7 nafar sudyaga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Iqtisodiy sudlarning yerga egalik huquqini belgilash bilan bog‘liq ishlarda qabul qilgan 109 ta noqonuniy qarorlari natijasida davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilgan. Bosh prokuraturaning bu haqidagi rasmiy bayonoti ko‘p o‘tmay o‘chirib yuborildi.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi iqtisodiy sudlarda mulk huquqini belgilash bilan bog‘liq ishlar ko‘rilishi amaliyotini o‘rganib, tegishli hisobot e’lon qildi.
O‘rganishlar davomida ma’lum bo‘lishicha, sudlar bu turdagi nizolarni hal etishda ayrim xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan, moddiy va protsessual huquq normalari talablariga to‘liq rioya etmagan.
Xususan, sudlar tomonidan noqonuniy qurilmalarga nisbatan ham mulk huquqini belgilash haqida 109 ta noqonuniy qaror qabul qilingan. Oqibatda umumiy qiymati 30 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan bino va inshootlar boshqa shaxslar nomiga rasmiylashtirilib, davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilgan.
Bosh prokuraturaga ko‘ra, bunday sud qarorlari Toshkent shahrida 65 ta, Toshkent viloyatida 21 ta, Andijon, Jizzax, Namangan viloyatlarida 4 tadan, Buxoro va Farg‘ona viloyatlarida 3 tadan, Qashqadaryoda 2 ta, Samarqand, Surxondaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1 tadan qabul qilingan.
Bundan tashqari, ayrim sudlarda boshqa shaxslarga tegishli bo‘lgan 44 ta obektga nisbatan mulk huquqini belgilash kabi qonunchilikka zid amaliyot ham shakllangan.
“Bunday qonunbuzilishlariga asosan Toshkent shahrida 30 ta, Toshkent viloyatida 4 ta, Farg‘ona viloyatida 3 ta, Qashqadaryo viloyatida 2 ta, Buxoro, Samarqand, Surxondaryo, Jizzax va Namangan viloyatlarida 1 tadan yo‘l qo‘yilgan”, – deyiladi bayonotda.
Ma’lum bo‘lishicha, sudlar birgina Toshkent shahrida 30 ta holatda “Mahalla” xayriya fondiga tegishli bo‘lgan jami 6 383 kv.m. bino-inshootlarni noqonuniy tarzda boshqa shaxslar nomiga mulk huquqi asosida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish majburiyatini yuklagan.
“Bundan tashqari, Iqtisodiy protsessual kodeksining 134-moddasida ko‘ra, sud kelishuv bitimi shartlari qonunchilikka zid bo‘lsa, uning shartlari uchinchi shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lsa hamda u shart asosida tuzilgan bo‘lsa, uni tasdiqlashni rad etishi belgilangan bo‘lsa-da, Toshkent shahar (15), Jizzax (3), Andijon (2), Buxoro, Namangan, Toshkent, Farg‘ona viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (1 tadan) noqonuniy tuzilgan kelishuv bitimlarini tasdiqlash orqali 25 ta o‘zboshimchalik bilan qurilgan qurilmalarga mulk huquqlari berilgan”, – deyiladi Bosh prokuratura axborotida.
Bu kabi qonunbuzilishlariga yo‘l qo‘yilishi oqibatida, ko‘plab o‘zboshimcha qurilgan bino-inshootlar va o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer maydonlaridagi obektlar tadbirkorlar nomiga rasmiylashtirilib, davlat manfaatlariga zarar yetkazilgan.
Shuningdek, Toshkent viloyatida 15 ta, Jizzax va Namangan viloyatlarida 1 tadan holatda noqonuniy sud qarorlari asosida jami 120 gektar qishloq xo‘jaligi yer maydonlari boshqa shaxslar nomiga begonalashtirib yuborilgan.
Keyinroq, Bosh prokuratura matbuot xizmati bu xabarni Telegram-kanalidan ham, rasmiy saytidan ham o‘chirib yubordi.
Bosh prokurorning matbuot kotibi Hayot Shamsuddinovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, bayonotda ayrim ma’lumotlar xato ketgan, ayni vaqtda rasmiy axborot qayta ishlanmoqda.
Kun.uz manbalariga ko‘ra, Sudyalar oliy kengashi qarori bilan 2022 yilda o‘ndan ortiq sudya odil sudlovni amalga oshirish jarayonida qonunchilikni buzgani uchun vazifasidan ozod qilingan. Shuningdek, 7 nafar sudyaga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Avvalroq, Kun.uz Bosh prokuratura tegishli boshqarmasi tomonidan olib borilayotgan dastlabki tergov davrida Jinoyat kodeksining 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va boshqa moddalari bilan ayblanayotgan 3 nafar sobiq sudya ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olinganini xabar qilgan edi. Rasmiylar bu xabarni inkor ham qilmagan, tasdiqlamagan ham.
Mavzuga oid
12:03
Samarqandda maktab o‘quvchisi bir guruh shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilib, zo‘rlandi
22:25 / 12.11.2024
Sud Pop tumani hokimining o‘g‘lini qamoqqa qaytardi
10:16 / 12.11.2024
Farg‘onada tanishini o‘ldirib, uyiga o‘t qo‘ygan ayolga hukm o‘qildi
08:48 / 09.11.2024