Jahon | 10:45 / 21.12.2022
9900
3 daqiqa o‘qiladi

AQShda qora tanli ayolni o‘ldirgan politsiyachi 11 yilga qamaldi

2019 yilda politsiyachi qora tanli qizni o‘z uyida o‘g‘ri deb adashib qabul qilib o‘ldirgan. U odam o‘ldirishda aybdor deb topildi.

Aaron Din / Foto: AP

2019 yil oktyabr oyida qora tanli ayolni o‘z uyi derazasidan otib o‘ldirgan Texas politsiyasi sobiq xodimi Aaron Din 11 yil-u 10 oyga qamoq jazosiga hukm qilindi, deb xabar bermoqda NBC 20 dekabr, seshanba kuni.

Sobiq politsiyachi hakamlar hay’ati tomonidan odam o‘ldirishda ayblangan. Shu bilan birga, hakamlar hay’ati 13 soatlik muhokamadan so‘ng uni qasddan odam o‘ldirishda aybdor deb topmadi. Bu ayblov bo‘yicha Dinga umrbod qamoq jazosi berilishi mumkin edi, deb yozadi NBC.

Voqea 2019 yilda sodir bo‘lgan. Ochiq eshikni payqagan qo‘shnilar 28 yoshli qora tanli qiz Atatyana Jyeffersonning uyiga politsiyani chaqirishgan. Dinning oldida o‘rnatilgan kamera videosidan ko‘rinishicha, u fonarcha bilan uy atrofini tekshirayotganda, uy derazasida ayol sharpasini payqagan. Politsiyachi «qo‘llaringizni ko‘rsating» deb qichqirgan, shundan so‘ng deraza ortidagi kishiga qarata bir marta o‘q uzgan.

Jyefferson politsiya chaqirilgan vaqtda jiyani bilan video-o‘yin o‘ynayotgan bo‘lgan, u uydagi havoni almashtirish uchun eshikni ochib qo‘ygan. Ko‘chada shovqin-suronni eshitib va bu politsiya ekanini bilmay, u to‘pponchani olgan hamda deraza oldiga borgan, u yerda esa o‘ldirilgan.

Sud jarayonida Din Jyeffersonning qo‘lidagi qurolni otishdan oldin ko‘rgan yoki ko‘rmaganligi haqida bahs paydo bo‘ldi. Prokurorlar bu haqda hech qanday dalil yo‘qligini aytishdi, ammo Dinning advokatlari u o‘zini himoya qilish uchun o‘q uzganini bildirdi. Sudda Dinning o‘zi uyda bo‘layotgan narsalarni o‘g‘rilik deb qabul qilganini aytdi.

"Men to‘pponchaga to‘g‘ri qarab turgandim, bu to‘pponcha menga qarab burilganini ko‘rib, xizmat qurolimdan bir marta o‘q uzdim", dedi u. Din voqeadan ko‘p o‘tmay, hibsga olinishidan oldin politsiyadan bo‘shagan.

Mavzuga oid