Jahon | 07:32 / 01.12.2022
6622
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya parlamenti Golodomorni Ukraina xalqi genotsidi sifatida tan oldi

Germaniya parlamenti rezolyutsiyasi matni 26 noyabrda Ukrainada nishonlanadigan Golodomor qurbonlarini xotirlash kuni bilan kelishilgan. Turli partiyalarning nemis deputatlari Ukrainaning butun hududi Golodomordan aziyat chekkanini ta’kidladilar.

Foto: currenttime.tv

Germaniya Bundestagi deputatlari 30 noyabr, chorshanba kuni kechqurun Ukrainadagi Golodomorni ukrain xalqining genotsidi sifatida tan oldi. Sotsial-demokratlar, «yashillar», erkin demokratlar va XDS/XSS xristian partiyalari vakillari tomonidan ishlab chiqilgan tegishli rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatlash uchun parlament a’zolarining ko‘pchiligi ovoz berdi. So‘l partiya fraksiyalari va o‘ng qanot populistik «Germaniya uchun muqobillar» partiyasi ovoz berishda betaraf qoldi.

«Golodomor totalitar tizimlarning mizantropik jinoyatlari ro‘yxatiga kiradi, buning natijasida 20-asrning birinchi yarmida Yevropada millionlab odamlar halok bo‘ldi. Nafaqat g‘alla hududlari, balki butun Ukraina ochlikdan aziyat chekdi. Bugungi kun nuqtayi nazaridan, bu tarixiy va siyosiy rejada genotsid sifatida belgilanishi kerak», - deyiladi rezolyutsiyada.

Ukrainaning Germaniyadagi elchisi Oleksiy Makeyev Golodomor bo‘yicha Bundestag rezolyutsiyasini «ukrainaliklar ko‘p yillardan beri kutayotgan o‘ta muhim qaror» deb atadi. «Men ham bugun Germaniya Bundestagidagi barcha demokratik partiyalar ushbu qaror uchun ovoz berganidan va bu matn koalitsiya yoki muxolifat bo‘lishidan qat’i nazar, kelishilganidan juda xursandman. Chunki butun Germaniya Ukrainani qo‘llab-quvvatlashi kerak», - dedi Makeyev DW bilan suhbatda. Shu bilan birga, u «bundestagning bugun ushbu qaror uchun ovoz bergan har bir a’zosiga» va «bundestag deputatlari vakili bo‘lgan har bir Germaniya fuqarosiga» minnatdorchilik bildirdi.

SSSRda Iosif Stalin hukmronligi davrida amalga oshirilgan qishloq xo‘jaligini majburiy kollektivlashtirish natijasida 1932-33 yillarda mamlakatda ommaviy ocharchilik yuzaga keldi, millionlab odamlar uning qurboni bo‘ldi. Ukraina nuqtayi nazaridan, bu falokat Sovet Ittifoqi rahbariyati tomonidan ataylab qo‘zg‘atilgan.

Golodomor uzoq vaqtdan beri Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi asosiy bahs mavzusi bo‘lib kelgan. Moskva Kiyevning yirik ocharchilik qurboni faqat ukrainaliklar bo‘lgan degan fikrini rad etib, Markaziy Osiyo va Rossiyadagi millionlab odamlar ham ocharchilikdan jabr ko‘rganini da’vo qiladi.

Mavzuga oid