AQShda qishki bo‘ron qurbonlari soni ortib bormoqda
Qurbonlarning aksariyati Buffalo shahri va uning atrofidan topilgan. Favqulodda xizmatlar ma’lumotlariga ko‘ra, AQShda qurbonlar soni ortadi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, AQShda qishki bo‘ron oqibatida 30 dan ortiq kishi halok bo‘ldi. Amerika ommaviy axborot vositalari turli ma’lumotlarni keltirmoqda. ABC telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, 25 dekabr, yakshanba oqshomida mamlakatda kamida 39 kishining o‘lim holati qayd etilgan. NBC telekompaniyasi o‘z hisob-kitoblariga tayanib, 41 qurbon haqida xabar bermoqda. Favqulodda xizmatlar ma’lumotlariga ko‘ra, qurbonlar soni ortadi.
OAV xabariga ko‘ra, yomon ob-havo tufayli 12 shtatda: Kolorado, Illinoys, Kanzas, Kentukki, Michigan, Missuri, Nebraska, Nyu-York, Ohayo, Oklaxoma, Tennessi va Viskonsinda odamlar halok bo‘lgan. Eng ko‘p o‘lim Eri ko‘lining sharqiy qirg‘og‘ida joylashgan Buffalo shahrida va uning atrofida qayd etilgan. Nyu-York shtati Eri okrugi ijrochi direktori Mark Polonkarsning Twitter sahifasida xabar berishicha, qurbonlar soni 12 kishiga yetdi.
O‘lganlar uylar, transport vositalari va qor uyumlari ostidan topilgan. Qurbonlarning eng yoshi kattasi 93 yoshda, eng kichigi 26 yoshda. Okrugda avtomobil haydash vaqtinchalik taqiqlangan. Buffalo Niagara xalqaro aeroporti 27 dekabrgacha yopiq.
Rojdestvo dam olish kunlarida AQShda yirik qish bo‘roni sodir bo‘ldi, ko‘plab shtatlar favqulodda holat e’lon qildi. Noqulay ob-havo tufayli yuz minglab xonadonlar elektr energiyasiz qoldi. FlightAware saytiga ko‘ra, mamlakatda 23 dekabrda deyarli 6000 ta, 24 dekabrda 3500 ga yaqin va 25 dekabrda 2400 dan ortiq reyslar bekor qilingan.
AQSh ob-havo xizmati hozirgi yomon ob-havo sharoitini «tarixiy» deb atadi. Ayrim joylarda havo harorati Tselsiy bo‘yicha 48 daraja sovuqqacha pasaydi.
Mavzuga oid
15:44
AQShda jarroh robot videoga qarab operatsiya qilishni o‘rgandi
14:22
AQSh: KXDR askarlari allaqachon Ukrainaga qarshi urushda qatnashmoqda
22:03 / 12.11.2024
AQSh hukumati NUJ bo‘yicha ba’zi ma’lumotlarni oshkor qilishi mumkin
16:55 / 12.11.2024