“Raqobatni shakllantirish imkoniyati yo‘q” – Aksilmonopol qo‘mita UzIMEI borasida munosabat bildirdi
Aksilmonopol qo‘mita UzIMEI, radarlar va “prava” berish kabi davlat funksiyalarining davlat yoki xususiy kompaniyalarga berilishi raqobat muhitiga mos yoki mos emasligi borasidagi xulosalarini ma’lum qildi.
2022 yilning 16 may kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi raisi Kun.uz muxbirining qo‘mita har bir telefon uchun undirilayotgan 54 ming so‘mlik to‘lov kalkulyatsiyasi borasida tekshiruv o‘tkazishi ehtimoli bo‘yicha savoliga javob bergandi.
Qo‘mita raisi Shohrux Shorahmedov UzIMEI va shunga o‘xshash holatlar (yagona imtihon markazi, radarlar) kun tartibidagi murakkab masala bo‘lib qolayotganini ta’kidlagandi.
“Radarni auksionda berish, UzIMEI’ni ro‘yxatdan o‘tkazish yoki “prava” berish tadbirkorlik faoliyati emas, davlatdan ruxsatnoma berish jarayoni. Shuning uchun davlat funksiyasi boshqa korxonalarga berilishini nazorat qilish bizning qonunimizga mosmi, uni nazorat qilish vakolatimizga kiradimi yoki boshqa organning vakolatimi, ishlar to‘g‘ri amalga oshirilmoqdami, xizmatga olinayotgan mablag‘lar to‘g‘rimi, shu kabi metodologik masalalar ustida ishlayapmiz”, - degandi u.
30 noyabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Kun.uz muxbiri qo‘mita mas’ullariga ushbu masalani eslatdi.
Qo‘mita raisi o‘rinbosari Asadulla Qayumovning so‘zlariga ko‘ra, qo‘mita o‘tgan davrda UzIMEI va boshqa davlat funksiyalarning xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga o‘tkazilishi masalasini o‘rganib chiqqan.
“UzIMEI tizimi xo‘jalik yurituvchi sub’yekti tomonidan amalga oshirilgani bilan Vazirlar Mahkamasi qarori bilan qabul qilingan qaror asosida tariflar qat’iy belgilangan. Ya’ni bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizi miqdorida aniq belgilab qo‘yilgan. Xizmat ko‘rsatish reglemanti to‘liq Vazirlar Mahkamasi tomonidan tartibga solingan. Bu yerda raqobat muhitini narx jihatdan ham, sifat jihatdan ham shakllantirish imkoniyati yo‘q”, – dedi u.
Shu sababli u UzIMEI tizimini monopol yoki ustun mavqega ega sub’yekt deyishga qonuniy asos yo‘qligini aytdi. Qayumovning ta’kidlashicha, bu kabi xizmatlarni chorrahalarda kuzatuv tizimlarini joriy qilish masalasida ham ko‘rish mumkin.
“Bunda davlat o‘zining funksiyasini tadbirkorlik sub’yektlariga berish orqali amalga oshiryapti. Birorta chorrahaga qaysi sub’yekt qulayroq shartlar bersa, o‘shani tanlab olish asosida raqobat muhiti shakllanyapti”, – dedi u.
Qo‘mita mas’uli “Yagona imtihon markazi” haqida gapirarkan, ushbu keysda narxlar tartibga solinmagani bois raqobat shakllanishi ehtimoli borligi va markazning raqobat muhitiga ta’sirini o‘rganish 2 yil talab qilishini aytdi.
“(Prava berish) Shu paytgacha davlat funksiyasi bo‘lgan. Davlat funksiyasi bugungi kunda tadbirkorlik sub’yektlariga amalga oshirish uchun o‘tkazilyapti. Toshkent shahri va viloyatida bunday markazlar ochilishni boshladi. Markazlarning UzIMEI’dan farqi narxlar tartibga solinmagan, ya’ni raqobat shakllanish ehtimoli bor. Albatta raqobat muhitiga ta’siri yuzasidan ishlarni boshlaganmiz, ammo hozirgi qonunchilik bo‘yicha sub’yektlarning 2 yillik faoliyatini tahlil qilishimiz kerak. Amaldagi qonunchilik 2 yillik aylanmani tahlil qilishni talab etadi. Biz buni aylanib o‘tolmaymiz”, – dedi u.
Qayumovning qo‘shimcha qilishicha, yangi tahrirdagi “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun bilan ustunlik mavqeyini belgilash mezonlari o‘zgartirilyapti.
“Yangi tahrirdagi qonun loyihasida agar sub’yekt eksklyuziv huquqqa ega bo‘lsa, avtomatik ravishda ustun mavqega egaligi belgilangan”, – dedi u.
Mavzuga oid
08:08 / 07.11.2024
Monopoliyaga qarshi organ roziligisiz davlat ishtirokidagi korxona tashkil etilgan 4 ta holat aniqlandi
14:06 / 26.10.2024
Taom yetkazib berish xizmatlari bozori monopollashdi
19:03 / 15.10.2024
“Raqobat siyosati kerak” – Nobel mukofoti laureati O‘zbekiston iqtisodiyoti haqida
17:00 / 09.10.2024