Jahon | 14:26 / 28.11.2022
11342
3 daqiqa o‘qiladi

Eronda mamlakat yetakchisi Ali Xomanaiyning jiyani hibsga olindi

Oyatulloh Ali Xomanaiyning qarindoshi Faride Moradxoniy dunyo hamjamiyatiga Eron hukumati bilan aloqalarni uzishga chaqirgan videomurojaatini yozganidan so‘ng hibsga olindi. Bu haqda uning ukasi ma’lum qildi.

Foto: CNN

Eronning oliy rahbari va yetakchisi oyatulloh Ali Xomanaiyning jiyani Faride Moradxoniy jahon hamjamiyatini mamlakat rasmiylari bilan barcha aloqalarni uzishga chaqirganidan so‘ng hibsga olindi. Bu haqda 27 noyabr, yakshanba kuni Amerikaning CNN telekanali hamda Reuters va AFP agentliklari Moradxoniyning ukasiga tayanib xabar berdi. 

Fransiyada yashovchi erkakning so‘zlariga ko‘ra, u o‘z singlisi qamoqqa olinganidan keyin u oldindan yozib olgan videoni e’lon qilgan. Moradxoniy o‘z murojaatida Eron hukumatini «qonli va go‘daklarni o‘ldiradigan rejim» deb atadi va odamlarni hukumatlaridan u bilan barcha aloqalarni uzishni talab qilishga chaqirdi. 

«Ozod odamlar, biz bilan bo‘ling va hukumatlaringizga ayting, bu qonli va go‘daklarni o‘ldiradigan rejimni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatish kerak. Bu rejim o‘zining hech bir diniy tamoyillariga sodiq emas va kuch ishlatishdan boshqa qonun va qoidalarni bilmaydi hamda har qanday yo‘l bilan o‘z hokimiyatini saqlab qoladi». - dedi Moradxoniy. Murojaatda video aynan qachon yozib olingani aniq emas. 

Mahmud Moradxoniyning so‘zlariga ko‘ra, uning singlisi 23 noyabr kuni prokuraturaga chaqirilganda hibsga olingan. Faride va Mahmud Moradxoniy oliy yetakchi Badri Husayniy Xomanaiyning singlisiga turmushga uylangan ulamo va muxolifatchi Ali Tehroniyning farzandlaridir. Tehroniy oktabr oyida vafot etgan. 

Eronda ommaviy norozilik namoyishlari sentabr oxiridan beri davom etmoqda. Ularning boshlanishiga politsiya tomonidan qo‘lga olingan 22 yoshli Mahsa Aminiyning o‘limi sabab bo‘ldi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, qiz politsiya mashinasida kaltaklangan, shundan so‘ng u komaga tushgan va vafot etgan. 

Eron rasmiylariga ko‘ra, Aminiy «to‘satdan yuragi to‘xtab qolishidan» vafot etgan. Qarindoshlari qizning sog‘lom bo‘lganini va yuragida hech qanday muammo bo‘lmaganini ta’kidlamoqda. 

Mahsaning vafotidan keyin butun mamlakat bo‘ylab rejimga qarshi harakatlar boshlandi. Eron hukumati ularni qattiq bostirdi. Iran Human Righs (IHR) tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishlar paytida kamida 378 kishi, jumladan 47 bola halok bo‘lgan. Hengaw inson huquqlari guruhining da’vo qilishicha, so‘nggi kunlarda Eron xavfsizlik kuchlari «namoyishchilarga qarshi hujumlarda halokatli qurollardan foydalanishni sezilarli darajada oshirgan».   

Ko‘chaga chiqqan odamlarni Qatarda bo‘lib o‘tayotgan jahon chempionatining birinchi o‘yinida milliy madhiyani kuylamagan Eron futbol jamoasi ham qo‘llab-quvvatladi. 

Mavzuga oid