offdan chiqarib yuborildi. Shu bilan birga, o‘sha o‘yinda jamoani koronavirusga chalingani uchun Monder Kebayyer boshqara olmagan, uning o‘rniga yordamchisi Jalol Qadri ishlagandi. Chorakfinaldagi mag‘lubiyatdan keyin esa milliy jamoa boshqaruvi aynan ushbu 50 yoshli mutaxassisga topshirildi.
Bu yurish to‘g‘ri bo‘lib chiqdi, «urgutlar» saralash turniri o‘tish bosqichida Mali to‘sig‘idan o‘tishdi, Qatarda esa favorit Daniyaga qarshi munosib o‘yin o‘tkazishdi. Aytish mumkinki, afrikaliklar hujumkorlikda Yevropa vakillaridan yaxshiroq ko‘rinishgandi. Faqat ko‘pincha shunday bo‘ladiki, biror jamoa favoritga qarshi ajoyib o‘yin o‘tkazadi, keyin taxminan o‘z darajasidagi boshqa raqib qarshisida nima qilishini bilmay, o‘z o‘yinini yo‘qotib qo‘yadi.
Baribir himoyadan tezkor chiqib ketish bilan tashabbusni qo‘lga olgan holda o‘ynash o‘rtasida katta farq bor. Shanba kuni avstraliyaliklar afrikaliklarga erkin harakatlanish uchun bo‘shliqlar qoldirishmadi, raqib hujumlarini matonat bilan qabul qildi va tezkor qarshi hujumlarga chiqishdi. Birinchi 45 daqiqa ichida Tunis ega bo‘lgan yagona xavfli vaziyat Msaknini zarba berish holatiga chiqarish bo‘ldi, ammo u bir necha metr masofadan turib aniq zarba yo‘llay olmadi.
Birinchi bo‘lim o‘rtalarida Dyuk hujumdagi samaradorlik qanday bo‘lishini namoyish etib berdi, u Gudvinning krossidan keyin mahorat bilan zarba yo‘llab, to‘pni boshi bilan darvozaning olis burchagiga joyladi.
Tunis esa avstraliyaliklar mudofaasida zaif nuqtani topa olmagach, murabbiylar shtabi jamoaning eng taniqli yulduzi Hazriga murojaat etishdi. Hujum chizig‘i markazida ham o‘ynashi mumkin bo‘lgan bu universal futbolchi tunisliklarning o‘tgan turdagi eng yaxshi futbolchisi bo‘lgan Laydunini almashtirdi.
Ammo bu o‘zgarish ham, o‘yinga ta’sir qilish uchun boshqa vositalar ham amalda ish bermadi. «Sokkeruz» esa ustunlikni mustahkamlashga yaqin keldi, ammo Leki bo‘sh darvoza qarshisiga uzatilgan pasni golga aylantira olmadi. «Burgutlar» o‘yinni kuchaytira olishmadi va avstraliyaliklar devoridan o‘ta olmadi. Shimoliy Afrika davlati jamoasining pley-offga chiqish imkoniyati nolga yaqin, 12 yillik tanaffusdan keyin jahon chempionatida yana g‘alabali o‘yin o‘tkazgan Avstraliya esa guruhdan chiqish uchun Daniya bilan bellashadi.
Mavzuga oid
14:08 / 03.11.2024
MLSdagi omadli mavsum, JCh-2026 masalasi va futboldan keyingi faoliyat – Messi Romanoga katta intervyu berdi
13:29 / 16.10.2024
Messida het-trik va ikki uzatma, Braziliya o‘ynay boshladi. Konmebolda JCh saralashi
09:14 / 15.07.2024
Argentina 16-bor Amerika Kubogida g‘olib bo‘lib, mutlaq rekordchiga aylandi
15:23 / 10.07.2024