O‘zbekiston | 16:31 / 29.11.2022
16791
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston AQSh bilan faol siyosiy muloqotni davom ettirishini bildirdi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida AQSh va Ukraina elchilari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Furqat Siddiqov va Jonatan Henik / Foto: TIV matbuot xizmati

Bugun, 29 noyabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Furqat Siddiqov AQShning O‘zbekistonga yangi tayinlangan favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Henikni qabul qildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston-Amerika strategik sheriklik munosabatlarining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari ko‘rib chiqildi, tomonlarning faol va konstruktiv siyosiy muloqotni davom ettirishga tayyorligi qayd etildi.

“Rejalashtirilgan tadbirlar, jumladan, O‘zbekiston va AQSh Strategik sheriklik muloqotining navbatdagi yig‘ilishi bilan bog‘liq tashkiliy va mazmunli jihatlar muhokama qilindi. Savdo, investitsiya, innovatsiya, qishloq xo‘jaligi, energetika va boshqa sohalardagi aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi”, – deyiladi TIV xabarida.

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) O‘zbekistondagi missiyasi direktori Mikela Meredit ham ishtirok etgan uchrashuvda elchi AQSh ma’muriyati O‘zbekistonga moliyaviy-texnik ko‘mak berish va pandemiyaga qarshi kurashda yordam ko‘rsatish davom etishini bildirgan.

Shuningdek, mintaqaviy hamkorlik masalalari va Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashilgan.

Ukraina elchisi Nikolay Doroshenko bilan muloqot / Foto: TIV matbuot xizmati

Shu kuni O‘zbekiston tashqi siyosat idorasida yana bir uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Bahrom A’loyev Ukrainaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Nikolay Doroshenkoni qabul qildi.

TIV matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, uchrashuvda turli sohalardagi O‘zbekiston-Ukraina hamkorligining dolzarb masalalari muhokama qilingan. Savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, ikki mamlakat biznes sub’yektlariga o‘zaro asnoda imtiyoz va preferensiyalar berish istiqbollari yuzasidan fikr almashilgan.

Avvalroq, TIVda Rossiya, Fransiya, Qozog‘iston, Belarus va Qirg‘iziston elchilari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tgan edi.

Mavzuga oid