Kemerovoda qariyalar uyida yong‘in: 20 dan ortiq kishi halok bo‘ldi
Rossiya FVV Kemerovodagi xususiy qariyalar uyida sodir bo‘lgan yong‘in qurbonlari soni 22 kishini tashkil etayotganini xabar qildi. Dastlabki xabarlarda 13 kishi halok bo‘lgani va yetti kishi bedarak ketgani aytilayotgandi.
Yong‘in tunda yuzaga kelgan. Kemerovoning Tavricheskaya ko‘chasida qariyalar uchun boshpana sifatida jihozlangan ikki qavatli yog‘och bino deyarli butunlay yonib ketgan.
«Interfaks» muxbiri voqea joyidan xabar berishicha, binodan birinchi qavatning metall proflisti qolgan, ikkinchi qavat esa butunlay kulga aylangan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in sababi isitish qozonidagi nosozlik bo‘lgan.
Kuzbass tibbiy falokatlar markazi ma’lumotiga ko‘ra, yana olti kishi yong‘indan jabrlangan.
«Jami olti kishiga tibbiy yordam ko‘rsatildi, shundan to‘rt kishi yonish mahsulotlaridan yengil darajada zaharlangan, ular ambulator sharoitda davolanishga o‘tkazilgan, ikki kishi esa kuyish jarohatlari bilan og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan», deyiladi xabarda.
Fojia joyida xarobalarni tozalash ishlari olib borilmoqda.
Tergov qo‘mitasi «Ehtiyotsizlik oqibatida ikki yoki undan ortiq shaxsning o‘limiga sabab bo‘lish» moddasi bo‘yicha ish qo‘zg‘atdi. Kuzbass regioni rahbari Sergey Tsivilev bu tipdagi barcha muassasalar, birinchi navbatda xususiylari tekshirilishini ma’lum qildi.
Mavzuga oid
12:26 / 06.06.2024
Kemerovoda tramvaylar to‘qnashuvi: bir kishi halok bo‘ldi, 100 dan ortiq kishi jarohatlandi
13:46 / 20.11.2023
Rossiyada Kemerovo viloyati sobiq gubernatori Omon Tuleyev vafot etdi
09:13 / 05.09.2023
Kemerovoda Usmon Nosir haykali ochildi
17:41 / 26.11.2021